Shubhasiz, bunday natijada mamlakatdagi sport infratuzilmasi, yaratilgan sharoitlarning yetarlicha hissasi bor. O‘zbekiston sportining buguni va ertasi haqida fikrlashish maqsadida Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimovni suhbatga tortdik.
– PARIJ-2024 YOZGI OLIMPIYA O‘YINLARI BO‘YICHA QANDAY XULOSALAR QILDINGIZ?
– Bu musobaqa mamlakat tarixidagi unutilmas voqelik bo‘ldi. 206 mamlakatning eng sara atletlari qatnashgan murosasiz bellashuvlarda delegatsiyamiz 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yakuniy natija bilan O‘zbekiston umumjamoa hisobida dunyo bo‘yicha o‘n uchinchi, Osiyoda to‘rtinchi, MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ayol sportchilarimiz so‘nggi bor Pekin-2008 yozgi Olimpiya o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilishgan, Yekaterina Xilko trampolin dasturida bronza medali sohibiga aylangandi. Oradan yillar o‘tib, dzyudochi Diyora Keldiyorova esa Parijdagi g‘alabasi tufayli yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni nomiga sazovor bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchiga aylandi. Taekvondochi Svetlana Osipova kumush medalni qo‘lga kiritdi, 3 nafar sportchimiz ikki karra Olimpiada chempioni nomiga sazovor bo‘ldi, dzyudo, boks, taekvondo kabi yo‘nalishlarda eng yuqori natijalarni qayd etdi.

Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik davomida terma jamoalarimizga davlat tomonidan kerakli barcha sharoitlar yaratib berildi. Natijada ilk bor jamoaviy sport turi – futbol bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ldik. Olimpiya o‘yinlaridan keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev delegatsiya a’zolarini qabul qilib, yangi Olimpiya sikli uchun vazifalarni belgilab berdilar. Sport vazirligi, federatsiya va assotsiyalar ushbu topshiriqlar ijrosi bo‘yicha ish boshlab yuborgan.
Yutuqlar o‘z yo‘liga. Olimpiya o‘yinlari qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq ishlashimiz kerakligini ham ko‘rsatib berdi. Xususan, mashg‘ulotlar metodikasini takomillashtirish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish, murabbiylar malakasini oshirish va yoshlar orasida sportni yanada ommalashtirishga zarurat borligini tushundik.
– OLIMPIYA O‘YINLARIGA PUXTA TAYYORGARLIK JARAYONIDA DAVLATNING ISHTIROKI QAYSI JIHATLARDA NAMOYON BO‘LMOQDA?
– Davlatimiz sportchilarning yirik kompleks musobaqalardagi munosib ishtirokini ta’minlash uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qiladi. Federatsiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish, Olimpiya darajasidagi tizimli tayyorgarlik, malakali mutaxassislarni jalb qilish, uzluksiz o‘quv mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish kabi ishlar shular jumlasidandir. 2021-yilning 5-noyabrida qabul qilingan “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi Prezident Qarori bu yo‘lda dasturulamal bo‘lib xizmat qildi.
Bizda atletlarni rag‘batlantirish uchun o‘ziga xos tizim mavjudligini alohida ta’kidlash joiz. Masalan, ortda qolgan Olimpiya siklida nafaqat Parij-2024’dagi sovrindor sportchilar, balki litsenziya sohiblari va ularning murabbiylari ham rag‘batlantirildi. Asosiysi, bu tizim qatorasiga uchinchi Olimpiya siklida tatbiq qilindi.
– O‘ZBEKISTON SPORTI QANDAY RESURSLAR HISOBIGA RIVOJLANTIRILMOQDA?
– Yuqorida tilga olingan hujjat bilan sport va ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rta va uzoq istiqbolda rivojlantirish, Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadlari belgilangan. Ushbu qaror asosida sport va ta’lim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi ham tasdiqlangan.
Sportni moliyalashtirish davlat byudjetidan tashqari homiy tashkilotlar hisobidan ham amalga oshiriladi. Bu tizimda mablag‘lar Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi orqali federatsiya hamda assotsiatsiyalarga yetkazib beriladi. Qolaversa, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalarining o‘z homiylari ham mavjud, ularning ishtiroki muayyan sport turlarini rivojlantirishga yordam beradi.

Davlat nafaqat professional, balki ommaviy sportga ham jiddiy e’tibor qaratadi. Yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlari, ishchi-xodimlar o‘rtasidagi “Hukumat kubogi” kabi ommaviy musobaqalar davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Chunki ommaviy sport rivoji kelgusida oliy sport uchun yoshlarni seleksiya qilishda muhim rol o‘ynaydi.
– MABLAG‘LARNING MAQSADLI VA SHAFFOF SARFLANISHI QANDAY NAZORAT QILINADI?
– Bu borada Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi, yo‘nalishlar bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktablari, federatsiyalar bilan ishlash bo‘yicha alohida tizim mavjud. Federatsiyalarning talab va ehtiyojlari, mutaxassislarning xulosalaridan kelib chiqib terma jamoalarga mablag‘ ajratiladi. Jarayon yuqorida aytib o‘tilgan tashkilotlar tomonidan bir necha bor o‘rganib chiqiladi. Yakunda yakdil xulosa asosida ish yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi doimiy tarzda o‘z saytida xarajatlarning choraklik hisobotini berib boradi. Qolaversa, moliyaviy faoliyat mustaqil audit kompaniyalari tomonidan muntazam tekshirib boriladi.
Azamat MURODOV suhbatlashdi.




