Amerikaga tasodifan borib qolmadim. Bu – repning vatani, bu janr aynan shu yerda tug‘ilgan. Rep va hip-hop kuylaydigan odamlarning hammasi Amerikaga borishni umrida bir marta bo‘lsayam orzu qilgan. Xuddi ushu ustalari Shaolindagi monastirga bir bor borib ko‘rishni orzu qilganlaridek. Bir necha marta AQSHda qisqa muddatli safarlarda bo‘ldim, lekin bir kuni u yerda bir yilga qolsam nima bo‘ladi deb o‘yladim, ha, faqat bir yil, undan oshiq emas. Orzularga ergashib, aniq reja tuzmasdan “bor-e tavakkal” dedim va ketdim. Floridada, Nyu-Yorkda, Pensilvaniyadagi do‘stlarimni yo‘qladim. Oxiri Chikagoda joylashishga qaror qildim. Tanishlarim yordamida ofis ishiga joylashdim, yuk tashish kompaniyasida ishlay boshladim. Bir yil ishlayman va qaytaman deb o‘ylagandim. Amerikada barchasi deyarli men kutgandek edi. Agar tinmay mehnat qilsangiz, aqlingizni ishlatsangiz, nimagadir erishish mumkin. Bu “amerikacha orzu” deb ataladi – istagan odamda rivojlanish imkoniyati bor. Ko‘p do‘stlarim kutganidan ko‘prog‘iga erishdi. Ayrimlari o‘solmadi. Aslida butun dunyoda shu – intilsang, ustingda ishlasang, o‘rningni topasan. Odam o‘ziga ishonishi, tinimsiz mehnat qilaverishi kerak.
Safarim men uchun ko‘proq ma’naviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Qo‘shiq aytishni rejalashtirmagan edim, san’atkor sifatida bormagandim. Men yangi hayot boshlash uchun sarguzasht izlab bordim. O‘tmishdagi zohidlarni bilasiz-ku, men ham shunday edim. Hayotni yangidan boshlash xohishi bilan bordim. Menga hamma narsa yoqdi: yangi do‘stlar, yangi hayot, yangi muammolar va quvonchlar, go‘yo o‘z hayotimda emas, kinofilm ichida yashayotgandek edim…

Eng kutilmagan qiyinchilik COVID pandemiyasi bo‘ldi. Uyga qaytishni rejalashtirayotgan edim, lekin dunyoni qamrab olgan virus aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Chikagoda kichkina kvartirada, o‘zim bilan yolg‘iz qoldim. Men uchun eng chidab bo‘lmas narsa farzandlarimdan ayrolik, ularni bag‘rimga bosish, erkalash imkonining yo‘qligi edi. Yolg‘izlikdan aziyat chekdim. Buni ko‘pchilik boshdan o‘tkazgan, shuning uchun tafsilotlariga to‘xtalmayman. Ammo “bizni o‘ldirmaydigan narsa bizni kuchliroq qiladi” deganlaridek, kvartiramga qamalganimda, aqldan ozmaslik uchun yangi albom ustida ishlay boshladim. Bu albom avtomobillar, pul va ayollar haqida emas edi. Birdan hammasi ikkinchi darajaga o‘tgandi. His-tuyg‘ular kuchayib, albom shu paytgacha Toshkentda yozganlarimdan butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi. O‘zim, yaqinlarim, odatiy tuyulgan tushunchalar haqida o‘ylashga vaqtim bo‘ldi. Hozir yangi albomimning nega oldingilarga qaraganda biroz og‘irroq ekanligini tushuntira olmayman – karantin ta’sirimi yoki ulg‘ayishning yangi bosqichi? Faqat bir narsani bilaman – hamma narsa bir kun tugaydi. Cheksiz dard chekib o‘tirishim mumkin. Lekin bundan saboq olishim ham mumkin, aytishganidek, qayg‘u bu – tanlov. Xohla dard chek, xohla tuzal. Barcha qiyinchiliklardan go‘zal albom bilan chiqqanim eng yaxshi tanlovim bo‘ldi.
Menga Vatan hech qachon yuksak, uzoq tushuncha bo‘lib tuyulmagan. Qanchalik balandparvoz eshitilmasin, Vatan doim men bilan birga. Bu haqda bu yerda o‘qigandan ko‘ra, yangi albomimdagi “O‘zbekiston jism-u jon aro” qo‘shig‘imni tinglasangiz, nimani nazarda tutganimni tushunib olasiz.
TILLANISO suhbatlashdi.


