O‘zbekistonda oliygohlar qanday jamoatchilik vazifalarini bajarishi lozim?
– Shaxsan mening hayotimda oliy ta’lim har doim misli ko‘rilmagan inqilobiy rol o‘ynagan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamfikr do‘stlar berdi, yaxshi o‘qish orqali hammasiga erishish mumkinligiga, ta’lim juda muhimligiga ishonch paydo qildi. Magistratura tahsili yangi ilhom bag‘ishladi, tafakkur doiramni kengaytirib, xalqaro biznes sohasidagi poydevor bilimlarni hosil qildi. Keyinchalik har gal biznes maktablarda tahsil olarkanman (O‘zbek-yapon markazi, Skolkovo biznes maktabi, Mustaqil direktorlar uyuyumasi) aniq maqsad va kutilmalarga asoslangan, ixtisoslashgan yangi bilimlarni olardim.
Keyinchalik “Universitetlar qanday boshqariladi” ta’lim kursi va “21-asrda oliy ta’lim” kurslarida o‘qigach, zamonaviy jamiyatda oliy ta’lim dargohi funksiyalari haqida o‘ylay boshladim. 2020-yilda TEAM University’ni tashkil etish orqali biz, mamlakatdagi yetakchi tadbirkorlar jamoasi bu loyihada eng ilg‘or g‘oyalarimizni amalga oshirishni maqsad qildik. Hukumatning ilk tadbirkorlik universiteti – TEAM’ni tashkil qilish haqidagi qarori katta ustunlik berdi, sodda qilib aytganda, ilgari yurtimizda kuzatilmagan yangilik tajriba tarzida amalga oshirildi. Shunday qilib, avvaliga tinglovchi, keyinchalik esa universitet hammuassisi sifatida taqdir izni bilan, nazarimda, bu muhim amaliy vazifa – universitetlar jamiyatimizga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerakligini tushunish jarayoni ishtirokchisiga aylandim. Demak, bu mavzuda birgalikda fikr yuritishga harakat qilamiz.
“Universitetlar va diniy muassasalar yuz yillar davomida barhayot yashaydi”. Qayerdadir shu jumlani o‘qigandim. Keyin o‘ylanib qoldim: chindan ham, biz yaratadigan kompaniyalar va ularning mahsulotlari nari borsa 5-10 yil yashar; mabodo kompaniya 25 yil faoliyat ko‘rsatsa bormi, bu asoschi va jamoani tabriklashga arzigulik yirik voqeaga aylanadi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, oliygohning missiyasi avloddan avlodga o‘tib oradi. 2005-2006 yillarda Sent-Endryuz (St Andrews) universitetida magistratura tahsilini olayotganimda uning yubiley sanasiga faol tayyorgarlik ko‘rilardi. O‘sha paytda uning asos solinganiga 592 yil bo‘lgan, 8 yildan keyin esa 600 yillik yubiley sanasi nishonlanishi kerak edi. Mamlakatingda bunday universitetlar bir-ikkita emasligini tushunganingda, ularning insonlar va sohalarga ta’siri milliy yoki hududiy chegaralar bilan cheklanib qolmasligini, ular global ko‘lamga egaligini anglaysan. Bunday uzoq muddatli rejalashtirish, missiya va istiqbol ko‘lamini tushunish mas’uliyat hissini paydo qiladi. Fikrimcha, O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari o‘z missiyalari haqida, jamiyatda qanday vazifani bajarishlari haqida o‘ylab ko‘rishlari lozim.
TEAM UNIVERSITY hammuassislari
Zafar Hoshimov
Korzinka.uz asoschisi va bosh direktori
Hikmat Abdurahmonov
HM Partners kompaniyalar guruhi hammuassisi
Muzaffar Qosimov
HM Partners kompaniyalar guruhi hammuassisi
Anvar Irchayev
Orient Capital Management asoschisi, Universalbank kengashi raisi
Umid Hakimov
Asia Alliance Bank boshqaruvi raisi
Alisher Jabborov
Alinfarm asoschisi va muassisi
Maqsud Abdusamadov
Kapitalbank kuzatuv kengashi raisi
Arsen Dlyanchev
Unique Present Media Holding asoschisi va rahbari
Xurshid Ro‘ziyev
“Dodo Pizza” savdo belgisi muassisi, Kimberly-Clark Uzbekistan
Laziz Adhamov
“TOR-Contact” va Dalatek muassisi
Murat Mahkamov
“FOM GROUP” YAT MCHJ IT kompaniyasi asoschisi
“ArzonApteka” farmatsevtika kompaniyasi asoschisi

Majoziy ma’noda aytganda, oliy ta’lim dargohlari “fil suyagidan yasalgan minoralar” emas, ya’ni ular jamiyatdan, sanoatdan, kundalik hayotimizdan alohida mavjud bo‘lib, alohida faoliyat yurita olmaydi. Vaholanki, O‘zbekistondagi oliy ta’limning eng “qora kunlari”da vaziyat aynan shunday edi. Yodimda, 2000-yillar boshida ilk ish joyimga borganimda birinchi rahbarim shunday degandi: “Bo‘ldi, universitetda nimaiki o‘rgatgan bo‘lishsa, hammasini unutasan, hammasini qayta, amalda o‘rganamiz”. Istalgan oliy ta’lim muassasasisining istalgan talabasi ayni shunday messejga duch kelardi. Birinchidan, to‘rt yillik mehnatdan so‘ng buni eshitish og‘ir botadi. Ikkinchidan, bu 2000-yillar boshida ish beruvchilar oliy ta’lim sifatini qanday baholashini ochiq-oydin ko‘rsatib berardi.
Nazarimda, o‘shandan keyin vaziyat uzoq vaqt o‘zgarmadi. O‘zbekiston oliygohlari bozorda na bir raqobat, na bir akademik erkinlik, o‘quv rejalarida na bir o‘zgarish bo‘lmagan, arang 10 foizga yetar-yetmas qamrov (ya’ni talabgorlarning o‘ndan bittasigina oliy ta’lim dargohiga kira olgan), ishtiyoqi hamin qadar o‘qituvchilar, arxaik boshqaruv uslubi va qaror qabul qilishda hech qanday mustaqilliksiz yigirma yildan ziyod vaqt davomida hayot haqiqatlaridan ortda qolishdi, xorijiy hamkasblaridan, o‘z shahar va mamlakatlarida ancha jiddiy jamoatchilik-ma’rifiy harakatlarini olib borgan universitetlardan qanchalik ortda qolganini-ku aytmasa ham bo‘ladi.
2020-yillardan boshlab sohada burilish ro‘y berdi, hukumat bu vazifani yakka uddalay olmasligini, ta’lim muammolarini bir o‘zi hal qila olmasligini tushundi. Va oliy ta’lim sohasida liberallashuv boshlandi. Oxirgi 5 yil ichida 100dan ziyod turli OTMlar paydo bo‘ldi. Ularning bir qismi sifatli ta’lim yo‘lini tanladi, boshqa bir qismi tajribaliroq xorijiy hamkasblari bilan hamkorlikni ma’qul ko‘rdi. Yana bir qismi esa ommalashtirish yo‘lidan bordi, ya’ni ko‘p miqdorda talaba qabul qilib, diplomga, ochiq va qoliplashgan ta’limga talabni qondirishga kirishib ketdi. Ayniqsa, viloyatlarda bu avj oldi. Fikrimcha, uzoq davom etgan taqiqlar davri, raqobatga yopiq ta’lim bozoridan keyin bunday holatning kuzatilishi tabiiy.
O‘ndan ziyod xorijiy, jumladan, qo‘shni mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, ulardagi ta’lim modeli, universitetlar evolyutsiyasi chamasi o‘n yil davomida tabiiy tanlanish, yiriklashuv va bozorning professionallashuv jarayonini boshdan kechiradi. Bozorda bu ishga jiddiy va uzoq muddatni ko‘zlab kirganlargina qoladi. Haqiqiy universitet faoliyati juda katta kapital talab qiladi, kampus, axboriy resurslar va eng muhimi, intellekt uchun jiddiy sarmoya kerak bo‘ladi. Modomiki universitet ChatGPT talabaning o‘rniga esse va dissertatsiya yozib berayotgan XXI asrda bilim va iste’dodlar uchun hab vazifasini bajarishni maqsad qilgan ekan, talabalar va o‘qituvchilar tamoman kichik guruhlarda ishlashiga, yoshlarda chin ma’noda tafakkurni rivojlantirishga diqqat qaratilishi lozim. Yaxshi oliygohlarda butun kuch-e’tibor yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish, hamfikrlarni shakllantirish, ijtimoiy lift funksiyasini bajarish, yosh avlodni katta va mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgan bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etmoqchimanki, hayotimizda universitetlarning rolini jiddiyroq miqyosda – tadqiqotlar, innovatsiyalar sohasida, tadbirkorlik tafakkurini rivojlantirishda, eng muhimi, raqobatbardosh yoshlar avlodini tarbiyalashda ko‘raman. Yana bir amaliy misol bu – qizim o‘qish baxtiga muyassar bo‘lgan Edinburg universiteti. Unda 18 nafar Nobel laureati, evolyutsiya nazariyasini ishlab chiqqan Charlz Darvin, “Bozorning ko‘rinmas qo‘li” nazariyasi muallifi, ulug‘ iqtisodchi Adam Smit tahsil olgan. Bunday universitet mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari uchun namuna bo‘la oladi, toki ular bilimlar markazi bo‘lishga va jamiyatni yaxshilashga intilsinlar.


