Har bir mamlakatning kuchli tomoni bor. Har kim o‘z ustunligini topib, global raqobat maydonida mu- nosib o‘rnini egallashi zarur. O‘zbekiston uchun shunday raqobatbardosh jihat – inson kapitali, ya’ni mamlakatning iste’dodli, mehnatkash va kurashuvchan odamlari.
21 yoshli Abduqodir Husanov bunga eng yoqin misollardan biri. Ehtimol, u dunyodagi eng taniqli o‘zbekistonlik. Qaysi soha vakili bo‘lmasin, nima ish bilan shug‘ullanmasin, o‘zbekistonliklar Husanovga havas qilmoqda. U motivatsiya manbayi.
BOLALIK VA OILAVIY MUHIT
Biografiyalarda muvaffaqiyatli insonlar sinfdan tashqarida nima bilan shug‘ullangani haqida albatta o‘qiysiz. Chunki aynan shu pallalar shaxs shakllanishida muhim o‘rin tutadi. 6 yoshidayoq kelajakda futbolchi bo‘lishga qat’iy qaror qilgan Abduqodir maktabga kirgach, “Bunyodkor” futbol akademiyasiga bora boshlaydi. Mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtida
esa futbol tomosha qilish uchun stadionga borishni kanda qilmaydi. Professional futbolchi bo‘lmish otasi Hakimjon Hoshimovning o‘yinlarini ko‘rgani. Ha-ya, otasidan qancha faxrlanmasin, unga “Men Hoshimovning o‘g‘liman” deb aytmaslik uqtiriladi. Toki Abduqodirga uning otasiga qarab muomalada bo‘lishmasin! Shuning uchun yigitchani akademiyaga olib borib kelishni ham amakisi Rahmatjon Hoshimov o‘z zimmasiga oladi.
Husanov maktabni bitirgungacha “Bunyodkor”ga qatnaydi. Murabbiylari undagi tug‘ma iste’dodni payqaydi. Uchqirligi bilan ajralib turgan Abduqodir o‘zidan ikki yosh kattaroq bolalar bilan bir jamoada o‘ynab, mashq qiladi.
20 YOSHGACHA
2022-yil vaziyat taqozosi bilan Abduqodirga “Bunyodkor” klubi asosiy tarkibida o‘ynash uchun “tortmasligi”ni aytishadi. U esa Belarusga, “Energetik BGU” klubida o‘ynash uchun ketadi. 18 yoshli yigit xorijda turli sharoitlarda yashaydi. Mashg‘ulotlar hamda o‘yinlarda chiniqadi. 2022- yil 2-may kuni – “Energetik”ka qo‘shilganidan ikki oy o‘tar-o‘tmas – Neman Grodno jamoasiga qarshi o‘yinda u o‘zining birinchi golini uradi, qo‘shimchasiga yana ikki golli uzatmani amalga oshiradi. Shu yili u Belarus chempionatining ramziy jamoasiga kiritiladi.
2023-yil O‘zbekistonning U-20 terma jamoasi safida o‘ynaydi. Ushbu jamoa Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Keyinchalik yigirma yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Argentinada jahon chempionatiga yo‘l oladi. Garchi nimchorak finaldagi mag‘lubiyat bilan cheklangan bo‘lsa-da, terma jamoamiz dunyoning yirik skautlari va mutaxassislar e’tiboriga tushadi. Futbolchilar ichida tezligi va 19 yosh bo‘lishiga qaramay, 25 yoshdek ko‘rinadigan, baquvvat o‘zbek o‘g‘loni Abduqodir Husanov ham bor edi. Unga Yevropaning top ligalari, xususan, Fransiyaning “Lans” klubi og‘iz sola boshlaydi.

LANS
2023-yil yozida Abduqodir Husanov Fransiyaning kuchli klublaridan biri – “Lans” bilan to‘rt yillik shartnoma imzolaydi. Bu transfer orqali u Ligue 1 tarixida to‘p surgan ilk o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi. O‘sha yilning 29-noyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi doirasida “Arsenal”ga qarshi maydonga tushadi va shu tariqa turnir tarixida o‘ynagan eng yosh o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi.
Uning “Lans”dagi eng yorqin lahzalaridan biri 2024-yil boshida, Ligue 1 doirasidagi o‘yinda ilk professional golini urganida yuz beradi. O‘yin davomida burchak zarbasidan keyin Abduqodir himoyachilar orasidan sakrab, kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qiladi. Shunda u qo‘lini chakkasiga tirab, o‘z golini nishonlaydi. Intizom, iroda va qat’iyat ramzi bo‘lgan bu harakat nafaqat muxlislar, balki jamoa ichidagi futbolchilar va murabbiylar tomonidan ham olqish bilan kutib olinadi.
Parij-2024 o‘yinlari doirasidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi o‘yinlarini ko‘rish uchun stadionga kelgan fransuzlar biznikilarga muxlislik qiladi. Nima uchun? Albatta, Husanov sababli. Axir, u fransuz nashrlariga ko‘ra, haftaning ramziy jamoasiga kirgan, hatto markaziy himoyachi sifatida mavsumning Ligue 1 jamoasidan joy olgan edi.
MANCHESTER SITI
2025-yil 20-yanvarda Husanov Angliyaning “Manchester Siti” klubi bilan to‘rt yarim yillik shartnoma imzoladi. Bu transfer 40 million yevroga baholandi va u Premyer Ligada o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. 2025-yil 25-yanvarda “Chelsi”ga qarshi o‘yinda debyut qildi. Dastlabki daqiqalarda xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, o‘yinning qolgan qismida o‘zini tiklab, yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. 2025-yil 8-fevralda “Leyton Orient”ga qarshi o‘yinda o‘zining birinchi golini urdi. Husanovning tezligi va himoyadagi ishonchli o‘yini uni “Manchester Siti” muxlislari orasida mashhur qildi.
Mutaxassislarning fikricha, Abduqodir fenomeni o‘zbek futboliga yangicha impuls berdi. Husanov Man Sitiga o‘tishi arafasida boshqa futbolchilarimiz ham ketma-ket yaxshi natijalarni qayd eta boshladi. 17 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston o‘smirlar futbol terma jamoasi Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Ha-ya, o‘zbekistonliklar orasida futbol ixlosmandlari ham ko‘paydi va faollashdi. Muxlislik hamda qo‘llab-quvvatlash qarzi ham muhim. Husanov aytganidek, “sizlar bilan osonroq bo‘ladi”.
Qahramonimiz orzu qilganidek, bu tendensiya davom etar ekan, hali ko‘p o‘zbekistonliklar dunyo futboliga yangi qon bo‘lib qo‘shilishini kuzatamiz.

