Quyosh ko'k sahniga ko'tarilib, havo ochilgan. Qorlar eriy boshlagan. Ustma-ust yoqqani uchun yo'l chetlarida to'plangan qor hali tamom erimagan, odam yo mashina o'tgan yo'llarning qorasi ko'rinib qolgan. Podyezddan chiqaverishdagi yo'lak yuzi ham biroz ochilibdi. Go'yo yaltiroq oq qog'ozga bulut surati chizilib, zang aralash qoraga bo'yalgandek. Qo'shni podyezd oldi ham shunday. E, ha, necha haftaki uyulib yotgan chiqindi xaltalarini olib ketishayotgan ekan.
Bruklinning Midvud mahallasidagi g'ishtin, qo'ng'ir binolar devorlariga ham kun kulib boqqan. Ammo bunda yashovchilar o'sha-o'sha tussiz: egnida kulrang-qoramtir kiyim, oshiqqan, qo'lidagi telefonidan har-har zamonda ko'z uzib yo'lga termulib qo'yadiva zumda nigoh telefonga qayta qadaydi, simli quloqchin taqqanlari boshini sarak-sarak qilib boradi.
Ko'chaning kunlik ahvoloti shu, men sizga aytsam. Uyni shu bahona shamollatib olaman. Bir sovuq yugursa, isitish amri mahol. Derazani odatdagidek ichkariga qattiq tortdim-da, romlariga mixlab qoqilgan qirmizi choyshabning bir chetini tirqishga joylab, so'ng dastakni burab mahkamladim. Bu uyga endi-endi ko'chib kelganimda xonamning kengligi yoqdi-yu, xonani nos hidi tutib ketgani ta'bni xira qilardi. Ha, Amerikada nos. Mendan oldin bu uyda yashagan akamiz nos chekmasa xumori tutarkanmi, lab-lunjidagini polga sarchatib tupurib, so'ng uyquga ketarkan. Uyga ko'chib kirgach, 5-6 soatlab derazani ochib qo'yib, necha kun deganda hiddan arang qutuldim. Biroq xona muzlab, keyin uncha-munchaga isimasligidan qiynaldim.
Shahar shovqini qiyilib, uy ichidagi fayzli baqir-chaqir quloqni tutdi. "Bacheem! Inja biyo!.." Samarqandlik oila bilan ikki haftadan oshiq yashab, tojikchani ham sal tushunib qoldim. Faqat eng ko‘p qaytariladigan so‘zlarni xolos: "chiroqni o‘chir", "eshikni yop", "idishlarni joyla", "tezroq qayt", "tushundingmi..." Menga eng yoqqani — "ziyod gap nazan" bo‘ldi, ya'ni ko‘p gapirma. Dasturxon ustida beixtiyor menga ham tojikchalab "oling" deyishsa, fahmlab ketadigan bo‘ldim.
— Saidjo-o-on! Keling, issiqqina non yeng.
Oshxonaga o‘taman. Non isi dimoqqa uriladi.
— Ooo, zo'r-ku. Qarasam, do'kondan non olib yemas ekansizlar-a, kennayi?
— Shunnay. Non yopib qo'ysam, haftaga yetadi. Ko'chadan olsak qimmat! Keling, o‘tiring, o‘tiring.
Kennayi biri o'ndan oshgan, ikkinchisi o'n sakkizga yetib qolgan ikki qorako'z dilbandlarini men bahona stullarga chorladi. Kenjatoyi qo'lini siltab-siltab o'zicha rep xirgoyi qiladi. To'ng'ichi telefondan boshini uzmaydi, o'zi aytgandek, "sokker" o'ynaydi. Men ham o'z ishimga unnayman, o'qishga tutinaman. Bugun dam olish kunim, axir.
O'spirinlar rep, sokkerdan charchagach, avtomobil va internetdagi memlar haqida suhbatni qizitdi. Har ikki gapning birida “bruh” deb qo'yadi. Qoyil qolsa ham, hafsalasi tushsa ham, jahli chiqsa ham – “bruh”.
“Ikkita katta pitsa bilan Ginger Ale buyurtma qilsak, zo'r ketardi-a?” deb ularning gapini bo'ldim. "Facts!" – dedi Sheroz taklifimni ma'qullab. “Xonaga shuncha avqot... bularni kim yeydi?” – dedi kenjatoy Amir mushtini tugib, onasidan baloga qolishimiz mumkinligiga ishora qilib.
Amir maktabda va do'stlari orasida inglizcha, uyda tojikcha so'zlashadi, shuning ta'sirida bo'lsa kerak, o'zbekchasi og'zidan na inglizcha, na tojikcha talaffuzga yaqin bir aftoda sirg'alib chiqadi.
Xullas, bolalar bilan ota-onasi ishda mahali biror kun zanjabilli ichimlik bilan pitsaxo'rlik qilishga kelishib oldik. Bu xonadonda ortiqcha xarajat, bo'lib ham, ko'chadan ovqatlanishga toqat qilinmaydi. Bolalar xona-xonasiga chiqib ketdi, men esa shu yerda – oshxonada qolib, mutolaada davom etdim.
Xonadan kennayining tashvishli ovozi eshitildi. Uzoqdan tushunarsiz yangragan ovoz yonimga kelguncha balandlab borar, suhbat ro'paramdagi stulga keliboq uzilishi ko'rinib turadi. “Xo'sh, Nafis, xo'sh. Salomat bosh” deb xayrlashib oldi hamki, kennayi chuqur nafas olib menga yuzlandi.
– Saidjo-o-on, siz telefonni yaxshi tushunasiz-ku. Shu menga bir odam SMS yozyapti, shunday kimligini topib bilasizmi?
– Kim yozyapti? Nima bo'lyapti?
– Telegramdan bittasi yozyapti-da... Eringizga ko'z-quloq bo'ling, men sizni o'ylab aytyapman, deydi. “Ering kimdir bilan yuradi”, deyapti chog'i.
– Tavba, qayerdan topibdi bu gapni?
– Hozir Nafisa bilan gaplashsam agar, moshenniklar deyapti.
– Ha, shunaqa bo'lishi mumkin. Hozir ko'payib ketgan. Menimcha, Telegramdagi guruhdan olgan-da kontaktingizni.
– Eh, buni qarang, erim bo'lmasa men nima qilaman?!
Shu damda kichkintoy Amir oshxona eshigini yugurib kesib o'tarkan, “Inja biyo, bachem” deb yoniga imladi kennayi. So'ng unga tojikchalab tashvishini tushuntira ketdi. “Dadangsiz nima qilamiz?” degandek ma'noni anglab olgandek bo'laman. Buni ham bola Amirning inglizcha aralash javobidan tushunaman:
– Biyi, in “scam” ast. Parvo nakuned.
– Scam? Scami chist?
Kennayi dod solib, to‘ng‘ichini ham chaqiradi. Telefonga kelgan boyagi xabarni ko'rsatib, alami tarqalmaydi. Qaytanga, battar alanga oladi. Endi men ham xavotirga tushdim: “Nahotki Farhod aka yurib ketgan bo'lsa”.
Kennayi qariyalarga g'amxo'rlik qiladi. Eri Farhod aka ham. Ular Amerikada “home attendant” (uy xizmatchisi) deb hisoblagan bu kasbni “xomaten” deb zabonlariga moslashtirib olgan. Farhoda aka xizmatdan chiqib, Toyota Camry mashinasida kira qiladi. Inglizchada “yes” va “no”dan boshqa aytarli hech vaqoni bilmaydigan akamizga Uber taksi xizmati juda qo'l keladi.
To'g'risi, umrimda bunday qattiq mehnat qiladigan odamlarni uchratmaganman. Er-xotin haftasiga oltmish-yetmish soatlab ishlaydi. Bir gal Farhod aka uch kun ko'rinmadi – ikkita ishda ishlasangiz-ku, uyga kelishga ham vaqt topish qiyin. To'rtinchi kuni kennayim “вот, мой муж молодец, нет слов” deb qarsak chalib kutib oldi.

Xomush tortib, xayol surib qolibman, kennayim o'zi qolib meni ovuta ketdi:
– Saidjo-o-on, hay, siz o'ylamang. Bu erim erta-yu kech ishlaydi. O'zi-chi, bu kishim haftaga bir cho'miladi (xoxolab kuladi). Ko'chadagi kimga kerak edi u, unga ko'chadan kim kerak? Hech kim! Farzandlarini yaxshi ko'radi...
– Ha, kennay, to‘g‘ri aytasiz, gumonga bormang. Yozgan odam ko'nglingizga g'ulg'ula solmoqchi bo'lgan-da...
Avval meni, so'ng o'g'illarini o'zi siqtovga olib, o'zi ovutgan, eriga bir necha marta qo'ng'iroq qiladi. Hali uyga kelganida yuzma-yuz gaplashishga sabri yetmay, boyagi xabarlar daragini so'raydi. Go'yoki nega xiyonat qilayotganini bilishga oshiqadi. Javobdan qanoatlanmay, go'shakni o'zi qo'yib qo'yadi. So'ngra bir soat nari-berisi yana sim qoqadi.
– Qayerdasiz? Nima qilyapsiz?
- Nima edi? – bu gal go'shak ortidan Farhod akaning baqirig'i butun xonaga eshitiladi.
Kennayi tishini tishiga qo'yib irshaydi-da. Chuqur uh tortib o'zini bosib olish uchun barmoqlarini silkitib, og'zini po'shlaydi. Keyin yana “jabrdiyda xotin” roliga kirib: “Sizni birortasi aldab ketsa, men qanay yashayman?” deydi garchi telefondan bu ko'rinmasa ham, ko'zlarini suzib.
– Bu xotin esdan og'ganmi?!
– Sizsiz nima qilamiz? Xonavayron bo'lamiz-ku. Bu yoqda kreditlar, Samarqandda ipoteka... kim to'laydi? deydi qitmirona ayuhannos solib.
– Men o‘ynab yurganim yo‘q, ish-la-yap-man! Bor-ey, xotin bo'lmay...
Yarim soat deganda jumboqning javobi topildi. Aynan shu akkauntdan Brayton Bichda yashagan bir o'zbekistonlik ayolga yozishgan ekan. U ayol “haqiqat”ni bilish uchun 500 dollarning baxridan o'tib, keyin laqillatib ketishganini bilib qolgan. Nima ham derdim, bu yerlarda odamlar ishonchiga kirib, turli yo'llar bilan pul undirish ko'p uchraydi.
Uy tinchlandi. Zalda televizor qo'yildi. Ana endi eski odatga ko'ra Samarqanddagi to'y videosi kennayini sel qiladi. O'tgan yili ukasining to'yi el og'zida doston bo'lganini so'zlab ketadi. To'y rasm-rusumlariga qiziqib televizorga qarayman, serhasham restoran, po'rim kiyingan, shodon odamlar, qiy-chuv, turnaqator kortej. Xayolimga faqat bir gap keladi: nihoyatda go'zal.
– Men Yulduz Turdiyevani shunnay yaxshi ko'raman, Saidjo-on. To'yona bir tomon, Yulduzxon bir tomon bo'ldi-da, qarang, – deb kuy avjida televizor ovozini balandlatadi. “Xalqayi zulfi parishoningga qurbon o'lam”...
Xonamga kiraman. Nos hidi anqibmi, tag'in derazani ochib, chuqur nafas olaman. Ko'chalar chiroy ochgan, mashinalar g'uv o'tgan, g'uv qaytgan, odamlar o'zaro so'z almashgan, itlar xurgan, qushlar sayragan, do'konlar gavjum, meksikalik zahmatkash amigolar yuk mashinalaridan mahsulotlarni yashiklab tashiyapti. Xullas, Bruklinda hayot qaynayapti.
So'ng issiq amri mahol bo'lgan baland shiftli xona haroratini o'ylab, derazani yopaman. Tashqarining shovqini to'xtaydi va uydan kennayining jo'rovoz ohangi eshitiladi:
Man sana qurbon o'lam, Yor sana qurbon o'lam...
Saidaziz A'zamov


