O‘zbekistonda 2023-yil may oyida Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi qoshida “Delivery Unit" (Natijalarga erishish ofisi) tashkil etildi.
“Delivery Unit” modeli ilk bor 2001-yili Buyuk Britaniyada vujudga keldi. Mazkur model natijadorlikka erishishda o‘ta samarali hisoblanadi, negaki u kam sonli ustuvor vazifalarni belgilab olib, ularga kuchli e’tibor qaratish, ma’lumotlarni to‘plash hamda tahlil qilishga asoslanadi. Shuningdek, vazirliklar va idoralarning o‘zaro munosabatlarida bo‘ladigan odatiy byurokratik formatlarga barham berib, muammolarni tezkor hal qilish va hisobdorlikni ta’minlashga yordam beradi. Keyinroq ushbu yondashuvdan ko‘plab boshqa mamlakatlar, jumladan, Malayziya, Indoneziya, Chili, Tanzaniya, JAR, Syerra-Leone, Gana, Kosta-Rika, Avstraliya, Pokiston, Peru, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Ugandada ham foydalanilgan.
Bizning ofisimiz – tajriba maydonchasi, bu yerda davlat xizmatlarini ko‘rsatish yondashuvlari qayta ko‘rib chiqiladi, ijtimoiy innovatsiyalar joriy etiladi, yangi samarali mexanizmlar ishlab chiqiladi.
“Delivery Unit” O‘zbekistonda uchta asosiy sohaga urg‘u beradi: xalq ta’limi infratuzilmasi, ijtimoiy sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti. Prezident Administratsiyasi tomonidan fuqarolar farovonligi uchun katta ahamiyatga molik 12 ta ijtimoiy indikator tasdiqlangan. Masalan, ijtimoiy sog‘liqni saqlash sohasida 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan.
8 million nafar bolalarni yod preparatlari bilan ta’minlash haqida so‘z boradi. Yoki ayollar orasida ko‘krak va bachadon bo‘yni saratoni keltirib chiqaradigan erta o‘limni kamaytirish, chekka hududlardagi 5,2 million aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, 10 ta yirik sanoat shaharlarida sanoat oqava suvlarini monitoring qilish yoki markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi bilan qamrab olingan shahar aholisi ulushi oshirilishini ta’minlash kabilarni misol sifatida keltirish mumkin. Ta’lim sohasida asosiy e’tibor infratuzilmaga qaratiladi. Viloyatlarda suv, internet tarmog‘i va boshqa tegishli jihozlar bilan ta’minlangan, nogironligi bor shaxslar uchun qulayliklar yaratilgan yangi maktablar, ijtimoy inshootlarning energiya samaradorligi va ularning suv bilan ta’minlanganligi hamda sanitariya shart-sharoitlari – ushbu barcha ko‘rsatkichlar fuqarolarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
“Delivery Unit" bizga nima beradi? O‘zbekistonda shunday holat yuzaga kelganki, davlat dasturlarini amalga oshirishda me’yoriyhuquqiy hujjatlar tayyorlashga juda ko‘p e’tibor qaratiladi, biroq oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish yoki dasturlarni amalga tatbiq etish samaradorligini baholashga kamroq ahamiyat beriladi. Biz “Delivery Unit" sifatida aniq natijalarga diqqatni jamlab, kamchiliklarni tuzatishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Davlat dasturlari qanday amalga oshiriladi? Natijalar monitoringiga fuqarolar jalb etilganmi? Maqsadga erishish jarayonidagi natijalarni tahlil qilish uchun dinamik ma’lumotlar to‘planyaptimi? Barcha davlat organlari hukumat tomonidan qo‘yilgan maqsadlariga erishish uchun jipslikda ish olib boradimi? Jamiyatda biron-bir axloqiy me’yor va odatlarni o‘zgartirish zarurmi? Bizni shu kabi savollar qiziqtiradi.

“DELIVERY UNIT” MODELI ILK BOR 2001-YILI BUYUK BRITANIYADA VUJUDGA KELGAN. MAZKUR MODEL NATIJADORLIKKA ERISHISHDA O‘TA SAMARALI HISOBLANADI.
Masalan, agar byudjetdan yoki xalqaro moliya intstitutlari kredit mablag‘lari hisobidan hududlarda suv ta’minoti bo‘yicha infratuzilma loyihalari moliyalashtiriladigan bo‘lsa, qayta aloqa botini ishga tushirish va aholi punktlarida qurilish xarajatlari miqdorini ko'rsatuvchi bannerlarni joylashtirish mumkin. Bundan maqsad: odamlar aynan qachon ularning qishloqlariga quvurdan suv kelishi haqida boxabar bo‘lsinlar. Aholi tortib kelinayotgan quvurning rangi va parametrlari qandayligi, qayergacha – uylarigachami yoki katta ko‘chagachami – yetib kelishi, uyga qayerdan chelaklarda tashib kelish kerak bo‘lishini bilishi lozim. Shuni qayd etmoqchimanki, xalqaro moliya institutlarining suv ta’minoti sohasidagi joriy portfeli hajmi 2,2 mlrd AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 22 ta loyihani qamrab oladi. Joylarda jamoatchilikni jalb etmasdan turib loyihalar amalga oshirilishini kuzatib borish deyarli imkonsiz. Muhimi, fuqorolarning infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirokchisi bo'lishidir.
Muxtasar qilib aytganda, muammolarning samarali yechimlarini izlash zarur, nostandart yo‘l tutishdan cho‘chimaslik kerak, natijadorlikni albatta baholash va barchasini raqamlar bilan asoslash lozim. Biroq, shu bilan birga har qanday davlat dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun barcha manfaatdor tomonlarni birlashtirish maqsadga muvofiq. Va albatta, jiddiy samaradorlikni ta’minlash uchun strategik kommunikatsiyani ham unutmaslik kerak.
Yil oxiriga qadar barcha fuqarolar geografik axborot tizimi asosida maqsadga erishishni amalga oshirishdagi o‘sishni monitoring qilishi mumkin. Bundan tashqari, biz choraklik onlayn hisobotni joylashtiramiz va erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanlari o‘tkazamiz.
Mening ikki ishtiyoqim – davlat boshqaruvi samaradorligi va ijtimoiy soha – “Delivery Unit" faoliyatida birga jam bo‘ldi.
Quyida biz davlat tashkilotlariga natijadorlikka erishishda ko'maklashayotgan 12 kompleks ustuvor maqsadlarni keltiryapmiz. Ularni faqat birlashibgina amalga oshirish mumkin. Axborotlarni tahlil qilish, ijtimoiy innovatsiyalar va jamoatchilik bilan ishlash borasida faollik talab qilinadi.
Qayd etishim kerakki, barcha davlat organlarida biz progressiv rahbarlarni, serg‘ayrat professionallarni uchratamiz. Ular bilan mamlakatimiz taqdiri uchun muhim bo‘lgan maqsadlarga erishish yo‘lida birga ishlash – biz uchun sharaf.
1. Mamlakatning barcha hududlaridagi bolalarni mikronutrientlar, antigelmint va boshqa dori vositalari bilan ta’minlash hisobiga ularning jismoniy va aqliy rivojlanishini yaxshilash;
2. 30-69 yoshlardagi aholi o‘rtasida kasallikni erta aniqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hisobiga yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklaridan bevaqt o‘lim holatlarini kamaytirish;
3. Ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash va ularni davolashga jo‘natish hisobiga erta o‘limni kamaytirish;
4. Saratonni o‘rganish, uning oldini olish va unga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni rejalashtirish va baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan saraton registri axborot tizimini (xalqaro standartlar) yaratish;
5. 2026-yilgacha maktablarda qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rni yaratish;
6. Har bir maktabda 2026-yilga kelib ichimlik suvi, qo‘l yuvish suvi va sanitariya me’yorlariga javob beradigan yaxshilangan hojatxonalar bo‘lishi lozim;
7. 2026-yilgacha elektr energiyada uzilishlar bo‘lib qolgan holatlarda o‘quv jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun har uch maktabdan biri quyosh energiyasidan (panellar, maishiy jihozlar) foydalanish imkoniyatini yaratish;
8. 2026-yil oxirigacha qo‘shimcha 5,5 mln kishini markazlashgan suv tarmog‘i bilan ta’minlash;
9. 8 ta sanoat shaharlarida sanoat oqava suvlarini kamaytirish hisobiga aholi salomatligiga xavfni qisqartirish;
10. Poytaxtdan tashqarida 6 ta hududda ichimlik suvi ta’minotining mavjud davrini 50%(soatlar)ga oshirish;
11. Iste’mol qilinadigan ichimlik suvi sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan aholining foydalanishini yo‘lga qo‘yish;
12. Markazlashgan kanalizatsiya ta'minotini yaxshilash.
Aziza Umarova


