Mohira Mullajonova - o‘zbekistonlik yosh musavvir. Ilg‘or kolleksionerlarning xonadonlari devorida, ko‘rgazmalarda uning asarlarini tanimaslikning iloji yo‘q. Shota Rustaveli va Nukus ko‘chalaridagi uylarning u yaratgan sariqqa yo‘g‘irilgan devorlari, oq ustunlari toshkentlik tas’viriy san’at ixlosmandlari orasida ovoza bo‘lgan. Uning ijodiga mansub xayoliy obrazlar va syurrealistik motivlar ko‘rgazmalarda ishonch bilan savlat to‘kib turadi. 

Uzbekistan’s club jurnali qiziqib ko‘rdi: mo‘yqalam tutib turgan bu insonning ichida kim yashirin? Musavvirning qalbiga nigoh tashlasak, kimni ko‘ramiz? Qiziquvchanligimiz zo‘r kelib, Mohiraning qiyofasini o‘zimiz yaratishga kirishdik. Buning uchun undan bolalik bilan bog‘liq beshta eng yorqin xotirasini yodga olishni so‘radik. Bu shunday xotiralarki, bir marta sodir bo‘ladi-yu tamom, toabad o‘chmaydi. Nega aynan shu xotiralar ekanligiga esa izoh yo‘q. Biz yaratgan portretlarga boqing, so‘ng ko‘zlaringizni yuming-da, xotirangizda bolalikdan abadiy yodgor qolgan, “mahkam o‘rnashgan marvaridlar”ni esga oling.

1-PORTRET. ASALLI RENESSANS 

Ijod har doim jon-u dilim bo‘lgan. Baxtimga, ota-onam kanselyariya mahsulotlari va ijod uchun kerakli anjomlarni doim muhayyo qilish gan. Esingizdami, hamma rastalarda “Gamma” akvarel bo‘yoqlari bo‘lardi. Maktabda ham qaysi o‘quvchining qo‘liga qaramang, nuqul shu bo‘yoq bordek edi. Unga “asalli” deb yozib qo‘yilgandi. O‘ylab o‘yimga yeta olmasdim: nega endi “asalli?” Bola ekanman, shu savol hech tinchlik bermas, hadeb ta’qib qilardi. Va bir kuni nihoyat jur’at qildim: bo‘yoqni tatib ko‘rdim. Haqiqatan ham shirin ekan! Asalli. Geshtalt yopildi. Qizig‘i, ularning nimadan tayyorlanishini haligacha bilmayman. Ichida chindan asal bormikin yoki yo‘q?! 

SIZ-CHI BILASIZMI?

2-PORTRET. PUSHTI TOSHKENT 

Bolaligimdagi eng birinchi, eng yorqin xotira. Toshkentda qish kunlari pushti rangda tovlanadigan osmon. Bolalikda ko‘chada issiqmi, sovuqmi, uncha farqiga boravermaysan. Ota-onang nimani kiy desa, shuni kiyasan, vassalom. Aniq-tiniq yodimda: osmon, ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh. Qorong‘u tusha boshlagan, ammo hali kech kirgani yo‘q. Osmon pushti tusda, yonayotgandek xuddi. Qor gupillayapti, ko‘chada yurib boryapman. Tevarak-atrof qor. Faqat nariroqda bitta yo‘l bor, tagidan issiq suv quvurlari o‘tgan, u yerda odatda qor to‘planmaydi. Ammo o‘sha kuni shu yo‘l ham qor bilan qoplangandi. Tushundimki, ko‘chada qahraton sovuq. Och pushti osmon ostida ketayotgan mening ichimda esa mo‘jiza hissi mavjlanadi. 

SIZ-CHI, HOZIR BAXTLIMISIZ? 

Mohira Mullajonova — Uzbekistan’s Club

3-PORTRET. VHS QULAYLIK 

Bu esa uchinchi eng yorqin xotiram. Oqshom singlim bilan VHS kassetalarida multfilm ko‘rayotgandik. Bu biz uchun haqiqiy mo‘jiza edi! Ammo menga multfilmdan ham ko‘ra ko‘proq kassetalarning hidi yoqardi. Uyimizda qop-qora, xunuk pleyer bo‘lardi. Uning ichidan kassetani olganingda... Uni xuddi tupurgandek chiqarib berardi o‘ziyam. Darrov hidi tutib ketardi. Issiq tasmaning hidi. Qizigan plastik. Yana bu pleyerning ovozi ham juda yoqardi. Orqaga-oldinga aylantirayotganingda chiqadigan ovoz bor-ku. Butun olamga teng ovoz. Endi hech qachon ortga qaytarib bo‘lmaydigan olam. 

SIZ XUDDI ESKI VHS PLEYERLARDAGI KABI HAYOTINGIZNI ORTGA QAYTARISHNI ISTARMIDINGIZ?

4-PORTRET. RUXSAT SO‘RANG!

Bunisi esa unchalik yoqimli xotira emas. Ammo unutish imkonsiz. Men 90- va 2000-yillar boshida voyaga yetganman. O‘sha vaqtda shaxsiy hududni hurmat qilish degan tushuncha yo‘q edi. Bolalar u yoqda tursin, hatto kattalarda ham. Va bu shunchalik g‘ashimni keltirardiki! Ota-onang bilan mehmonga borasan. Yoki senikiga kelishadi. Va hamma kattalar so‘ramay-netmay seni quchoqlab, o‘pa boshlaydi. O‘zim yaxshi ko‘radigan insonlarning mehrini his qilish yoqimli, albatta. Ammo ko‘pchilik bilan bunday aloqaga hushim yo‘q edi. Buni yaqqol his qilardim. Izn so‘rash odat bo‘lgan madaniyatlarni juda hurmat qilaman. “Sizni quchoqlasam maylimi?” Nazarimda, hamma bolalarni erta yoshdanoq o‘z shaxsiy hududini himoya qilishga o‘rgatish kerak. 

BOLALIGINGIZDA SHUNDAY VAZIYATLARDA O‘ZINGIZNI NOQULAY HIS QILGANMISIZ?

5-PORTRET. ONAM PISHIRGAN KECHKI TAOMLAR

Onam butun umrini oilasiga baxshida qilgan. Bizga, farzandlariga. Oilada mendan ikki yosh kichik singlim ham bor. Har oqshom onam biz uchun yangi qozon osardi. Hech ovqat isitib yemasdik. Hozir esa bu cheksiz mehr ifodasi bo‘lganini, oilang uchun har kuni taom tayyorlash aslida katta hashamat ekanligini tushunaman. Bu o‘zimning qo‘limdan kelmaydi. Ovqatlarni bir necha kun oldin qilib qo‘yishga harakat qilaman. Ammo onam har qanday vaziyatda ham ovqat pishirishni kanda qilmasdi. Dasturxon atrofida butun oilamiz jamuljam bo‘lardi. Yangiliklarni muhokama qilardik. Bugun shularni eslab, har oqshom dasturxon atrofida oilaning barcha a’zolarini ko‘rish hasham ekanligini his qilaman. Bu senga tayanch hissini beradi, ichki quvvat bag‘ishlaydi. Qalbingda uchqun yilt etadi. Bilasanki, uyda seni kutishadi, yaxshi ko‘rishadi. Ayol – uydagi muhit yaratuvchisi, degan gap chin. Hozir onam, buvilarim, ammamni tahlil qilarkanman, barcha mehnatlari zoye ketmaganini tushunaman. Ulardan o‘rganganlarim ko‘p. 

SIZ-CHI, ONANGIZ PISHIRGAN TAOMLAR MAZASINI UNUTMADINGIZMI?

Nikita MAKARENKO suhbatlashdi.