Ayni pallada hayotimdan roziman. Ichimda ikkilanish, norozilik yo‘q. Shunday davrga yetdimki, nima muhim, nima benaf – ajrata olaman. Avval o‘ylangan, ko‘z yosh to‘kkan muammolarim, dardlarim uchun bugun qalbim qalqmaydi, boshim og‘rimaydi. Hayotda qadrlilarnigina qadrlash, qolganlarini “keraksizlik” chelagiga uloqtirish kerak ekan. Ayni shu xulosalar menga yordam beryapti. Ulg‘aydim, yaqinlarim yonimdaligi, tongda ularning ovozini eshitish saodati, ishonchi ko‘nglimni tog‘dek ko‘taradi. Shundan quvvat olaman, baxtliman.
REJALIMANMI?
Bu ish bilan bog‘liq. Masalan, kasbimni o‘lguday yoqtiraman. Kasbim bilan bo‘g‘liq qanday reja bo‘lishidan qat’i nazar yorqin ishtiyoq bilan yondashaman. Jiddiy qarayman. Ishim bilan bog‘liq muammolarimga na dangasalik, na hafsalasizlik xavf solmaydi. Qattiq jidd-u jahd qilaman.
Hayotiy rejalar borasida esa biroz boshqacha. Nimanidir reja qilib, ortga surib tashlashim juda oson. Bu atrofimdagi vaziyatlarga bog‘liq. Ko‘ngilni qoldirishsa, qo‘lim ishga bormay qoladi. Tevarakdagi odamlar, muhit ko‘p narsani belgilaydi. Qolaversa, ancha ta’sirchanman. Bezishim oson. Shu sababmi, hozir o‘zimni ko‘p ayayman. Salbiy energiyali insonlardan uzoq yurishga urinaman. Hayotim borasidagi rejalarga qat’iymasman, to‘g‘ri. Ammo har qadamini reja bilan bosadiganlarga havasim keladi. Bu juda qiyin, katta diqqatni talab qiladi. Hayotda shunday odamlar yutadi deb bilaman. Har dam g‘animat, uni qadrlash, chekimizdagi fursatlardan unumli foydalanish kerak.
MUAMMONI QABUL QILAMAN
Inson atrof bilan murosa qilishi, ulardan ko‘ngli to‘lishi oson emas. Bu muammo hammada bor. Jumladan, menda ham. Ammo ruhiyatim ustida muntazam ishlab kelyapman. Misol uchun, muammo tug‘ildimi, avval uni qabul qilishga, undan keyin esa ko‘nglim to‘lmagani ortidan kelgan ishonchsizlikdan uzilib, o‘zimni tiklashga, yana hayotga qaytishga ehtiyoj sezaman.
To‘g‘ri, faqat o‘zimning harakatlarim bilan tiklanolmayman. Suhbatdosh do‘st, dugona, tushunadigan yaqinlar yordami tushkunlikdan chiqaradi. Kerakli paytda yangragan to‘g‘ri so‘z, maslahat ko‘p narsani o‘zgartiradi. Uning ustiga to‘g‘ri tanlangan kitob, kino ham izsiz ketmaydi. O‘zing bilan yuzlashtiradi. Shulardan keyingina o‘zimni urushmasdan, ayblamasdan, to‘g‘irlashga harakat qilaman. Tushunganingizdek, bu oson jarayon emas...
YO‘LSIZ YURSANG HAM...
“Odam yo‘lsiz yursa ham, pirsiz yurmasligi kerak” hikmatli gapi bor edi ustozim Bahodir Yo‘ldoshevning. Ularning ko‘p o‘gitlari hozirgacha yuragimda. Mag‘zini sekin-asta chaqib yashayapman. Anglaganim sari kuch beradi.
Kishi yo‘lsiz qolsa ham, hamdami, piri, maslahatgo‘yi bo‘lishi kerak. To‘g‘ri hamdam, suhbatdoshgina yo‘lingni, o‘zingni topishga turtki bera oladi. Ko‘nglini ochadigan va uni anglaydigan suhbatdoshi bo‘lmasa, odam o‘zini yolg‘iz his qiladi. Insonni yolg‘iz qoldirmaslik kerak. She’rda aytilganidek, “Yolg‘izlik insonga o‘lim-ku, axir”.

ISHONCHSIZLIK...
Ishonchsizlik bor. Ba’zan qo‘rquv ham. Hayot qiziq ekan. Tushkunlikka tushgan payting, ortga qarasang juda charchaganingni, kuching qolmaganini his qilar ekansan. Oldga qarasang, hayot endi boshlanayotganday, ko‘p kuch kerakday tuyular, ana o‘shanda qo‘rquv bostirib kelar ekan. Kuchim yetarmikan degan o‘ylar tinch qo‘ymaydi. Ammo qo‘rquv – bu qo‘rquv. Oshib o‘tolmay- digan tog‘ emas, uni yengsa bo‘ladi. Yengish esa o‘z qo‘limizda.
QIYOFALARIM...
Men ijro etgan obrazlarda o‘z qiyofam ochilgan. Hatto to‘liq ochilgani ham bor. Lekin hali ko‘rinmagan qirralarim ko‘p. Bu jarayon. U to‘g‘ri ketyapti o‘ylayman. O‘sha meni to‘liq ochadigan rolni o‘ynash uchun vaqt yetib kelishi, odam o‘ziga vaqt ham berishi kerak. Shunday ekan hozircha hammasi soz. Vaqtda, jarayonda yana ochilib boraveramiz. Bir narsa aytay, xuddi hayotim kabi hozirgacha ijro etgan rollarimdan roziman, ko‘nglim to‘q.
TILLANISO oqqa ko‘chirdi.


