Onam kelin bo‘lib tushganida, o‘zining aytishi bo‘yicha, qishloqdagi “Eng erka kelin” bo‘lgan emish. Onam bu gapni otam bilan urushib qolganida “hayotim xuddi gazetalarda yozilgan taqdirlar kabi bo‘ldi – barbod bo‘ldi”, deganida eslab qolardi. Bu gapni bekorga aytmasdi – hayotda o‘zi istagan hamma narsa yoki hech narsa umuman istamaganiday bo‘lib chiqqani uchun ham, xotiralari – hayotga eng ishongan paytlarini eslab, o‘kinardi.
Men hatto onamning qishloqdagi eng erka kelin bo‘lganiga ham ishonmayman hozir, uning hayoti ham qishloqdagi qolgan ayollar hayotidan farq qilmagan – kelinlik esa yangi xonadonga tushgan har bir qizning biroz vaqtgacha o‘sha xonadonga ko‘nikishi va to‘y atalmish hayotni o‘zgartiradigan voqea xursandchiligining biroz vaqt davom etadigan eyforiyasi deb o‘ylayman. Onamdan farqli momom hech qachon o‘tgan hayotini o‘kinch bilan eslamasdi. Uning qayg‘usi o‘limidan edi. Bir kun qattiq yomg‘ir yog‘di – jala edi.

Bizda qoramol va ushoq mollar ham bo‘lingan edi. Mol asosiy boylik, momomning uchta har bahor egiz tug‘adigan qo‘tir echkisi bor edi. Momom o‘zi qarardi. Onamning bitta sog‘in sigiri va uning buzog‘i bor edi. Qaysidir pallagacha hamma qoramollar momomniki edi. Momomning mollarini nima qildik, sotib yeb yubordikmi, yo uyga nimadir oldikmi – eslolmayman. Balkim momom qoramollar ham, uy ham meniki, degani uchun onam o‘ziga alohida mol qilish qasdiga tushib qolgan va qo‘lidagi kasbi – hamshiralikdan, qishloqdagi kasallarning har birining uyiga borib qilgan muolajalari haqqidan orttirib mol oldi. Buning ustiga onam uyda noqonuniy tarzda bo‘lsa ham dori sotardi. Markazdagi dorixonalardan dori olib kelib qo‘yar, faqat o‘zimizning qishloqdoshlarmas, atrofdagi qishloqlardan ham odamlar kelib dori olardi. Bizning qishloqlar tuman markazidan anchayin uzoq, dori sotadigan odamlar kam, oxir-oqibat bu onamning o‘zini va vaqti kelib bizning ham o‘qishimiz, ust-boshimiz uchun pul olib keladigan yaxshi daromad manbasiga aylandi.
O‘sha jala yoqqan kun bahorning bir kuni edi. Maysalar ko‘karib, mollar endigina ko‘k o‘tga tushgan. Ushoq mollarni daladagi maysani yesin deb ochiq dalaga bog‘lardik. Momom dalada qolgan echkilarini olib kelib, og‘ilxonaga bog‘lash uchun ketgan, qaytib uyga kirayotganida esa darvozaxonaning oldida oyog‘i loyga toyib yiqilib tushgan, ust-boshi, doim o‘rilib boshiga o‘ralgan ro‘mol ostidagi sochlarigacha loy va shalabbo edi. Momomga yomg‘irda yiqilib tushgani qattiq alam qildi – hammadan alamlisi onam o‘sha darvozaxonaning oldiga bir tog‘ora suvni ag‘darib yuborgan, battar toyg‘oq bo‘lib qolganiga momom chidolmagan edi. Onam, albatta, buni ataylab qilmagan, momom ham buni bilar, lekin ikkalasi ham bir-birini ayblash va alam olish uchun tug‘iladigan har qanday sababni o‘tkazib yuborolmasdi.

Momom jahl, nafrat va xo‘rlik bilan uyga kirar ekan, menga kelib – “men o‘lganimda kun ko‘rmay o‘tgan momom deb yig‘la”, dedi. U shundan boshqa gap aytmadi. Aytgani ham mana shu gapchalik muhim bo‘lmaganki, esimda qolmagan. Momom bu gapni shu tarzda aytdiki, xuddi ikki yelkamdan tutib silkitib-silkitib tahdid qilayotganday edi menga. Momom kelib meni silkitmagan bo‘lsa ham, uning gapi butun a’zoyi badanimni, ruhimni silkitib o‘tgandi. U bungacha ham bunaqa gapni aytgandir balki. Lekin ayni o‘sha safargidek ich-ichdan to‘liqib va hamma narsadan chindan to‘yganchalik ohangda aytmagan. Albatta, bu gapdagi zalvor va alam onamga tegishi, o‘zini aybdor his qilishi uchun edi. Onam momomga o‘xshagan kampirlarni qishlog‘imizdagi ko‘p o‘g‘il va kelinlar alohida qilib qo‘yib, non-oshiga qaramay qo‘ygani, otam onasini boshida ko‘tarib, momomga ko‘rsatayotgan bu izzat-hurmat uchun shukr aytishi kerakligi haqida nimalardir deb g‘o‘ldiragan bo‘lsa ham, o‘zini aybdor his qilganini ko‘zida ko‘rib qolgandim.
Bir-birlarini zimdan yanchishlarining cheki yo‘q edi. Ayniqsa, otam sovxozlar tugatilib, ishdan ayrilgani uchun ko‘pchilikning tirikchilik manbayiga aylangan tumanning qo‘shni mamlakat bilan chegaradagi ko‘lga baliq tutishga ketar, ba’zida ko‘proq pul olib kelish uchun ro‘zg‘orga, oylab uyga kelmay qolib ketardi. Otam bo‘lmagan kunlar dahanaki janjallar avjiga chiqar, shunaqa paytlari tushunardimki, otam bo‘lganida har ikkalasi ichidagi nafratini tashqariga chiqarishga hayiqishardi. Otam bo‘lganida ham men uchun quvonchli edi deyolmayman. Endi otam va onam o‘zaro janjallashar, onamning nolib va yig‘lab aytishicha, o‘shanaqa paytlar momom otamga aql bermas, xotiningni urma deb aytmas, qaytanga haybarakallachilik qilib, yong‘inga olov separmish. Lekin men momomning otamga onam haqida biror narsa deganini eshitmaganman. Odatda, ular alohida sirlashar edi. Aynan shu narsani onam qabul qilolmasdi. Faqat ba’zida xayol surib yarim tungacha uxlolmagan paytlarim – momomning yonida yotardim – momom pichirlab o‘z-o‘ziga nimalarnidir gapirayotganini eshitardim. Boshida e’tibor bermasdim, keyinchalik yaxshilab quloq solsam, onamning kun davomida qilgan ishlari haqida o‘z-o‘ziga gapirar, tabiiyki, norozi bo‘lar, noto‘g‘ri deb bilar, so‘kar va qarg‘ar edi. Momom bu ishni har tun qilardi. Men azbaroyi bu gaplarni eshitishdan ichim og‘riganidan, onamga yo‘nalgan qarg‘ishlarni xuddi eshitmagan kabi jimgina qabul qilishga majburligim, bu haqda birovga inday ham olmasligimni bilganimdan erta uxlab qolishga harakat qilar, xayollarimda yorug‘ hayot yaratish fikridan ham voz kechgandim. Xuddi shunday haqorat va qarg‘ishlarni onam ham kanda qilmasdi.
“Mana shu oddiy hayotni yashash qiyin!”
Ruhimizning iltijolari onam va momom uchun oddiy va muqarrar qismati oldida yagona taskin, yupanch, men uchun esa uzoquzoqlarga ketib qolish umidi edi.
Faqat onam momom kabi ichida aytmas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytib qo‘yaverardi, faqat momomga qarata aytmas, menga qarata aytar, qizim senga aytaman, kelinim sen eshit edi bu yog‘i. Men umuman tushuna olmasdim, qaysi ayblarim uchun onam menga buncha nafrat sochadi, qarg‘aydi, haqorat qiladi. Momomning pichirlashlaridan sezgandimki, aslida u gaplarning hammasi momomga qarata aytilar, lekin menga og‘ir ta’sir qilganidan men biror ish qilishdan dovdirar, o‘tirsam o‘poq, tursam so‘poq his qilib qolgandim o‘zimni. Aslida esa onam momomning o‘zini shunday his qilishini istar edi. Ammo men bola ruhiyatim bilan buni anglasam ham, ko‘tarolmas edim. Onam va momom orasidagi kelishmovchilik bir-birini yoqtirmaslikdan yo turmushning ikir-chikir tashvishlari ustidagi tortishuvdan ko‘ra chuqurroq edi. Ular hech qachon bir-birini tushunmas, bunga harakat ham qilmas, harakat qilganida ham bundan naf chiqmasdi, deb o‘ylayman. Ular xuddi ikki butunlay boshqa joydan kelib bitta daryoga qo‘shilgan irmoq edi, Oktavio Pas o‘zining she’rida ta’kidlagani kabi.

Momom va onamni butunlay boshqaboshqa bo‘lgan o‘tgan hayotlari muhiti va shuning natijasidagi hayotga qarashlari keskin ajratib turardi.
Onam tuyg‘ularini, iztiroblarini, kulgusini ham birovga ko‘rsatmasdi. Mendan ham doim shuni talab qilardi. Albatta, tuyg‘ungni ko‘rsatma, deb aytmasdi, ammo talab qiladigan harakatlari shunga olib kelishi kerak edi. Bu mening nazarim bo‘yicha, momomdagi ochiqlikka butunlay zid edi. Yozyapman-u, ammo men momomni baholay oladigan darajada yaxshi bilarmidim, degan shubhaga boryapman – demak, momom borasidagi ba’zi baholarimda hali nohaqman, yaxshi bilmasligimni tan olib boryapman. Onamdagi bu yopiqlik hayotni qabul qilolmasligidan deb o‘ylayveraman – hozircha boshqa javobim yo‘q. Unga istaganini bergan emas, istaganini bermagan hayotni qabul qilish – undan ham yomoni, bu hayotda oddiy bir insonligini, oddiy ayolligini... Men onamda ko‘rganim doimiy iztirob, viqor evaziga doim onamda oddiy bo‘lmagan nimadir bor deb o‘ylaganman yoki barcha farzandlar onalarini shunday qabul qilishadi. Onam va momom o‘rtasida qolib ketganimda ham momomning oddiy bir insonligini bilardim, lekin onam nazarimda unday emas edi va u o‘zini o‘z viqoriga mos idealdagidek tutishi kerak edi. Biz ayni shu vajdan onam bilan juda ko‘p janjallashganmiz, bir-birimizni umuman tushunmaganmiz va men onamni shunchaki bir oddiy ayol sifatida qabul qilishga yillar davomida qiynalib keldim. Odatdagi janjallarimizdan birida onamni jerkib tashlab, nimalarnidir tushuntirarkanman – onam endi mutlaqo xotirjam tarzda: “Men oddiy ayolman, ko‘p narsani bilmayman, qishloqdan chiqmaganman, faqat shu qishloq doirasidagi narsanigina bilaman, menga bunday tushuntirishing shart emas, bo‘lganim shu”, – dedi. Onam allaqachon hayotiga ko‘nib bo‘lganini o‘shanda nogoh anglaganman (onam ko‘ngan hayotga ko‘nish ba’zan menga qiyin kechadi). “Mana shu oddiy hayotni yashash qiyin!” Bu gapni onam aytmagani aniq, ammo men onam aytgan gaplar ta’sirida yurganimda kimdir aytdi – balki ko‘chada ketayotganimda kimningdir suhbatida eshitib qoldim, balki bu bir gallyutsinatsiya.
Onam, momom, men ham mana shu oddiy hayotimizda yolg‘iz va o‘zaro bir-birini tushunishga qiynalgan va o‘ta bir-biriga bog‘liq odamlarning – har birimizning ruhimizning o‘z iltijosi bor edi. Onam o‘choq ustida, qozonning 4 chetiga yog‘ quyib iltijo qilar, momom yotayotganida duo o‘qir, men esa yerquduq bo‘yida suvga qarab duo qilardim. Ruhimizning iltijolari onam va momom uchun oddiy muqarrar qismati oldida yagona taskin, yupanch, men uchun esa uzoq-uzoqlarga ketib qolish umidi edi.


