- O‘zbekistonliklar haqidagi primitiv tasavvurlardan qutulishimiz zarur.
- Avloniy yuz yil oldin aytgan gap haligacha dolzarb: tarbiya – hayot-mamot masalasi.
- Intellektual salohiyati kuchli odamlar – davlat uchun katta boylik.
- Har bir o‘zbekistonlik kichik bo‘lsa ham o‘zgarish qila oladi.
- “Men o‘zbekman, o‘zimga bekman” deb o‘ziga bino qo‘yish millatni tanazzulga olib keladi.
Intervyu kuni. 18:30. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kampusida meni iliq kutib olishdi, “rektor yig‘ilish o‘tkazayotgandi” deb, rektorat bo‘ylab tur o‘tkazishdi.
Hujjatlar qabuli va imtihon Toshkentdagi boshqa universitet binosida tashkil qilingan, mahalla ichidagi kollej va sobiq bog‘cha binosi qayta qurilib, ushbu universitet tashkil etilgan paytdan beri ishlayotgan mas’ul rahbar meni kichik muzey bilan tanishtira ketdi. 2018-yilda Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z jamoasi bilan “Milliy universitetning 16-fakulteti” bo‘lgan jurfakda kafedra mudiri bo‘lib ishlagan vaqtda mamlakat Prezidenti qo‘llovi bilan universitetning qurilish ishlari boshlangani, ilk yilda 119 ta talaba qabul qilingani haqida menga so‘zlab berishdi. Keyin faxr bilan bugungi holat haqida aytishdi: O‘zJOKU umumiy 25 qavatdan iborat, o‘z kutubxonasi, tele-radio studiyalari, media markazi, zamonaviy o‘quv binolari va yotoqxonalari, deyarli 4000 nafar talabasi, 350 nafar professor-o‘qituvchilari bo‘lgan, 19 ta jurnalistika yo‘nalishlari hamda siyosatshunoslik, psixologiya, sotsiologiya kabi fanlar o‘qitiladigan istiqbolli, yirik universitetga aylandi.
Rektor qabuliga kirdim, yig‘ilish tugab, yangi darsliklar ustida ishlayotgan professor-o‘qituvchilar chiqib ketayotganida Sherzodxon Qudratxo‘ja ularni stoli oxirida uyulib turgan kitoblar tomonga chaqirdi:
“Mahallamizdagi 260-maktabga yuboryapman. Bir nusxadan bersam, bolalar talashib qolmasmikan? Yaxshisi, ikkitadan beray. Mana qarang: “To‘rtinchi sanoat inqilobi”, “Molxona”, “Latte omili”… Xo‘-o‘sh, bunisi nima ekan? Vo, “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?”, mana, “Qo‘rqma”, “Mehrobdan chayon”… Shu kitoblar maktabda yo‘q ekan-da…”
18:40. E’zoz, izzat-ikrom bilan kutib olindim. Choy va shirinliklar bunday joylarda taklif qilinishi alohida aytib o‘tiladigan gap emas. Hurmatli rektor kechagina kimdir vohadan eltgan tandir go‘shtga ham og‘zim tegishini istadi. Shunday samimiyat bilan suhbatni “o‘zbekistonlik” tushunchasi, bizning o‘zimiz, o‘zligimiz haqida gaplashishdan boshladik...
Istiqlol tongida o‘zligimizni anglashni boshlaganimizda “O‘zbekiston” deganda laganlaru choponlar, qirmizi rang so‘zanalar yoki art restoranlar misolida loysuvoq devorlar ko‘z oldimizga keltirardik. O‘zbek tilida bitta ham so‘zni bilmaydigan tanishlarim bor, ular bayramlarda pushti, sariq rangli adras kiyimlarimizni kiyishardi. Millat sifatidagi bizning mushtarak qadriyatlarimiz faqat taomlarimiz, kiyimlarimiz, kuy va raqslarimiz emas. Kishining ayrim tadbirlarda boshiga iroqi do‘ppi qo‘ndirib olishi uni o‘zbek yoki o‘zbekistonlik qilib qo‘ymaydi.
“O‘zbekistonlik” deganda, xususan, xorijda biz shunday tashqi anturajimizga asoslangan qarashni o‘zimiz shakllantirdik, ammo bu juda primitiv tasavvur va biz buni o‘zgartishimiz kerak.
Men uchun “o‘zbekistonlik” – bu katta tushuncha. Bu – bizda shakllanib, rivoj topib borayotgan inson kapitali. O‘zbekistonliklar – nafaqat o‘zbeklarni, balki yurtimizga o‘zini mansub deb hisoblovchi barcha fuqarolarimiz va chet eldagi vatandoshlarimizni qamragan katta sinf. Qaysi viloyat yoki hududda tug‘ilib, katta bo‘lmasin, O‘zbekiston xalqi vakillari o‘zini “O‘zbekistondanman”, “o‘zbekistonlikman” deb bilishi va tanishtirishi muhim.
– Shu katta xalq bo‘lgan o‘zbekistonliklarni nima birlashtira oladi o‘zi?
Barcha o‘zbekistonliklarni osh birlashtiradi. Boshqacha aytganda, ularni ikki narsa: to‘y yoki aza birlashtiradi. Men bunga ham ijobiy qaramayman. Bu yetarli emas. Buyuk jadidchimiz Alixonto‘ra Sog‘uniy aytgan edi: “Agar o‘zbeklar boshqa ishlarga ham oshga kelgandek birlashib yig‘ila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat bo‘lmas edi”. Shuning uchun bizni dasturxon, yeb-ichar, choyxona emas, bizni o‘z muammolarimiz, masalan, ilm-fan, ta’limga hissa qo‘shish masalasi jipslashtirishi zarur.
– Masalan, qanday qilib?
– Misol uchun, O‘zbekistonda 10 750 ta maktab bor. Davlat ularni birlamchi sharoitlar bilan ta’minlayapti, o‘qituvchi va xizmatchilarga maosh berishga 5-6 trln so‘m pul ketyapti. Ammo shuncha maktabga smart doskalar, eng so‘nggi kitoblar yoki boshqa zamonaviy qulayliklarni birdaniga yetkazib berib bo‘lmaydi. Shu masala yuzasidan o‘zimizdagi va xorijdagi o‘zbekistonliklar o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishi darkor.
Bugun dunyo bo‘ylab qayerga qaramang, iste’dodlar uchun kurash ketyapti. Hindlar va xitoyliklarni olaylik. Nazarimda, ular o‘rtasida yaqin yillarda katta raqobat bo‘ladi. Nima uchun hindistonliklar BMT va dunyodagi boshqa nufuzli xalqaro va gigant transmilliy kompaniya korporatsiyalarda top menejerlarga aylanishyapti, ulardan ko‘p sohalarda yetuk mutaxassislar yetishib chiqyapti? Nima uchun har bir rivojlangan davlat poytaxtlari va yirik shaharlarda “chinatown”lar bor? Nima uchun iPhone Xitoyda ishlab chiqariladi? Bu hammasi aholi ko‘p bo‘lsa, uning mehnatga layoqatli qismi ham, uning million odamdan bitta chiqadigan noyob iste’dodlari ham tabiiy ravishda ko‘p bo‘lishidek haqiqatga borib taqaladi. Ehtimollar nazariyasiga ko‘ra, ko‘pdan “daho” va noyob iqtidorlar chiqishi ehtimoli ko‘p bo‘ladi.
Hindistonda ingliz tili rasmiy til, ko‘plab hindlar ingliz tilini mukammal darajada biladi va dunyo bo‘ylab imkoniyatlar sari intiladi. Hindistonlik yoki xitoylik yoshlar moslashuvchan, hayot tarzi yangiliklarini dinamik va tez o‘zlashtira oladi, “flexible”. Yana ularda havas qilib, intilishga arzigulik misollar ko‘p.
– Biz bu yo‘lda qayerdamiz va nimalar qilishimiz kerak?
– Qarang, bu jarayonga kirib borishimiz uchun bizda katta imkoniyat, demografik dividend mavjud. Shu kunlarda 37 million bo‘ldik. Shoyad yangi iste’dodlar chiqsa. Aholimiz uchun sifatli tibbiyot va ta’limni ta’minlash yaxshi ketyapti. Yoshlarimiz ilmli, bilimli bo‘lishsa, ular iqtisodiyotga katta hissa qo‘shishi mumkin. Ba’zida, afsuski, “o‘zbekistonlik” deganda odamlar nigohida birinchi navbatda xorijiy mamlakatlardagi mezbon xalq qilishni istamaydigan ishlarni bajaradigan mehnat muhojirlari shakllanadi. Albatta, bu ko‘p yillar yurtimizda shakllangan zaif iqtisodiyot bilan bog‘liq bo‘ldi, bu bosqichdan ko‘p millatlar o‘tgan. Lekin yangi avlod o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yishi va jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi lozim. Men buni “Maslow” piramidasiga o‘xshataman: avval qorinni to‘yg‘azamiz, keyin boshqa masalalarni o‘ylaymiz. Menimcha, biz mana shu yangi bosqichga keldik. Ta’limni rivojlantirar ekanmiz, albatta ham oilada, ham maktabda, ham jamiyatda umuminsoniy qadriyatlarni, tarbiyani kuchaytirishimiz kerak.
Yana bir misol: Olmoniyadagi turk immigrantlari tarixiga qarang. Urushda mag‘lub bo‘lgan va nufuzi kamaygan Olmoniya Turkiyadan millionlab migrantlarni qabul qilgan. Ular qora ishlarda ishlagan, ammo yillar o‘tib, bugun ularning farzandlari yirik bizneslar egasi, turli sohalarda yetuk professionallar bo‘lib yetishdi. Hattoki, Bundestagga [Germaniya milliy parlamenti – tahr.] ham turk millatiga mansub vakillar saylangan.
- Yoshlarimiz katta maqsad qo‘yishi kerak, deyapsiz. O‘zbekistonliklar uchun umumiy maqsad va g‘oya qanday bo‘lishi kerak?
– Qarang, turklarda qanday chiroyli g‘oya bor: Ne mutlu Türk’üm diyene! [Turkman degan odam naqadar baxtli – tahr.]. Yoki fransuzlar “Liberté, Égalité, Fraternité” [Hurriyat, Tenglik, Hamjihatlik – tahr.] deydi, AQSHda “Amerika orzusi” bor, masalan.
Men o‘zbekistonliklar o‘zini katta mamlakatda bir iste’molchi yoki hech nimani hal qilmayman deb emas, O‘zbekistonning rivojlanishiga kichkina bo‘lsa ham hissa qo‘sha olaman, deb fikrlashlarini xohlardim. Shuni anglab, shunday oliy maqsadga intilib yashasa arziydi.
Uning uchun biz O‘zbekistonni, uning asosiy muammolari, jo‘g‘rofiyasi, tarixi va o‘zbek tilini yaxshi bilishimiz talab qilinadi. Axir, qanday qilib o‘z vataningiz haqida bilmay turib, uni seva olasiz va, aksincha, sevmay turib, unga qanday qilib hissa qo‘shasiz?
Taassufki, xorijga ketgan o‘zbekistonliklarning u yerda katta bo‘layotgan farzandlarini qo‘ya turing, mamlakatimizning o‘zida ulg‘ayayotgan bolalar o‘zbek tilini yaxshi bilmaydi. Axir, til – bu bir millatning boshqalaridan ajratib turuvchi, o‘ziga xos qismi-ku! Hamyurtlarimiz “farzandim uchta tilni biladi” deb maqtanishadi, o‘g‘il-qizlarini chet tilli maktablarga berishadi, lekin o‘zbek tilidagi so‘zlarni bilishmaydi yoki umuman o‘zbek tilida gaplasha olishmaydi.
Yana afsus bilan aytaman, ko‘pchilik yoshlar O‘zbekistondan bo‘la turib, u haqida ko‘p narsa bilmaydi. Masalan, “double locked country” biz uchun qanday muammo ekanligini yoxud Andijon O‘zbekiston hududining necha foizini egallaydi va u yerda qancha odam yashaydi, bilishadimi?
(19:20. Ancha-muncha suhbatlashib qo‘yganimizga e’tibor qaratib, rektorga teran suhbat, men to‘plagan qiziqarli material uchun minnatdorlik bildirdim).

– Yana nimalar haqida gapirgan bo‘lardingizu, men so‘ramadim?
– Shuni qo‘rqmay yozing: menga bu gapni mana shunaqa noto‘g‘ri ishlatishlari yoqmaydi. O‘zimga bekman, deb turib faqat o‘zini o‘ylash – bu xudbinlik va kaltabinlik. Ayniqsa, jamiyatda ma’lum darajaga erishgandan keyin yoki boylik orttirgandan keyin shunday tushuncha bilan yashash noto‘g‘ri.
Biz hammamiz o‘tib ketamiz, bizdan faqat qilgan yaxshi ishlarimiz va egallab ulashgan ilmimiz qoladi. Dunyoda ne-ne boylar o‘tib ketdi, biz ularni eslamaymiz-ku! Imom al-Buxoriy, Ibn Sino, Xorazmiylarni eslaymiz, ming yil o‘tsa ham. Ular o‘zimga bekman, deb o‘zi uchun yashamagan. Imom al-Buxoriy o‘zi uchun shuncha hadis to‘plaganmi, masalan? Rasuli Akram (s.a.v.) barcha musulmonlar uchun husni-xulq namunasi bo‘lib, qanday yashash kerakligini ko‘rsatib ketmadilarmi? Axir, ular kichkina bir kulbada yashab, oddiy bo‘yrada yotganlar, peshinda uylariga kelgan ne’matlarni kechgacha ehtiyojmandlarga tarqatganlar. U kishining ikki kuraklari jakuzi ko‘rmagan, haftalab taomlanmaganlar, to‘qlik effekti bo‘lishi uchun qorinlariga tosh bog‘lab yotganlar. Arabistonda yashab, bir marta haj, to’rt marta umra qilganlar, xolos. Hozir o‘zimizda 10-15 marta umra qilganlar bor – farzandining kundaligiga qaramaydi, mahallasidagi maktab va poliklinika esa bir ahvolda…
Alloh taolo Qur’oni Karimda bizga “Iqro”, “Iqro”, “Iqro” (O‘qing) deb aytadi. Ilm olish biz uchun farz hisoblanadi. Ilm olishda gap ko‘p, aksariyat muammolarimizning yechimi ham o‘qib-o‘rganishda, millat sifatida rivojlanishimiz ham intellektual salohiyatimiz oshishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.


