(hikoya)

Sizlarni bilmadimu, men sevgilim haqida xayol surish uchun teatrga boraman. Toshkentda kim haqidadir soatlab xayol surish uchun bundan yaxshi  joyni topish amrimahol. Yarim litr muzday “Coca-cola” hamda to‘rt yilu sakkiz oylik achchiq, omadsiz muhabbatim xotiralaridan bo‘lak  hech kim va hech narsa menga sherik bo‘lmaydi. 

Toshkent san’at asarlarini suv tekinga sotadigan kamdan-kam uchraydigan poytaxtdir. Bugun  ham bilet uchun atigi 35 ming so‘m – 3 dollar sarfladim. Kulgili narx, sahnada esa yuzdan ortiq odam ter to‘kadi. Hijolat bo‘lasan kishi… Teatr jamoasiga achinaman – ba’zilari bizda o‘qituvchilardan ham battar kun ko‘rishadi, uysiz, mashinasiz, to‘ylardagi choy-chaqalarini aytmasa, maosh oyning o‘ninchi kuniga ham bormay Orol dengizi kabi qurib bitadi. Azbaroyi san’atsevarligi yo bo‘lmasa kelajakda shon-shuhrat borasidagi yaltiroq orzular bilan yashaydi. Ayrimlarining esa boshqa ishni eplashiga ko‘zi yetmagani uchun  ham sahna atrofida o‘ralashib yuradi va biri ikki bo‘lmay qariydi, ursang ham ketmaydi. Achinarlari taqdirlar.

Mayli, bugun men aktyorlar haqida o‘ylab ezilgani emas, faqat va faqat sevgilim haqida shirin o‘ylarga berilish uchun keldim. Hozirgi kunda diqqatni bir soat bir joyda ushlab turishning o‘zi mo‘jiza bo‘lib qoldi.

Oydin 22 yoshda. Men uni sevaman.

O‘lay agar, uni bir ko‘rishdayoq telbaga aylanganman. Chin gapim shu: bir marta ko‘rdim, tamom, men avvalgi tartibli, halovatli hayotim butkul izdan chiqishini ich-ichimdan angladim.  

Oydinga ko‘r-ko‘rona mubtalolik boshlanmasidan oldin menda hech qanday sevgi tajribasi, “o‘ldim-kuydim” bo‘lmagan, balki bari telbalikning bosh sababi shudir, chunki bu dunyo faqat tajribasizlarning boshini g‘urra qilishga usta.

Mana, oradan besh yilga yaqin vaqt o‘tsa ham, Oydin o‘jarlik bilan  tutqich bermaydi. Men esa borgan sari asabiy va jahldor oshiqqa aylanib qolayotganimni, qisqa qilib aytganda, hayotim tizginsiz, dabdala bo‘lib ketganini sezib turibman. To’rt oydan so‘ng javobsiz sevgimga besh yil to‘ladi va bu besh yil meni butunlay boshqa odamga, avvalgi hayotimdan faqat suratimni  ko‘chirgan bir yangi  va baxtsiz nusxaga aylantirib qo‘ydi.  Men yangi odamga aylandim, u eskisiga pasportdagina o‘xshaydi, xolos. Men yangi odamni yomon ko‘raman, lekin burungi kunlarga qaytishga ham yo‘l yo‘q.

Oydinga har kun Telegramdan yozaman, qisqa javoblar keladi, bo‘lgani shu!  Qoliplarga solingan soxta salom-aliklar – smayliklarni menga loyiq ko‘radi. Itdan yomon ko‘raman nimadir yozgan odamga osongina faqat layk bosib qo‘yadiganlarni, ko‘rgani ko‘zim yo‘q, nafratlanaman hatto... Bu nafrat faqatgina javobsiz muhabbatdan emas; 8 million qarz olib, uch yarim yildan beri bermayotgan va har muqaddas juma kuni bir xil so‘zlar ila tabrik suratini jo‘natadigan qo‘shnim ham sabab. Men unga bergan pulga qo‘shib mashina olmoqchi edim, plastik kartamga har oylik maoshdan bir million jamg‘argan edim, endi esa bu orzuni ko‘mdim. Uning “erta beraman, indin beraman, uy sotaman, mol sotaman, keyin beraman” degan vajlarining turfa xiliga ko‘milib ketdim, men tongimni u qanday yangi sabab ixtiro qilishini o‘ylab orttirgan kunlarim bo‘lgan.

Hozir hammasidan charchadim, asabiylik yuragimni tamom qilishidan qo‘rqaman. Pul “qulog‘ini ushlab” ketganidan ham emas, Toshkent ko‘chalarida mashina haydashga bardoshim yetmasligi haqida o‘ylayman. Qo‘shnim qarzini berdiyam deylik, men yana o‘zimni tergab-tejab pul yig‘aman, mashina olaman va  har qadamda turli balo uchraydigan ko‘chaga chiqamanmi? Yo‘q, yo‘q! Bizda haydovchilarning to‘qson foizi negadir doim shoshgan va darg‘azab, nimadandir noligan, bir-birining ustiga haydagan, sabrsiz. Shu to‘daga qo‘shilamanimi? Yo‘q, also!

Qo‘shnim qarzini bermagani durust ekan. Shu o‘tgan uch yarim yil ichida shaharni piyoda kezishni qadriyatimga aylantirib oldim. Mashina olishdan butunlay voz kechdim, pulni esa mashina uchun yig‘moqchi edim. Demak, endi qarzini qaytarishi umuman kerak emas. Shu qarorga kelgan kunim eng baxtli kunlarimdan bo‘ldi.

Toshkentni piyoda kezganda ajib go‘zalliklarni ko‘rasiz, tartibsizlik ichidagi bir uyg‘unlikni payqaysiz, rayhonlar ekilgan hovlilar bilan birga, tor kulbalarga duch kelasiz, ulug‘vor masjidlar oralab ajoyibu g‘aroyib bozorlarga o‘tib qolasiz. Muhtashamlik va g‘ariblik ichra ingrayotgan shahar manzaralari sizga bir ulkan san’at asarining dekoratsiyasini eslatadi.

Men bir kuni tongda unsiz ko‘zyosh to‘kayotgan Toshkentni ko‘rganman. O, dahshat!  Unsiz, qo‘llari bilan og‘zini berkitgancha bir chekkada yig‘layotgan betakror Toshkent.

Shuning uchun har juma qarzdorning tabrik SMSlari kelar ekan, menga umidsiz javoblar berayotgan sevgilimdan boshqa narsani esga olmayman. Qiz na yo‘q, na ha deydi, na erga tegadi, na bizga imkon beradi; savol va jumboqlar ichida uni battar sevib qolgandirman balki.

Ko‘rishganimizda ham doim jim, lablari titragancha nimanidir aytmoqchi bo‘ladiyu, ammo hech nima demay, doim bezbetlarcha irshayib, uni kutib turadigan qizil mashinasi tomon chopadi.

Gohida asabiylikdan uning hayotiga suqilib kirishni istayman, buning yomonligini bilaman, lekin nima qilay, Telegramdan keladigan smayliklarga ishonib yashamayman-ku!

Oydin mashina qo‘yadigan joyga kameralar qo‘yganimga sabab ham shu. U ulovini o‘chirayotganda yoki o‘t oldirayotganda ko‘rib turishni istayman, joyiga kimdir mashinasini qo‘yganda asabiylashadi – yanada go‘zallashadi, ancha vaqt kutadi va o‘sha onlarda mening aziz filmim biroz cho‘ziladi va bu menga Neftlix teleseriallaridan ko‘ra ko‘p karra maroqli tuyuladi. Ammo uning dardini hamon bilmayman; kimni kutadi, kimga ishonadi, kimni sevadi, kimniki bo‘ladi – shu savollar bilan umidsizlangancha uni juda sevaman.

Men bugun yana uni o‘ylash uchun teatrga keldim, ammo bu yerda meni nimalar kutayotganini hali bilmasdim.

(Hikoyadan parcha)