10 yil davomida Germaniyada yashashiga to‘g‘ri kelgan Oksana o‘z vataniga qaytish fursatini kutardi. Musobaqalarda mamlakatga bir necha bor g‘alaba keltirgani uchun ham bu davlatda uni yaxshi ko‘rishar, e’zozlashardi. Hammasi yaxshi edi, ammo doim Berlin aeroportiga qo‘narkan Oksananing ko‘ziga yosh kelardi. O‘g‘li Alisher kasallikni yenggani hamonoq o‘z yurtiga qaytdi. Negaki, u faqat shu yerda, O‘zbekistondagina o’zini baxtli his qilardi.

Bu hissiyotni tushuntirib berish qiyin. Bir-birimizga qarama-qarshi o‘tirarkanmiz, Oksana tuyg‘ularini ifodalash uchun so‘z axtardi va oddiygina qilib shunday dedi: o‘z uyim o‘lan to‘shagim, qalbim shu yerda…

Ehtimol, o‘z Vataningni nega sevishingni anglash, anglatish imkonsizdir. Nega shu makondagi hayotingdan mamnunsan, nega bu yerdagi muammolaring sen uchun bir muncha yengil?! Keling, Oksananing his-tuyg‘ulari ifodasini, tasvirini suhbatimiz davomida bilib olamiz.

U o‘zi qo‘l urgan har qanday ishga mehr bilan yondashadi. Hayotida sodir bo‘lgan barcha og‘ir-u yengilliklarni minnatdorlik bilan qabul qilishga o‘rgandi va bunda davom etmoqda.  Baxtli bo‘lishni xohladi va bunga o‘zining qat’iyati, qolaversa qaysarligi bilan erishdi.

Endilikda u sport gimnastikasi akademiyasi direktori vazifasini zimmasiga olgan. Tokio olimpiadasidan keyin faoliyatini yakunlaganini  e’lon qilgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev unga o‘z nomidagi akademiyani ochish va uni boshqarishni taklif qildi. Azaliy orzusi bilan mos bu taklifdan behad baxtiyor bo‘ldi.

Oksana Chusovitina — Uzbekistan’s Club

Akademiya

- O‘zbek tilini o‘rganishga va’da bergandingiz…

- O‘rgandim. – (Oksana kuladi) – Qurilishda. Ish boshqaruvchi bo‘lishim mumkin. Dakki berishni ham qoyillataman.

U akademiyaga qabul qilgan o‘g‘il-qizlar uchun ish boshqaruvchi, quruvchi, direktor, psixolog va hattoki enaga bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Forma masalasi jiddiy to‘siq bo‘ldi. Ota-onalar bolalarining gimnastika bilan shug‘ullanishini xohlashadi-yu, lekin cho‘milish kiyimlarini qabul qila olishmaydi.

- Hozir kombinezonlarda ham chiqish qilsa bo‘ladi. Men ota-onalarga aytaman: gimnastika hatto arab mamlakatlarida ham mashhur yo‘nalish, qizlar yopiq liboslarda qatnashishadi, deb. Aksariyat ota-onalar har qanday sport turidagi karyerani aynan gimnastikadan boshlash mumkinligini bilmaydi. Bu sport turi yakka kurashlarda ham, boksda ham, yugurish yoki sakrashda ham birdek asos vazifasini o‘taydi. 3-4 yil qatnash va istagan boshqa yo‘nalishingga o‘tib ketaversa bo‘ladi, jon deb olishadi. Chunki koordinatsiya bor, cho‘ziluvchanlik bor, miya butun.

- Miya?

- Albatta. Shunday qoida bor: agar maktabda yomon o‘qisang, sendan yaxshi sportchi chiqmaydi. Axir, bu murakkab neyron aloqalarni o‘z ichiga oladi. Boshingiz va tanangiz bir butundir, soniya ichida siz qo‘llaringizni qanday ko‘tarishni, tanangizni qanday burishni, qanday qo‘zg‘alish va sakrashni, harakatlaringizni qanday muvofiqlashtirishni hal qilishingiz kerak. Aql bo‘lmasa, sport ham barbod bo‘ladi.

Shuningdek, Oksana rahbarligidagi akademiyada tartib-intizom juda qattiq. Bu ko‘pchilikka, aniqrog‘i, hech kimga yoqmaydi. Ota-onalar majlisida Oksana ularga murabbiydan yashirincha bolalarga  shirinliklar bermaslikni tushuntiradi, ular sportchilarga ruxsat etilgan me’yorda qancha bo‘lsa, shuncha olishadi. U bolalarga “voy qo‘llari shilinibdi, mashg‘ulotga bormaydi”, deb achinish kerakmasligini ta’kidlaydi.

Ota-onalar bilan bo‘lgan oxirgi uchrashuvda Oksana bolalar uyga faqatgina ta’tilda borishlarini e’lon qildi. Chunki ular uydan shardek semirib qaytishadi.

Oksana har qanday shakldagi qo‘pollikni xushlamaydi. Agar u o‘g‘il bolalar qizlarga yomon munosabatda bo‘layotgani yoki farrosh va oshpazlarga qo‘pollik qilishayotganini sezsa, bundaylarni hech ikkilanmay haydab yuborishi mumkin.

(Hozirda) akademiya deyarli tayyor, jihozlarni olib kirish qoldi, xolos. Oksana sport jihozlarini kamida o‘n besh yil xizmat qiladigan turdagi yevropacha sifatni xohlaydi. Bunday uskunada o‘rgatish oson. To‘g‘ri, qimmat, lekin gap O‘zbekistonning obro‘si haqida ketganda Oksana bilan savdolashib ko‘ring-chi!

Oila

  • Turmush o‘rog‘ingiz yaxshi. Ichmaydi, chekmaydi, urmaydi.
  • Ha. Bu borada omadim chopgan.

Oksaning turmush o‘rtog‘i‘ Bahodir Qurbonov yunon-rum kurashchisi, Osiyo chempioni. Alisher kasal bo‘lib qolib, uni davolatish uchun Germaniyaga ketishganida, u o‘z faoliyatini Oksananing karyerasi uchun qurbon qildi. Kimdir “uyda” qolib, barcha muammolarni hal qilishi, yana kimdir esa mashg‘ulotlarga qatnashishi kerak edi. Shunda Bahodir Isoqovich Oksanani, Alisherni, muolajalar, ayolining mashg‘ulotlari, begona mentalitet, ro‘zg‘or va yana bir dunyo vazifalarni o‘z yelkasiga oldi.

- Ba’zan o‘ylab qolaman, men u kabi yo‘l tuta olarmidim? O‘ylashimcha, yo‘q, bu juda katta qurbonlik.

         - O‘zingizni ayblayapsiz…

-  Yo‘q, albatta. U doim meni hamma narsadan asraydi, himoya qiladi, barcha muammolarni hal qiladi.

- Kim boshliq?

- Bizda boshliq yo‘q. Biz hammasini birgalikda hal qilamiz. Uning ham o‘ziga yarasha fe’l-atvori bor, lekin 25 yil birga yashashni uddasidan chiqdik. 25 yil… Ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Bahodir, yildan-yilga menga bo‘lgan sevging kamayib borayotgandek, deydi. Men esa, unday emas, bizning muhabbatimiz yig‘ilib boradigan xususiyatga ega bo‘lsa kerak, deyman.

- Qaynona?

- Men uni juda yaxshi ko‘rardim. Afsuski, u endi yonimizda emas. Ularning oilasida sakkizta farzand, hammasi meni yoqtirishadi. Ishtixonga, ularnikiga kelin bo‘lib tushganimda, hech narsani bilmasdim, kenja kelin edim. Shunda u hammaga tayinlagandi, Oksanaga tegmanglar, u shug‘ullanyapti, charchab qoladi. Ovqatni pishirishga boshqa odam topiladi, deb.

- Juda baxtli insonsiz, Oksana…

Shohsupa

- Shohsupada turganingda va madhiya yangrayotganida, barcha qiyinchiliklar, jarohatlar, og‘riq va mashaqqatli mehnatlaring evaziga buni uddalaganing haqida o‘ylaysan. Aslida har gal o‘zing bilan kurashasan, axir. Odamlar men sendek bo‘lolmayman, men uddalolmayman, deyishlarini hech tushunolmayman. Axir, siz hatto urinib ham ko‘rmadingiz! Toki muvaffaqiyatga erishmaguncha, olg‘a yurish, qayta-qayta urinib ko‘raverish kerak.

- Raqiblar esa bari yosh va baquvvat…

-Ha. Men ularning hammasini taniyman, nimaga qodirliklarini bilaman.

- Kamiga tanqidchilar Oksana allaqachon qarib qoldi, u endi hadeb o‘zi qatnashavermasdan, bolalarga ham o‘rgatishi kerak, deb jar solishadi…

- Modomiki ularga shu kerak ekan, o‘zlari o‘rgataverishsin. Nega ular men nima qilishim kerakligini hal qilishni yaxshi ko‘rishadi?

U Tokioda sportni tark etishini e’lon qildi. Biroz vaqt o‘tib esa, faoliyatini tiklaganini ma’lum qilib, Osiyo o‘yinlariga bordi va finalga chiqdi. Hozir esa Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Jahon Kubogi bosqichlari 15-fevraldan start oladi. U yerda Oksana birinchi yoki ikkinchi o‘rinni olishi kerak. Bu ham oson emas.

- Hozir tayyorlanyapman, xudo xohlasa, albatta, uddalayman. Tokioda men atrofdagilarning iddaolari ta’siriga tushib qoldim. Ular allaqachon faoliyatimni tugatish vaqti kelgani haqida gapirishardi. Boshqa hech qachon bunday qilmayman, bundan buyon faqat o‘zim to‘g‘ri deb bilgan yo‘lni tutaman. Umuman, odamlar qiziq. Bir qarasang, “bo‘ldi, sakrashni yig‘ishtir, boshqalarga ham o‘rgat”, deyishadi. Medal bilan qaytganingda esa, xuddi o‘sha odamlar, “barakalla, biz senga ishonardik”, deyishadi. Men olimpiadaga borib, medal olishni orzu qilmagan bironta sportchini bilmayman. Bordi-yu kimdir menga g‘olib bo‘lolmasligimni aniq bashorat qilib berganida ham, baribir borgan bo‘lardim. Bu mening hayotim. Siz hech qachon nima bo‘lishini oldindan bilolmaysiz, bu sport turida hech nimani bashorat qilib bo‘lmaydi. Ba’zan sen 100% tayyor bo‘la turib, muvaffaqiyatsizlikka uchrashing mumkin. Ba’zida esa uncha yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan bo‘lasan-u, lekin g‘alabaga erishasan. Keyin esa qanday qilib bunday bo‘lganiga tushunolmay qolasan. Bu ham bir omad.

Farzandining dardga chalinishi uni omadsizliklardan tushkunlikka tushmaslikka o‘rgatdi. Umr yo‘ldoshining muhabbati oyoqqa turishiga va sinib qolmasligiga yordam berdi. Sport uni afsonaga aylantirdi. O‘zbekiston uning eng katta orzusini ro‘yobga chiqardi.

Uni baxtli qilgan omil esa uning o‘zi edi. Chunki inson irodasining toblanishi unga uning o‘zidan boshqa hech kim  yordam berolmaydi.