Aktyorlik san’ati o‘ziga xos murakkabliklarga ega, ayniqsa, o‘rta yoshga yetgan davrda. Bu bosqichda u o‘zining professional yo‘lini qayta ko‘rib chiqadi: yangi obrazlarni yaratish ehtiyoji yuzaga keladi. O‘rta yoshdagi aktyor uchun bu davr ko‘pincha ichki beqarorlik va tashqi o‘zgarishlar bilan birga kechadi. Murakkabliklar bilan yuzlashish, har bir ijodkorni o‘z maqsadlari, imkoniyatlari va kelajagi haqida qayta o‘ylashga majbur qiladi. O‘rta yosh davri aktyor uchun nafaqat inqiroz, balki kamolot va rivojlanish bosqichi sifatida ham qaralishi mumkin. Uzbekistan’s club jurnali xalq sevgan aktyor Adiz Rajabovning bu boradagi hayotiy va ijodiy mulohazalari, xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.
– O‘rta yoshga yaqinlashar ekansiz, siz nimalarni o‘zingizda kuzatdingiz? Nimalarni his qilyapsiz? Bu qanchalik muhim? Yoki bu siz va sizning yoshingizdagilar uchun oddiy hayot bosqichimi?
– O‘rta yoshga yaqinlashganda, vaqt qayta tiklanmaydigan resurs ekanligini to‘liq anglab yetish boshlanadi. Men hayotimga nisbatan boshqacha qarashni his qilyapman. Yoshlikdagi shoshqaloqlik, dag‘allik o‘rniga, har bir harakatim va munosabatlarimni chuqurroq mulohaza qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Erishganlarimga nazar solib, ularni mening ichki missiyamga va boshqalarga qanchalik foydali bo‘lganini o‘ylab ko‘rayapman. Ko‘pgina tengdoshlarimda ham bu jarayon eski qadriyatlarni qayta baholash va yangi ma’no izlash davriga aylandi. Bu oddiy bosqich emas, balki katta ma’suliyat talab qiladigan yangi qarorlar qabul qilish vaqti. O‘rta yosh – o‘ziga, vaqtiga va yaqinlariga nisbatan yanada mas’uliyatli bo‘lish davri. Bu juda muhim palla, chunki vaqt qayta tiklanmaydigan narsa ekanligini anglaysan va uni ikkinchi darajali narsalarga sarflaging kelmaydi.
– Erkak kishi 40 yoshga to‘lgandan keyin uyog‘iga vaqt juda tez o‘tadi, deyishadi? Odamlarda ko‘p ishga ulgurmay qolish hissi paydo bo‘ladimi? Bunda qanday yo‘l tutish kerak?
– Ha, bu his haqiqatan ham paydo bo‘ladi. Inson hayotiga nazar tashlab, ko‘plab maqsadlariga yetib ulgur- maganini anglaydi. Bu esa xavotir va o‘tkazib yuborilgan imkoniyatlar uchun afsusni tug‘diradi. Ammo bu fikrlarni yengish juda muhim. Bunday vaziyatda bugunga e’tibor qaratish va maqsadlarni qayta ko‘rib chiqish lozim. Nimalarga ulgurmaganingdan afsuslanish o‘rniga, hozir nima qilishim mumkin, deb savol berish kerak. Vaqt tez o‘tyapti, lekin shu bilan birga his-tuyg‘ularing yanada aniq, teran bo‘lib shakllanyapti.
Bu donolik yoshi, sen endi o‘zingni turli ishlarga chalg‘itmaysan, balki eng muhimlariga diqqat qaratasan. Ko‘p narsalarga ulgurmaganlik hissi doim bo‘lishi mumkin, lekin bu to‘xtab qolishga sabab bo‘lmasligi, aksincha bu har bir lahzani samarali o‘tkazish uchun motivatsiya bo‘lishi kerak.

– Aktyorlarda o‘rta yosh inqirozi qanday kechadi? Ayni yoshda aktyor na ota, na talaba, na yosh yigit, na qariya-ku... Kino va teatrda ishlayotgan professionallar xayollaridan shu davrda nimalar o‘tadi?
– Aktyor uchun o‘rta yosh noyob bosqich, chunki sen turli rollarning chegarasida turibsan. Endi yosh yigitlar rolini o‘ynolmaysan va hali qariyalar obraziga ham tayyor emassan. Bu albatta o‘ziga ishonchsizlik hissini keltirib chiqarishi mumkin: men endi qanday aktyorman? Ammo aynan shu davrda rollarni chuqur talqin qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ya’ni bu pallada ko‘pchilik o‘z personajlarini qanchalik chuqur tushunishi haqida o‘ylay boshlaydi. Bu nafaqat o‘z rollaringni, balki hayotdagi o‘rningni qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Menimcha, aktyorlar uchun bu yoshda ijodiy faoliyatni qayta baholash va o‘zini ifoda etishning yangi usullarini izlash vaqti keladi. Bu imkoniyatdan qo‘rqmay foydalanish kerak! Balki faqat aktyorlikda emas, rejissura- da, ssenariy yozishda yoki ta’limda o‘zini topish mumkin.
– O‘rta yosh va umuman hayotning turli bosqichlari to‘g‘risida yana nimalarni ayta olasiz?
– Hayotning har bir bosqichi bu Yaratgan tomondan berilgan ne’mat uni o‘sha qiyinchilig-u saboqlari bilan qabul qilishing kerak! O‘rta yosh – bu sen o‘z qadriyatlaring va kuchingni to‘liq anglaydigan vaqt. Bugun yangi yo‘nalishlar uchun energiya ham bor, ammo uni behafsala sarflamaslik uchun donolik ham bor. Hayot bosqichlari – bu yil fasllari kabi, har birining o‘z go‘zalligi bor. Kuz ayrimlar uchun yakundek tuyulishi mumkin, ammo aslida u hosil mavsumi, kamolotning ifodasi va yangi imkoniyatlarga tayyorgarlik bosqichidir.
Iroda NASIMOVA suhbatlashdi.


