Shu tariqa, orzu-havaslarga to‘la qizaloq allaqachon o‘z baxtining timsolini yaratib bo‘ladi va shunga intilib yashaydi. Uning o‘z oilasi, mehr-muhabbatga qurilgan ro‘zg‘ori timsolidagi go‘zal orzulari amalga oshirilmaguncha, u kelajagi haqida qo‘rqib, qayg‘urib yashaydi.

Ammo shaxsiy amaliyotimda duch kelganimdek, har doim ham ayol shunday ideal suratdagi orzulariga erishganidan so‘ng ham o‘zini baxtli his qilmaydi. Bir kun kelib, oiladagi munosabatlarida yengib bo‘lmaydigan qiyinchilikka duch kelar ekan, u o‘zining baxti qayerda ekani haqida bosh qotiradi, chunki u hamma narsani “to‘g‘ri” qildi: u yaxshi turmushga chiqdi, shirindan shakar farzandlar dunyoga keltirdi, havas qilgudek ro‘zg‘or qurdi.

Mavlyanova boshida qizil-oq gullar, qora ro‘mol va marjon bilan yashil gulli fon oldida

AYOLLAR NIMADAN AZIYAT CHEKADILAR?

1. Ularning his tuyg‘ulari qabul qilinmasligidan. Bizga bolaligimizdan o‘rgatilmaydigan eng muhim bilimlardan biri – o‘z tabiatimizni anglab yetish, tushunish. Biz, ayollar jismimizdagi gormonal o‘zgarishlarga bevosita bog‘liqmiz. Bunga shuningdek, hissiyotlarimiz ham bog‘liq. Bunday o‘zgarishlar bo‘lganda ularga haddan tashqari ko‘p e‘tibor berish kerak deb hisoblashadi. Ko‘p ayollar bunda o‘zlarini aybdor deb his qiladilar va kayfiyatlari ham tez-tez o‘zgarishini shu gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘laydi. Boz ustiga, aksar hollarda erkaklar ham ayollarini tushunmaydi va ularni ayblaydi. Shunda ayollardagi kompleks yanada kuchayadi.

2. Muvaffaqiyatli ayolning umumiy jamlangan obrazi mavjud bo‘lib, unga erishish oson ish emasligidan. Bu super-uy bekasi, super-ona, super-rafiqa, super-model, jamiyatda o‘z munosib o‘rniga erishgan, kamiga, o‘z pulini o‘zi topadigan superayol obrazidir. Ayollar bu obrazga yengil-yelpi qaraydi va aslida unday super-ayol bu “muvaffaqiyat” nimalar evaziga vujudga kelganini, uning uchun u nimalardan voz kechganini hisobga olishmaydi. O‘zini bunday super-ayol obrazi bilan solishtirganda, albatta, oddiy ayol u bilan raqobatlasha olmaydi.

Mavlyanova to‘q qizil ro‘mol va boshida qizil gullar bilan gullar fonida
Mavlyanova naqshli libosda oq temir o‘rindiqda yashil gulli fon oldida o‘tiribdi

3. Oiladagi o‘zaro munosabatlarda murosaning ahamiyatini tushunib yetmaslikdan. Ayol hech qanday nizolar va kelishmovchiliklar bo‘lmagan ideal munosabatlarning tasvirini chizadi. Ammo ular bir kun kelib duch kelganida, o‘zida nimadir noto‘g‘ri ekanligidan azob chekadi va shuning uchun u baxtli hayot qura olmaydi yoki uning umr yo‘ldoshi ayoliga nisbatan adolatsizlik qiladi va nimanidir unga yetarli darajada bera olmaydi. O‘zaro munosabatlarga shikast yetishi birga bo‘lishdan ko‘ra ajralishga sabab bo‘lishini kamdan kam odam tushunib yetadi.

4. Ayol bu dunyo uning qonun-qoidalari bilan yashashini kutadigan xom-xayoldan aziyat chekadi. Uning orzu-havaslari ko‘p; qandaydir shahzoda kelib, uni hayotning barcha qiyinchiliklaridan xalos qiladi, orzularini amalga oshiradi, degan xayol bilan yashaydi. Bu amalga oshmasa, o‘zidan hafsalasi pir bo‘ladi, ichki dunyosiga qamalib oladi va shu tariqa o‘zi yaratgan komplekslardan aziyat chekishni boshlaydi. U kechikkan orzular va norozilik tuyg‘usi bilan yashashga tushadi.

5. Ayol o‘z umr yo‘ldoshi, qarindoshlari, farzandlari – hamma uchun yaxshi bo‘lishga shunchalik intiladiki, u o‘ziga nisbatan sezgirlikni yo‘qotadi. O‘z imkoniyatlarini, ehtiyojlarini tan olishni bas qiladi, shaxsdan funksiyaga aylanadi. O‘zaro munosabatlarda bunday ayol o‘z sevgilisiga manzur bo‘lishga va shu bilan birga harakat qilib, asliyatini yo‘qotadi va vaqt o‘tishi bilan umr yo‘ldoshining unga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi. Bu mening amaliyotimda juda keng tarqalgan voqelik bo‘lib, muolajalarimizda biz ayolni uning o‘z asliga qaytarish, o‘zini o‘zi qabul qilish va imkoniyatlarini uyg‘otish ustida ishlaymiz.

Mavlyanova boshida qizil gullar, bo‘ynida firuza munchoqlar bilan gullar fonida

BAXTGA ERISHISH UCHUN ODDIY QADAMLAR:

Ayollar, nafaqat kamchiliklaringizni, balki kuchli jihatlaringizni ham payqashni o‘rganing, bu o‘zingizning qadr-qimmatingizni mustahkamlaydi.

Sevgi-muhabbat bilan oila qurish, farzandli bo‘lish juda yaxshi, lekin o‘zingizni ham unutmang, kimdir sizning ehtiyojlaringizni anglab yetishini kutmang, o‘zingiz bu haqda g‘amxo‘rlik qiling. Shuni esda tutingki, ayol durust holatda bo‘lsa, o‘zini yaxshi his qilsa, atrofidagilarining hammasi yaxshi bo‘ladi, uyda sog‘lom muhit hukm suradi.

Va agar siz o‘zingiz, ichki dunyongiz bilan uyg‘un yashasangiz, umr yo‘ldoshingiz bilan ham uyg‘un munosabatlarni saqlab qolish sizga osonroq bo‘ladi.

Mening fikrimcha, ayol uchun baxt – bu yakuniy maqsad emas, bu o‘zingda yaratish va rivojlantirishni o‘rganishing kerak bo‘lgan jarayon.