O‘zbekistonda blogerlik sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda, media olam kengayyapti. Birgina misol: O‘zbekistonda jami 132 mingta Telegram-kanal hamda 21 mingta ochiq guruhlar (chat) bor, ularning umumiy obunachilari soni 1 milliardni tashkil qiladi. Bu dunyo bo‘yicha 3-o‘rindagi ko‘rsatkich (Rossiya va Erondan keyin). O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi eng ko‘p obunachiga ega 100 ta Telegram-kanallarning umumiy obunachilari soni 68 mln 874 mingtani tashkil qiladi.

Xo‘sh, aslida bloger kim? Axborot oqimi ko‘paygan bir paytda sifatli kontentni ta’minlash va feyk xabarlardan qutulish uchun nima qilish kerak?

BLOGER ASLIDA KIM?

O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonunining 3-moddasida quyidagicha ta’rif berilgan: “Bloger – Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs”.

Aslida shu ta’rifga tushadigan hamma bloger. Bu degani O‘zbekistonda bir necha million bloger bor va buning sira xavotirli joyi yo‘q. Lekin ko‘pchilik o‘zini bloger deb hisoblamaydi. Masalan, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning Facebook, Telegram, Twitter kabi tarmoqlarda profili bor va doimiy postlar qoldirib boradi. U ham blogermi? Qonun bo‘yicha – ha! Ammo u o‘zini bloger deb hisoblamaydi. Bunday misollar millionlab topiladi.

HAYDOVCHI VA BLOGER

Fikrimcha, bloger deb hisoblash uchun kasbga aylangani va daromad olganiga qarash kerak. Buni haydovchilar misolida tushuntiraman. Qonun bo‘yicha haydovchi kim? Yo‘llarda transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs. Kasbi yoki lavozimidan qat'i nazar, mashina boshqarayotgan barcha inson haydovchi. Lekin kasb haqida gap ketar ekan, biz biror tashkilotda haydovchi lavozimida ishlayotgan yoki taksi qilib, daromad olayotgan insonlarnigina haydovchi deb bilamiz. Vaholanki, O‘zbekistonda 10 mln odam mashina haydasa, 10 mln haydovchi bor. Ammo ongimiz faqat professional faoliyat bilan shug‘ullanadigan va daromad olayotganlarni haydovchi deb qabul qiladi.

Blogerlikda ham shunday. Doimiy faoliyat yuritadigan, yaʼni bu ish bilan professional shug‘ullanadigan va, ehtimol, buning ortidan daromad ko‘radigan insonlarni bloger sifatida qabul qilish kerak. Garchi qonun bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda sahifa yuritadigan barcha bloger deb hisoblansa ham.

TANQID QILMASANG, BLOGERMASSAN

Obunachilar ko‘zi bilan qarasa, yanada qiziq holat. Dunyo amaliyotida turizm, moda, kulinariya, avto, sport, san’at va boshqa ko‘ngilochar mavzularda ijod qiladiganlarni bloger deyishsa, O‘zbekistonda hukumatni tanqid qilmagan va siyosat haqida yozmagan insonni odatda bloger deb hisoblashmaydi. To‘g‘ri, so‘nggi paytlar biroz vaziyat o‘zgaryapti. Menimcha, bu yurtimizdagi so‘z erkinligining rivoji bilan bog‘liq. Chunki bizda so‘z erkinligi evolyutsion emas, revolyutsion yo‘l bilan rivojlandi. G‘arb mamlakatlari bir tekis rivojlanib kelgan bo‘lsa, biz uzoq yillik yopiqlik davridan so‘ng, birdan ochiqlik sari ketdik. Xuddiki, bir necha yil to‘g‘onda suvni saqlab, bir deganda suvni qo‘yib yuborgandek.

Odamlarda siyosiy mavzularda katta chanqoqlik bor edi va shu sababli ham tanqidchi blogerlarga katta talab shakllandi. Yuqorida aytganimdek, vaqt o‘tishi bilan bu ham iziga tushadi.

BLOGERLARNI TA’QIB QILISH

O‘zbekistonda “Blogerlar ko‘payib ketyapti, ularni tartibga solish kerak, tashkilot tuzib, ro‘yxatini qilaylik, guvohnoma beraylik”, degan qarashlar bor. Bu noto‘g‘ri tasavvur. Blogerlarni ro‘yxatga olish yoki ularni bir tashkilotga birlashtirish axborot makonimizni xavf ostiga qo'yadi. Chunki har qanday ro‘yxat oxir-oqibat “qora ro‘yxat”ga olib boradi. Bu esa “maska” va feyk akkauntlar, anonim profillar ko‘payishiga olib keladi.

Anonimlik – bu mas’uliyat yo‘q, degani. O‘z nomidan munosabat bildirganda, har qanday odam uni aqli yetgan darajada qonuniy yozishga harakat qiladi. Garchi qonunlarni umuman bilmasa ham. Anonim bo‘lganda esa, u daho bo‘lsa ham, barcha mas’uliyat zimmasidan yechiladi.

Robert Luis Stivensonning “Doktor Jekil va Mister Haydning g‘ayritabiiy tarixi” nomli asari bor. Unda doktor Genri Jekil bir dori o‘ylab topadi va uni qabul qilganida butunlay boshqa qiyofadagi insonga aylanadi. Tabiatan muloyim va xushfe’l bo‘lgan doktor qiyofasini o‘zgartirgach vahshiyga aylanib ketadi, qotilliklar qiladi. Chunki odamlar uni yuzidan tanib ololmas edi, boshqacha aytganda u – anonim.

Shuning uchun ham blogerlarga qancha ta’qib kuchaysa, axborot makoni shuncha loyqalashadi va davlat bundan ko‘proq zarar ko‘radi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev — Uzbekistan’s Club

BLOGERGA JAVOBGARLIK O‘TA OG‘IR

O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarning xatosi o‘ta og‘ir jinoyat sifatida qabul qilinadi. Aniqroq aytsak, Jinoyat kodeksidagi ko‘plab moddalarda o‘sha qilmishni OAVda yoki internetda qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilangan.

Masalan, siz 30 ming kishilik stadionda mikrofon orqali kimnidir haqorat qilsangiz, bu ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Agar shu ishni internetda qilsangiz, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘irlashtiruvchi modda sifatida jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Garchi sizning postingizni atigi 50 kishi ko‘rgan bo‘lsa ham. Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi-ku.

Tuhmat va haqorat uchun jurnalist yoki blogerga jinoiy javobgarlik bilan tahdid qilish noto‘g‘ri. Buni bosqichma-bosqich dekriminalizatsiya qilish va ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish kerak. Kimningdir sha’ni toptalgan bo‘lsa, bu umuman fuqarolik yurisdiksiyasiga tegishli. Ma’naviy zarar uchun fuqarolik tartibida jarima undirib olsin. Davlat bunga aralashishi shart emas.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tuhmat yoki haqorat jinoiy javobgarlik keltirib chiqarmaydi. Afsuski, bizda bu qo‘rqitish va ta’qib qilishning qurollaridan biri bo‘lib qolmoqda.