Bugun Özbekistonda jadidlar mavzusiga köp murojaat qilinyapti, ular tarixni özgartirgan muhim harakat deb hisoblanyapti. Şaxsan menga bu juda yoqimli, çunki jadidçilik çindan ham kuçli mafkura va samarali harakat edi.

Lekin negadir jadidlar deganda asosan erkak namoyandalar tilga olinadi: Behbudiy, Qodiriy, Çölpon, Ibrat, Avloniy... Ayollar qiyofasini esa deyarli körmaymiz, nomini deyarli eşitmaymiz. Vaholanki, ular bor edi, faol edi. Ular orasida ham jonini ğoya uçun fido qilganlar, qatağonga uçraganlar ança topiladi.

Mana ulardan ayrimlari: Anbar Otin,Xayriniso Majidxonova,Maryam Sultonmurodova, Tursunoy Saidazimova, Maʼsuma Qoriyeva, Ruqiya Xöjayeva.

Ayollarning qilgan işi u yoqda tursin, ismi, qiyofasi ham zamon talabi bilan zamondoşlar tomonidan kam tilga olingan va yoritilgani rostdir. Lekin ötgan yuz yil davomida ham ular haqida jiddiy tadqiqotlar kuzatilmadi. Balki bu böşliqni töldiriş vaqti kelgandir?

Jadid ayollar öz ahvolini önglaş uçun avvalo taʼlimga, keyin sözga (badiiy adabiyot), keyin esa teatrga murojaat qildilar. Şu sababli ham jadid ayollar deganda birinçi navbatda muallimalar (otin oyi), şoiralar va aktrisalar tilga olinadi.

Biroq XX asrning boşlarida turli sohalarda ayol kadrlar kerak edi: şu bois xotin-qizlar şifokor, kimyogar, huquqşunos kabi muhim yönalişlarda taʼlim ola boşladilar. Ular orasida bir qançasi “Kömak” fondi yordamida Germaniyada öqidilar. Ular jamiyatni özgartiruvçi “yumşoq kuç” bölişni maqsad qilgan edilar.

Afsuski, Germaniyada tahsil olgan momolarimiz keyinçalik şörolar qatağoni qurboni böldilar – taqiqqa tuşdilar, hibsga olindilar, ayrimlari qatl qilindilar... Ularning baʼzilari hali turmuşga çiqmagan, boşqalari homilador, yana birovlari qölida çaqaloği, uyida norasida farzandlari bor edi.

“Onamning aytişlariça, — deb xotirlaydi Maryam Sultonmurodovaning  qizi Anoraxon Davronova, —1937-yilning 30-avgustida Toşkent şahrining hozirgi Oloy bozori yaqinidagi Uyezdnaya köçasi 13-uydan erta tongda ikki harbiy kiyimli kişi kelib, tösatdan qöllarida 5-6 oylik çaqaloqlik vaqtimda onamni men bilan birga haydab qamoqqa olib ketişgan. Onam 1947-yil, yaʼni 10 yildan söng birinçi marta qamoqdan kelguniça men ammamlar qölida, akam Pölatbek Ahmadbekov avval yetimxonada, söng xolam Gulçehra opa qölida onaga zor bölib katta böldik.

Yaʼni bir ayolning kuraşi nafaqat özini qurbon qiliş, balki oilasini, yaqinlarini, atrofidagi mikroolamni jiddiy xavfga qöyiş edi. Ular şunday qurbonliklar berdilar, ular şunday jasur edilar.

Jadid ayollar haqidagi esse — Uzbekistan’s Club

XX asrning boşida Turkistonda keçgan jiddiy siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy özgarişlar davrida ayol ölaroq mavjud böliş oson emas edi. Bir yoqda “Özbekistonning kelajagi qanday böladi?” degan savol ustida bolşeviklar va jadidlar qaraşlari töqnaşdi, uruşlar böldi. Boşqa tomondan oğir iqtisodiy ahvol, yana diniy taassublar...

Har qanday qiyinçiliklar avvalo ayollarning turmuşida aks etdi.

Jahon-oğuga kelgan Anbarotinman,

Ğamu qayğuga kelgan Anbarotinman.

Yamon soatda keldim man jahonga,

Ini joduğa kelgan Anbarotinman.

Adab ahli oyoq ostida xordur,

Çunin yoğduğa kelgan Anbarotinman.

Anbar otin – ilk jadid ayollardan. U özini notöğri zamon va makonda dunyoga kelgan deb hisoblaydi. Yaʼni davrni va tuzumni tanqid qiladi. Uning “Qarolar falsafasi” asarini bir öqib köring. Jamiyatdagi ijtimoiy notenglik, iqtisodiy tanglik, siyosiy körlik va maişiy qoloqlik fojiasini kamida Didro, Kant, Monteskyo, Russo darajasida tahlil qilib bergan. Lekin u ayol edi, ovozi eşitilmadi...

Jadid ayollar – biz juda kam biladigan insonlar. Asli bugungi özbek ayollari aksar huquqlari uçun ulardan minnatdor bölişi kerak. Şu sababli ham tarixning çodrasi ortida yaşirin qolib ketayotgan uşbu dadil, faol va ilmli momolarimizning nomi kengroq tarğib qilinişini istayman.