2016-yilda Korzinka supermarketlar tarmog‘i 18 dona savdo nuqtasiga ega edi. “O‘shanda juda tez o‘sib ketayotgandek edik, yomon ko‘zlardan panaroqda bo‘laverish kerakligini o‘zimizga o‘zimiz uqtirardik” deb eslaydi kompaniya asoschisi va kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov. 2019-yilda O‘zbekiston bo‘ylab Korzinka’lardan 50 tasini sanab chiqa olish mumkin edi. Bugunga kelib bu raqamlar 200 ga yaqinlashmoqda. Kompaniya jamoasidan so‘rasangiz, ular bu marrada ham to‘xtab qolish niyatida emas.

Kompaniya yirik investorlardan tarmoqni kengaytirish, modernizatsiya, xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlash hamda Markaziy Osiyoda yagona naq 50 ming kvadrat metr maydonli – logistika markazini qurish uchun mablag‘lar jalb qilgan.

Shuning uchun savdo sohasidagi eng katta soliq to‘lovchi va ish beruvchiga aylangan ushbu kompaniya asoschisi Zafar Hoshimovga biznesni kengaytirish sirlari haqidagi savollarimiz bilan mikrofon tutdik.

BASIRAT

Tadbirkor inglizcha qilib aytganda “vision”ga, ya'ni kelajakni ko'ra bilish, o'zi qurmoqchi bo'lgan biznes va uning jamiyatdagi o'rni haqida tasavvurga ega bo'lishi zarur. Bu, ayniqsa, katta biznes barpo qilmoqchi,  o'zining savdosi, faoliyat doirasini ochishmoqchi bo'lgan ishbilarmonlar uchun juda muhim.

XAYOLOT

O'ylaymanki, haqiqiy tadbirkorlar qaysidir ma'noda xayolparast bo'ladi. Ular kelajak orzulari bilan yashash. Biznes egalari o'zlari ishlab chiqarilgan tovar yoki ko'rsatayotgan xizmat qanday qilib odamlarning hayotini o'zgartira olishi haqida tafakkur qilish kerak. Toki “odamlarning turmushiga qanday yangilik va yengillik olib kira olaman” degan o'y ularni harakatlantirsin. Shunda ular yaxshi va serdaromad biznesni tashkil qilish uchun g'ayrat topa oladi, jamoalarida xayrixoh va iste'dodli odamlar bo'ladi. Eng muhimi, doimiy qadrlaydi.

Zafar Hoshimov — Uzbekistan’s Club

ISHTIROK

Biznes yuritishni kinofilm suratga olish jarayoniga qiyoslaydigan bo‘lsak, tadbirkor unda faqatgina prodyuser yoki rejissyor kursisida o‘tirmaydi. Bu boshlangan biror ish qanday bosqichda ekaniga bog‘liq. Tadbirkorlik – dinamik jarayon. Biznesni endi boshlaganingizda o‘zingiz operator, rejissyor, kostyumer, grimchi, ssenariy muallifi va hatto bosh roldagi aktyor bo‘lasiz. Biznesingiz rivojlangani sari jarayondagi maxsus ishlarga o‘z mutaxassislarini mas’ul qilib belgilaysiz.

SHATRANJ

Muvaffaqiyatli, keng quloch ochib parvoz qila oladigan biznesmen, albatta, strateg bo‘lishi kerak. Undan turli biznes jarayonlardan iborat butun boshli kompaniya faoliyatiga yuqoridan nazar tashlash va jamoani optimal natijalar sari yetaklash talab qilinadi.

Biroq, aytganimdek, kompaniyani rivojlantirishning dastlabki bosqichlarida tadbirkor barcha bo‘limlar faoliyatida birma-bir ishtirok etadi. Shu sababli, u jarayonlar zanjirida nima sodir bo‘layotganidan yaxshi xabardor bo‘ladi.


Biznes rivojlanib borgani sari esa uning asosiy vazifasi mutaxassislar uchun kerakli resurslar va sharoitni ta’minlab
berish hamda kuzatish bo‘ladi. Hatto boshqarish ham emas. Yaxshi boshqaruvchilik mahoratiga ega to‘g‘ri mutaxassislarni to‘g‘ri pozitsiyalarga qo‘yishning o‘zi kifoya. Kattalashmoqchisiz? Operatsion boshqaruvdan chiqib, biznesning uzoq muddatli rejalari va keyingi qadamlari haqida bosh qotiring.

Saidaziz A’ZAMOV suhbatlashdi