Bugun O‘zbekistonda jadidlar mavzusiga ko‘p murojaat qilinyapti, ular tarixni o‘zgartirgan muhim harakat deb hisoblanyapti. Shaxsan menga bu juda yoqimli, chunki jadidchilik chindan ham kuchli mafkura va samarali harakat edi.
Lekin negadir jadidlar deganda asosan erkak namoyandalar tilga olinadi: Behbudiy, Qodiriy, Cho‘lpon, Ibrat, Avloniy... Ayollar qiyofasini esa deyarli ko‘rmaymiz, nomini deyarli eshitmaymiz. Vaholanki, ular bor edi, faol edi. Ular orasida ham jonini g‘oya uchun fido qilganlar, qatag‘onga uchraganlar ancha topiladi.
Mana ulardan ayrimlari: Anbar Otin,Xayriniso Majidxonova,Maryam Sultonmurodova, Tursunoy Saidazimova, Ma’suma Qoriyeva, Ruqiya Xo‘jayeva.
Ayollarning qilgan ishi u yoqda tursin, ismi, qiyofasi ham zamon talabi bilan zamondoshlar tomonidan kam tilga olingan va yoritilgani rostdir. Lekin o‘tgan yuz yil davomida ham ular haqida jiddiy tadqiqotlar kuzatilmadi. Balki bu bo‘shliqni to‘ldirish vaqti kelgandir?
Jadid ayollar o‘z ahvolini o‘nglash uchun avvalo ta’limga, keyin so‘zga (badiiy adabiyot), keyin esa teatrga murojaat qildilar. Shu sababli ham jadid ayollar deganda birinchi navbatda muallimalar (otin oyi), shoiralar va aktrisalar tilga olinadi.
Biroq XX asrning boshlarida turli sohalarda ayol kadrlar kerak edi: shu bois xotin-qizlar shifokor, kimyogar, huquqshunos kabi muhim yo‘nalishlarda ta’lim ola boshladilar. Ular orasida bir qanchasi “Ko‘mak” fondi yordamida Germaniyada o‘qidilar. Ular jamiyatni o‘zgartiruvchi “yumshoq kuch” bo‘lishni maqsad qilgan edilar.
Afsuski, Germaniyada tahsil olgan momolarimiz keyinchalik sho‘rolar qatag‘oni qurboni bo‘ldilar – taqiqqa tushdilar, hibsga olindilar, ayrimlari qatl qilindilar... Ularning ba’zilari hali turmushga chiqmagan, boshqalari homilador, yana birovlari qo‘lida chaqalog‘i, uyida norasida farzandlari bor edi.
“Onamning aytishlaricha, — deb xotirlaydi Maryam Sultonmurodovaning qizi Anoraxon Davronova, —1937-yilning 30-avgustida Toshkent shahrining hozirgi Oloy bozori yaqinidagi Uyezdnaya ko‘chasi 13-uydan erta tongda ikki harbiy kiyimli kishi kelib, to‘satdan qo‘llarida 5-6 oylik chaqaloqlik vaqtimda onamni men bilan birga haydab qamoqqa olib ketishgan. Onam 1947-yil, ya’ni 10 yildan so‘ng birinchi marta qamoqdan kelgunicha men ammamlar qo‘lida, akam Po‘latbek Ahmadbekov avval yetimxonada, so‘ng xolam Gulchehra opa qo‘lida onaga zor bo‘lib katta bo‘ldik.
Ya’ni bir ayolning kurashi nafaqat o‘zini qurbon qilish, balki oilasini, yaqinlarini, atrofidagi mikroolamni jiddiy xavfga qo‘yish edi. Ular shunday qurbonliklar berdilar, ular shunday jasur edilar.

XX asrning boshida Turkistonda kechgan jiddiy siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar davrida ayol o‘laroq mavjud bo‘lish oson emas edi. Bir yoqda “O‘zbekistonning kelajagi qanday bo‘ladi?” degan savol ustida bolsheviklar va jadidlar qarashlari to‘qnashdi, urushlar bo‘ldi. Boshqa tomondan og‘ir iqtisodiy ahvol, yana diniy taassublar...
Har qanday qiyinchiliklar avvalo ayollarning turmushida aks etdi.
Jahon-og‘uga kelgan Anbarotinman,
Gʻamu qayg‘uga kelgan Anbarotinman.
Yamon soatda keldim man jahonga,
Ini jodug‘a kelgan Anbarotinman.
Adab ahli oyoq ostida xordur,
Chunin yog‘dug‘a kelgan Anbarotinman.
Anbar otin – ilk jadid ayollardan. U o‘zini noto‘g‘ri zamon va makonda dunyoga kelgan deb hisoblaydi. Ya’ni davrni va tuzumni tanqid qiladi. Uning “Qarolar falsafasi” asarini bir o‘qib ko‘ring. Jamiyatdagi ijtimoiy notenglik, iqtisodiy tanglik, siyosiy ko‘rlik va maishiy qoloqlik fojiasini kamida Didro, Kant, Monteskyo, Russo darajasida tahlil qilib bergan. Lekin u ayol edi, ovozi eshitilmadi...
Jadid ayollar – biz juda kam biladigan insonlar. Asli bugungi o‘zbek ayollari aksar huquqlari uchun ulardan minnatdor bo‘lishi kerak. Shu sababli ham tarixning chodrasi ortida yashirin qolib ketayotgan ushbu dadil, faol va ilmli momolarimizning nomi kengroq targ‘ib qilinishini istayman.


