Ilk konsertlarimni qo‘shnilarimga qo‘yib berganman
Mahallamizda taklifnomalar tarqatganman. Shunday qilish mening taqdirimga bitilgan ishligini his qilganman. Maktabda nazorat ishlarini yozayotib, “ha, bular menga kerak emas, men baribir yulduz bo‘laman, xonanda bo‘laman,” deb aytardim. Bunda meni oyim qo‘llabquvvatlaganlar. Miyamda oyim ishonch bilan aytgan fikrlar aylanardi: “Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q, hayotda nimaniki xohlasang, shunga erisha olasan”.
Bolaligim baxtga to‘la bo‘lgan
Oyim buyurtmaga tort pishirganlari uchun uyimizda doim vanil ifori taralib turardi. Ular zefirdan go‘zal oqqushlar yasagani hali hamon yodimda. Yana oyim tayyorlagan kremlarning qolganqutganini yeb qo‘yganlarim esimda. Shu vanil mening baxtli bolaligim isidir.
Oyim bizga hurriyat tuyg‘usini singdirganlar
Har oqshom oyim, akam, opam va men uyda diskoteka uyushtirardik. Uyimizda eng zamonaviy musiqa yangrardi: Uitni Hyuston, Maykl Jekson, Queen. Dadam dijeylik qilardilar. Biz chiroqni o‘chirib raqs tushardik va turfa taronalarni eshitardik. Ehtimol, shuning uchun ham biz shunday hurfikr va erksevar bo‘lib katta bo‘ldik.
Birinchi ishlab topgan pullarimni buvimga berganman
11 yoshimda men bitiruv oqshomlarida “Bahor” qo‘shig‘imni ijro etganman. U paytlar gonorar naqd pulda berilardi, men o‘shanda bir ryukzak to‘la so‘m yiqqandim. Shu ryukzagimni olib, buvimlarnikiga bordim va pullarni u kishining qo‘liga berib: “Buvijon, qarang, men millionerman. Katta bo‘lsam, bundan ham boy bo‘laman” deb aytganman. O‘shanda o‘zimni juda zo‘r odam deb his qilgan edim.

“Shiribom” saqichi reklamasida suratga tushganman
Reklama juda mashhur bo‘lib ketdi. Keyin menga hamma “Shiribom” deb laqab qo‘yib oldi. O‘sha yili men “Semurg‘” oromgohiga bordim. U yerda mening xonamdagi qizlar menga rosa zug‘um o‘tkazishgan. Esimda, o‘sha kunlarning birida men hech kimni ko‘rishni ham, eshitishni ham istamas dan ko‘rpamga chirmanib olgan edim. U qizlar esa kirib, “Ha, nima bo‘ldi, Shiribom, xafa bo‘ldingmi?” deb meni masxara qilgan edi. Men haligacha ularning ismlarini eslayman. Bu voqealar mening ichki dunyomda katta jarohat bo‘lib qolgan.
Senzura haqida gap ketganda
Men bu masalaga yumor bilan yondashaman. Undan drama yasamayman, yalovbardorlik qilmayman va qarshi turishga ham urinmayman. Senzuraga urinishlar mening ijodimga faqat ijobiy ta’sir qilgan. Chunki bosim doim qaramaqarshi kuchni paydo qiladi. Kishida qandaydir bir alamzadalik va ijod qilishga ilhom paydo bo‘ladi.
Hech qachon jamiyatga qarshi chiqishga urinmaganman
Men doim boshqacha hayot va fikrlash tarzini ko‘rsatishga harakat qilganman. Stereotiplarni parchalashga tirishganman. Ammo insonning o‘zi o‘z chegaralaridan chiqishni, kengroq fikrlashni xohlamasa, men uni o‘zgartira olmayman. Umuman olganda, menga bo‘lgan bosimlar meni tushunmaydigan odamlarga nisbatan bag‘rikengroq bo‘lishga undadi. Men ularni o‘zgartira olmayman. Men uchun o‘zligimni saqlab qolish va qadriyatlarimdan voz kechmaslik muhim.

