REKORD

2024-yil 29-aprel. Indoneziyaga qarshi kechgan muhim futbol uchrashuvida 2:0 hisob bilan jamoamiz g‘alaba qozondi. O‘ylab ko‘rilsa, buning o‘zi tarixiy bir natija, hali hech qachon bo‘lmagan bir voqea edi.

Aynan shu matchdagi muvaffaqiyatdan keyin O‘zbekistonning futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasi Parij-2024 o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Gap shundaki, mamlakatimiz hali hech qachon Olimpiada o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha qatnashmagandi.

MAS’ULIYAT

Olimpiya o‘yinlariga o‘tish bizning uzoq kutilgan orzumiz edi. Biz bu uchun naqd 3,5 yil ishladik. “Olimpik” futbol klubi ham ayni shu maqsadda tashkil qilingan edi. Asosiy tarkibni ham, zaxirani ham kuchaytirdik.

Ammo oldimizga qo‘ygan katta natija – O‘zbekiston tarixida birinchi marta sodir bo‘lgan voqelikni his qilish, uni nishonlashga vaqtimiz bo‘lmadi. Parijdagi Olimpiadaga juda oz vaqt qolgan edi. Bizning oldimizga qo‘yilgan vazifani uddaladik, Olimpiadaga chiqdik, lekin albatta undan keyin “Parijga borib, shunchaki o‘yin ko‘rsatib kelsak bo‘ldi,” deya olmasdik. Bizni millionlab muxlislar kuzatishi va bizdan g‘alaba kutishini tushunardik. Bu katta mas’uliyat edi.

QO‘LLOV

Iyun oyining boshida terma jamoamizning rasmiy madhiyasi bo‘lmish “O‘zbekistonlik” qo‘shig‘i uchun videorolik tasvirga olinayotgan pavilyonga bordik. Internetda va mediada ko‘zga ko‘ringan shaxslar, bloger, sharhlovchi, san’atkorlar, yoshlar to‘plangan ekan. “Bu qanaqadir ajoyib loyihaning boshlanishi,” dedim o‘zimga o‘zim.

Haqiqatan, futbolchilarimiz uchun xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi juda zarur edi. Tez orada videorolik premyera qilindi va u tarmoqlarda, yetakchi telekanallarda, hamma yerda aylandi. “Men o‘zbekistonlikman – qonimda g‘alaba”, kuzatishimcha, qo‘shiqning ko‘pchilik qaytarib aytib yuradigan motivatsion fragmenti bo‘ldi.

HAVAS

Futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoamizning har bir a’zosida nafaqat o‘zidagi yuksak iqtidor, tirishqoqlik va mehnatkashlik, balki aynan shu qirralar yana ham rivojlanishiga hissa qo‘shgan oila va yaqinlar bor. Agar ularning ota-onasi va atrofidagilari “nima qilasan shu futbolni, ertadan kechgacha koptok tepgandan ko‘ra bo‘ladigan ish bilan shug‘ullan,” deganida hozir biz Parij -2024 o‘yinlariga chiqa olmas ham edik.

Yana futbolchilarga havas ham mahoratli sportchilar yetishib chiqishida muhim o‘rin tutadi. Uzbekistan’s club tashabbusi bilan ko‘plab tashkilot va kompaniyalar, mashhurlar, ommaviy axborot vositalari birlashib amalga oshirgan #qonimdagalaba chellenjida shunday ajoyib jihat bor edi. Bu ham bo‘lsa, millionlab hamyurtlarimizda katta ishni uddalagan futbolchilarimizga, umuman, qiyinchiliklar bilan muvaffaqiyatga intilayotgan o‘zbekistonliklarga havasni uyg‘otishdir.

Instagram hozir yoshlar orasida ham, hatto farzand tarbiya qilayotgan o‘rta yoshli insonlar orasida ham ommalashgan. Aynan u yerda olimpiadachi futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlagan holda yuzlab kreativ videolar yaratilishi bizning ham kayfiyatimizni ko‘tardi, muxlislarimiz ishtahasini ham ochdi. Ular bizga ko‘proq qo‘llov va mehr bilan qarashiga hissa qo‘shdi.

DEBYUT

Olimpiadadagi ilk uchrashuv, Ispaniyaga qarshi kechgan match yakunida tabloda terma jamoamiz mag‘lubiyatini ko‘rsatuvchi raqamlar yonib turardi. Lekin biz aynan o‘sha kuni katta bir yutuqni qo‘lga kiritganimizni his qildik. Biz chinakam jamoaviylik, bir tanu bir jon bo‘la olishga erishdik. Olimpiadaga ilk bor chiqqan terma sifatida bunday musobaqalarda bitta oltin, ikkita kumush medali sohibi bo‘la olgan favorit bir jamoaga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatdik.

Bizda kuchligina 12-o‘yinchi ham bor edi. Buni ham alohida aytib o‘tish kerak. Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilayotgan shaharga uzoq bo‘lmagan yerdan kelgan minglab ispan tomoshabinlar ovozidan balandroq hayqira olgan, bizga ta’riflash qiyin bir shuurni, ruhni sovg‘a qila olgan muxlislar bor edi. Ular nafaqat bizning, balki stadiondagi barchaning, xususan, boshqa mamlakatlar jurnalistlarining ham e’tiborini qozondi.

Men yigitlarga doim uqtirardim: “futbol shunday sportki, yutqizganingizda sizlardan yomon odam bo‘lmaydi. Shuning uchun doim o‘z ustingizda ishlab, balandroq marralarga intilavering”. Futbolning shunday, qandaydir bir adolatsiz jihati bordek edi. Lekin Olimpiada davomidagi keyingi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak ham, haqiqiy muxlislar biz bilan ekanini his qilib turdik.

Parij-2024 musobaqalari tugadi, ammo futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoamiz hamda milliy terma jamoamiz oldida hali ko‘p o‘yinlar turibdi. O‘zbek futboli yangi darajaga ko‘tarilishi nuqtayi nazardan hali hammasi endi boshlanyapti, menimcha.