Bugun sug‘urta kompaniyalari nafaqat moliyaviy xavfsizlik kafolati, balki jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikning ham ajralmas qismiga aylanmoqda. O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalari ichida GROSS qisqa muddatda o‘z mijozlarining ishonchli hamkori sifatida tanildi. Kompaniya marketing samaradorligi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallab, xalqaro va mahalliy reytinglarda yuqori natijalarga erishdi. Uzbekistan Club’ jurnali kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishdi va uning boshqaruvi raisi Otabek Nazarov bilan suhbatlashdi.

SUG‘URTA BILAN KO‘NGIL XOTIRJAM 

Yillar davomida GROSS’ga rahbarlik qilib kelar ekanman, kunni bir savol bilan yakunlayman: “Bugun biz kimning hayotini yengillashtirishga muvaffaq bo‘ldik, mijozlar muammosini qay darajada bartaraf etdik?” Biz mijozlarimizga faqat xizmat ko‘rsatibgina qolmaymiz, balki tinglaymiz ham. Ular bizning hamkorimiz, har qanday barqaror hamkorlik esa ishonch ustiga quriladi.

Hozirda GROSS dunyoning 79 mamlakatidagi sug‘urta hamkorlari bilan ishonchli aloqalar o‘rnatgan. O‘zbekistonda yillar davomida marketing samaradorligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab kelyapti. Moliyaviy barqarorlik va ishonchlilikni baholovchi dunyoning yetakchi agentliklaridan biri Fitch Ratings kompaniyamizni B+ reytingiga loyiq topdi. Bu bizni xalqaro miqyosda o‘z majburiyatlarini bajara oladigan, barqaror tuzilishga ega tashkilot sifatidagi darajamiz. Ammo ta’kidlash kerakki, kompaniyamiz o‘z faoliyatini raqamlar bilan emas, odamlar hayotiga ta’siri bilan o‘lchaydi. Shu yondashuv asosida bir qator ijtimoiy tashabbuslarni hayotga tatbiq etdik. Ulardan biri respublika bo‘ylab yo‘l harakati madaniyatini oshirishga qaratilgan “Xavfsiz harakat” loyihasidir. 2023-yildan buyon kompaniyamiz bu tashabbusni Toshkent shahar IIB, Yoshlar ishlari agentligi, Uzum kompaniyasi va boshqa ijtimoiy mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirib kelmoqdamiz.

“Xavfsiz harakat” tashabbusi doirasida GROSS nafaqat vizual ogohlantirishlar orqali haydovchilar xabardorligini oshirdi, balki jamiyatning turli qatlamlariga bevosita ta’sir qiluvchi choralar ishlab chiqdi. LED-ekranlardagi yo‘l belgilari, bolalar uchun ishlab chiqilgan yorituvchi shoppperlar, qoidabuzarlik qilmagan haydovchilar uchun motivatsion tabriknomalar va imtiyozli polislar – bularning barchasi yo‘l harakati madaniyatini shakllantirishga xizmat qildi. Reper Konsta va xonanda Anvar Jo‘rayev ishtirokidagi ijtimoiy klip esa loyihaning emotsional kuliminatsiyasi bo‘lib xizmat qildi. Toshkent xalqaro marafonida esa “Kids Run”, “Nordic Walking” va imkoniyati cheklangan sportchilar uchun alohida startlar tashkil qilindi.

GROSS bugun O‘zbekistonda innovatsion sug‘urta yondashuvlarini hayotga tatbiq etgan, inson salomatligi va xavfsizligini ustuvor maqsadga aylantirgan brend sifatida tanilgan. Polislarga onlayn buyurtma, 24/7 ko‘mak markazi, 160 mamlakatni qamrab oluvchi travel- sug‘urta va 300 klinika hamda 500 aptekadan iborat tibbiy hamkorlik tarmog‘i bunga dalildir.

BARCHASI HAYOTIMIZNI YAXSHILASH UCHUN!

2024-yilda biz GROSS’ning ijtimoiy faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaror qildik. Shu maqsadda HAYOT ijtimoiy loyihasi'ga asos solindi. Biz bu fondni jamiyatda ko‘p yillardan beri mavjud, ammo e’tibordan chetda qolayotgan muammolarga amaliy yechim topish uchun yo‘lga qo‘ydik.

Ushbu fond bir nechta yo‘nalishlaridagi e’tibordan chetda qolayotgan muammolarini tizimli va uzoq muddatli yondashuvlar asosida hal qilishga bel bog‘lagan. Masalan, tabiat hayoti yo‘nalishimizda O‘zbekistonning boy tabiiy merosini saqlashga va uni kelajak avlodlarga yetkazishga harakat qilmoqdamiz. Qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar va tabiat yodgorliklarida ekologik infratuzilmani yaratish, salomatlik yo‘laklari, vizit-markazlar, ekoturizmni rivojlantirish kabi tashabbuslar tabiiy boyliklarni muhofaza qilish hamda fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu borada biz Rossiyadagi “Заповедное посольство” fondi bilan hamkorlik qilyapmiz. Ular bilan birgalikda xalqaro ekoturizm dasturlari, ilmiy-tadqiqot loyihalari, ekologik diplomatiya va IT-yechimlar ustida ishlayapmiz.

Madaniy hayot yo‘nalishi orqali biz o‘zbek tili, folklori va milliy madaniyatni raqamli muhitda mustahkamlashga bel bog‘laganmiz. “Hayotiy til” deb nomlangan loyiha doirasida o‘zbek tili uchun lug‘atlar portali, maqol va matallar, ertaklar, idiomalar, dialektlar va ularning izohli bazasi yaratilmoqda. Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosida til resurslarini rivojlantirish, yangi texnologiyalar yordamida o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash ham ushbu loyiha maqsadlariga kiradi.

Inson hayoti yo‘nalishida esa biz odamlarning xavfsizligi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab- quvvatlaymiz. “Maktabga  xavfsiz yo‘l” tashabbusi orqali chekka hududlarda yashovchi bolalarning maktabga borish yo‘llarini qulay va barqaror qilish ustida ishlamoqdamiz. O‘zbekistonda, ayniqsa, chekka hududlarda minglab bolalar har kuni maktabga borish uchun xavfli yo‘llarni bosib o‘tadi. Ayrim hududlarda daryo ustidan o‘tadigan vaqtinchalik ko‘priklardan, avtomobillar qatnovi zich bo‘lgan magistrallardan o‘tishga majbur. Qishda qor, yozda issiq, ayrim joylarda hatto yo‘lning o‘zi yo‘q. Biz bu muammoni real yechim bilan hal etishga qaror qildik. Hududlar o‘rganilib, maktablarga maxsus avtobuslar ajratilmoqda. Bu avtobuslar bolalarni ertalab uyidan olib, maktabga yetkazadi va darslardan so‘ng sog‘- salomat uylariga qaytaradi.

Umuman olganda, bugun HAYOT ijtimoiy loyihasi – bizning kelajakka ishonchimizning amaldagi ifodasi aylandi. GROSS esa endilikda oddiy sug‘urta kompaniyasi sifatidagi faoliyati darajasidan – jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olgan va hech bir inson taqdiriga befarq bo‘lmagan zamonaviy brendga aylanib ulgurdi.

Iroda NASIMOVA suhbatlashdi.