“Uyda yolg‘iz” filmining syujetini eslaysizmi? Behzod bu filmni bolaligida intiqib kutar, uni Yangi yil arafasida qayta-qayta tomosha qilar edi. Eslasangiz, kinokartinaning ikkinchi qismida Kevin Nyu-York Markaziy bog‘ida savdoyi qushboqarni uchratib qoladi va u bolakayga o‘z hayotini hikoya qilib beradi. Keyin ular birgalikda Karnegi-xoll chordog‘iga chiqib, o‘sha yerdan simfonik orkestr konsertini tomosha qilishadi. “Zalning ajoyibligini..!” – havas bilan qaraydi kichkina Behzod. “Men ham shu sahnada konsert berishni xohlayman...”
O‘n yildan so‘ng pianinochi Behzod Abdurai mov Karnegi-xoll maydonchasida Iogann Sebastyan Bax, Frants Shubert, Lyudvig van Betxoven, Sergey Prokofyev kabi bastakorlarning asarlari bilan o‘zining ilk konsertini taqdim etadi. Uning ijrosini butun dunyo olqishlaydi.
Behzodning hayotida hamisha g‘ayritabiiy hodisalar alohida o‘ringa ega bo‘lgan. Garchi u buni orzularning aniq maqsadlarga evrilishi deb atasa-da, allaqanday ko‘rinmas va latif kuch uni hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga hidoyatlagandek, uni hargiz o‘z holiga tashlab qo‘ymagandek tuyuladi.
Behzod olti yoshga to‘lganida, onasi uni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabi, o‘sha mashhur “Uspenka”ga olib boradi. U o‘g‘lining afsonaviy Tamara Popovichning shogirdi bo‘lishini juda-juda istar edi. Iliq kuz. Shaharning yarmini aylanib yangi kostyum olib kelgan oyisi, hali hayot bo‘lgan dadasi, o‘qituvchi uchun atalgan guldasta, serquyosh Jukovskiy ko‘chasi va imtihon...
Va nihoyat u. Poshnali tuflisi bilan yanada serviqor ko‘rinayotgan, qattiqqo‘l va ishonchsiz nigoh bilan Behzodga tikilayotgan Tamara ustoz:
– Chalib ko‘r-chi.
Behzod uchinchi etyudda xato qildi. Tamara Afanesyevna Behzodning onasidan guldastani qabul qilmadi. Unga guldastalar emas, iqtidorlilar kerakligini aytdi.
Aytishga oson... Biroq Behzod buning uddasidan chiqdi. Birdaniga emas. Bu bir yil boshqa ustozdan saboq olib qaytganida, temirday irodali ustoz uning ijrosini eshitib ko‘rganida sodir bo‘ldi. Ayolning qalbi erib ketguday bo‘ldimi yoki yo‘qmi, bizga qorong‘u. Ammo shak-shubhasiz ma’lum bo‘lgani shuki, keyinchalik u Behzodga o‘z iste’dodini gullab-yashnatish uchun asos bo‘lgan mustahkam tagzamin berdi.
Biroq jajji virtuoz shug‘ullanishni shu qadar xohlamasdiki! Mashhur bo‘lish, kuy ijro etib, konsertlarda qatnashishni istardi! To‘rt, besh, olti, yetti soatlab gammalarni ijro etishdan ko‘ra tengdoshlari bilan ko‘cha changitishni, futbol o‘ynashni, g‘iychillagan arg‘imchoqlarda uchishni, ariqda jilvalangan quyosh nurlarini tomosha qilishni xohlardi. Shunga qaramasdan, uning har bir kuni 08:29 dan 12:19 gacha pianinoning oldida o‘tirish bilan o‘tardi.

Chilonzordan “Uspenka”gacha – metro, tramvay, avtobusga chiqib, yana biroz piyoda yurib boriladigan yo‘l. Otasi boqiy dunyoga ketgach, oilasining moliyaviy ahvoli og‘irlashdi. Behzodning onasi bog‘cha musiqa muallimi maoshiga to‘rt bolani boqib tarbiyalashiga to‘g‘ri keldi. Endi Behzod Chilonzordan Sodiq Azimov ko‘chasigacha piyoda yura boshladi. Bu ikki soatlik yo‘l degani, ortga qaytish uchun ham shuncha yurish kerak.
Behzod har yakshanba Uritskiy ko‘chasiga, Tamara Afanasyevna uyiga saboq olish uchun borardi. Bir gal uning jimjilog‘i shikastlandi. Tirnog‘i qorayib, ko‘zlaridan yulduz chaqnab ketdi. Garchi og‘riqqa chidash qiyin bo‘lsa-da, bundan xursand bo‘ldi. Chunki bu darsga bormaslik va hech bo‘lmasa bir yakshanba dam olish uchun yaxshi imkoniyat edi. Onasi Tamara Afanasyevnaga qo‘ng‘iroq qildi.
“Hech nima qilmaydi, kelaversin...” – quruqqina javob keldi go‘shakdan. Behzod darsga keldi. Tamara Afanasyevna uning jimjilog‘ini so‘fi barmog‘iga qo‘shib bog‘lab qo‘ydi va chalishni buyurdi. To‘qqizta barmoq professional cholg‘uchi uchun yetarli edi. Behzodning bolaligi muallimaning bironta darsini qoldirmaslik, mashg‘ulotlarni puxta o‘zlashtirish bilan o‘tdi.
Qirolicha. O‘zbekiston fortepiano maktabi asoschisi. U ko‘plab o‘zbekistonlik iqtidorli musiqachilarni tarbiyaladi. Ular esa dunyoning eng mashhur konsert zallarini zabt etishdi va bunda davom etmoqdalar. Saboq berish salohiyati o‘qitishning noyob va tengsiz metodlarini yaratish imkonini bergan edi. Darsdan keyin Behzod ustozini qo‘ltiqlab olar va bekatgacha kuzatib qo‘yardi.
O‘n olti yoshida Behzod Italiyaning Komo ko‘liga, o‘zining ikkinchi muallimi Stanislav Yudenich huzuriga yo‘l oldi. Vikipediyada Yudenich haqida shunday yozilgan: “Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan amerikalik pianinochi...” Birinchi darsning o‘zidayoq Behzod mana shunday iste’dodli, vazmin va bag‘oyat dono insondan dars olish lozimligini tushundi. Behzod uning har bir darsini yozib olar, uyga kelib takroran eshitar va soatlab mashq qilardi. Quloqlari ostida esa Tamara Afanasyevnaning so‘zlari yangrardi: “O‘g‘lingiz boqsa odam bo‘ladi, lekin u mehnat qilishni hali bilmaydi”. U mehnat qildi, o‘z ustida mudom ishlayverdi, tirishdi...
“Boqsa odam bo‘ladi” degan gap qo‘pol tuyulishi mumkin, lekin bu muallimadan kamdan-kam holda eshitish mumkin bo‘lgan maqtov edi. Odatda esa u shogirdi mehnatini: “Bugun yarim chaqa ko‘prog‘iga loyiq qilib chalding” deb baholar edi. Yuksak mahorat va cholg‘u san’atini egallash aynan shunday, chaqama-chaqa to‘planib keldi. Natijada, u tez orada butun dunyo e’tirof etgan buyuk qobiliyat sohibi bo‘ldi.
O‘n sakkiz yoshli Behzod o‘zining birinchi gastroliga buyuk pianinochi va dirijyor Vladimir Ashkenazi bilan yo‘l oldi. Uning plastinkalari Popovichning uyidagi javonda turar, o‘shanda bolaga Ashkenazi koinotdagi juda olis yulduzdek ko‘ringandi. Endi esa uning orkestri bilan mashq qilyapti. Xitoy, Avstraliya, Malayziya... Gastrollarning keti uzilmayapti!
“Men nima xohlayotganimni aniq ko‘z oldimga keltirganman. Ammo voqelik hamisha menga boshqa, yana ham yaxshi variantlarni taqdim etardi. 2007-yili bir tanishim meni cherkovdagi kichik konsertda ishtirok etishim uchun Londonga taklif qildi. O‘shanda nom-nishonsiz, hech vaqosiz edim. U bilan birga London filarmoniya orkestri konsertiga bordik. Bu men tinglagan birinchi jonli konsert edi. Qaysidir pianinochi kuy ijro etardi. Shu payt ashaddiy musiqa ixlosmandi bo‘lgan tanishim menga: “Kelasi safar sen shu sahnada bo‘lasan, men esa bu yerda, tomosha zalida o‘tiraman,” dedi. Ich-ichimdan “o‘n yillardan keyin, balki...” degan xayol o‘tdi. Yarim yil o‘tib men ayni shu zal va orkestr bilan to‘rt bosqichli tanlovda ishtirok etdim va yutib chiqdim. O‘n oydan so‘ng ayni sahnada musiqa ijro etdim, tanishim esa zalda o‘tirib: “Veni, vidi, vici!” – der edi”.
Behzodning Karnegi-xolldagi birinchi konsertida tor uzilib ketdi, yaxshiyamki, yuqori registrga chiqqan mahal shunday bo‘ldi. Har bir klavish uchun uchtadan tor bo‘ladi. Agar uzilib ketgan qismini olib tashlamasangiz, shiqirlab ketadi. Behzod orkestr partiyasini kutdi va o‘rnidan turib uzilgan torni olib tashladi. Konsertdan keyin muxlislar uning oldiga kelib, ijrosidan hayratlarini bildirdi. Ular Behzodning shu qadar hissiyotga berilib ketganidan, o‘rnidan turib ketdi deb o‘ylashibdi.
“Musiqa – hayotimning bir qismi emas, balki deyarli butun hayotimdir. Nimaiki qilmay, u doim ong-shuurimda. Musiqachining muvaffaqiyati to‘rt qismdan tashkil topadi, birinchisi – iste’dod. Usiz bir kecha-kunduzda 25 soat shug‘ullanishingiz ham besamar ketadi. Ikkinchisi – bu sizning kamol topishingizga yordam beruvchi murabbiylar, pedagoglar. Uchinchisi – mehnat, ishchanlik. Pianinochi taqdirining bo‘lgani shu – yoki yulduz bo‘lasan yoki muallim. “Yulduzlik” maqomiga erishmoqchi bo‘lgan o‘n million da’vogar bor, ularni yengib o‘tish katta mehnatni talab qiladi. Raqobat nihoyatda kuchli. To‘rtinchisi esa – omad”.
Behzod Abduraimovning hayot yo‘li, kun tartibi soatma-soat taqsimlangan. Gastrol rejalari ikki yil oldin tuziladi. U faqat Toshkentda dam oladi, ayni shu yerda oddiy odamdek hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko‘pincha oqshomlari mashinaga o‘tirib shahar aylanadi, bolaligini yodga oladi, maktabiga boradi. U butun jahon tan olgan musiqachi bo‘lsa ham, dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, Toshkent unga kuch-quvvat manbayi bo‘lgan zaminligicha qoladi.
Bir safar Behzod Baden-Badenda konsert oldidan intervyu berdi, jurnalist qahramonimizga Raxmaninovning konsertini uchinchi marotaba ijro etishi oldidan quyidagi mazmunda fikr bildirdi: Nemislar uchun Bax, Betxoven, Shubert – bu Bibliya, haqiqiy musiqa, qolganlari taqliddek gap. Baxning teran fikrlari mohiyatini faqat shu millat vakillari chuqur his qilishi, jumladan, Raxmaninovni ham faqat ruslar tushunishi mumkin.
Shunda Behzod:
“Menga qarang, men nemis ham, rus ham emasman. Markaziy Osiyodanman. Demak, siz meni ham bu daholarni oxirigacha tushunib yetmaydi demoqchimisiz? Men uchun Bax, Shubert, Shostakovich, Raxmaninov – dunyo odamlari. Ular o‘z musiqalarini butun insoniyatga taqdim qilgan. Sizning o‘rningizda bo‘lganimda cholg‘uchilarni tushunadigan va tushunmaydiganlarga ajratmagan bo‘lardim. Musiqa – bu universal til. Xo‘p, agar shunday bo‘lganda ham, sizningcha, men bu yerda nima qilyapman? O‘zim tushunmaydigan musiqani ijro etyapmanmi?”
Pianinochi Abduraimov butun insoniyatga tegishli iqtidor egasiga aylanib bo‘lgan. Yer kurrasining barcha burchaklari – Qo‘shma Shtatlarning sokin shaharlaridagi kichik zallardan tortib, Parij, London, Nyu-York, Tokio va Sidneyda bo‘lib o‘tgan nufuzli konsertlarda uning muxlislari o‘rnidan turib olqishlaydi. Iqtidorli pianinochini qayerdan ekanligini bilish uchun mamlakatimiz nomini o‘rganadi…
Bu iste’dodli pianinochi qayerdan ekan? O‘zbekistondan!

Tokio – alohida maqomdagi sevimli shahar. Ikki oy avval u yerda katta konsert bo‘lib o‘tdi. Behzod simfonik orkestr bilan ikki marta, yakkaxon ijroda ham alohida konsert berdi. Tadbir oldidan yaponiyaliklar ulkan guldasta berdi va o‘zbek tilida: “Janob Abdu-san…” deb yozilgan tabriknoma taqdim etishdi.
Sidneyda, tayyorgarlik chog‘ida stullarni joylashtirib yurgan bir yigit Behzodning yoniga kelib, ijrosidan hayratda ekanini bildirdi va uning musiqalari yozilgan diskni qayerdan topishi mumkinligini so‘radi. Behzod unga bu musiqalarni buyuk pianinochilar ijro etganini, “Youtube” platformasidan kirib topishi mumkinligini maslahat berdi. Biroq ertasi kuni yigit aynan Behzodning diskini topib kelib, undan imzo chekishini iltimos qildi. Keyin esa syorfingga taklif qildi.
Behzod Abduraimov Toshkentda barcha konsertlarini bepul beradi. Ehtimol, u hammaga qanday sovg‘a taqdim qilayotganini hali tushunib yetmagandirmiz? U hozircha shu yerda ekan, fursatdan foydalanish lozim. U Toshkentdan ko‘ra Karnegi-xollda ko‘proq konsert beradi.
Behzodning otasi Abdurazzoq Abduraimov iqtidorli fizik-matematik hamda bilimli ixtirochi edi. Uning kashfiyotlaridan biri – pnevmodvigatel, siqiq havoda ishlaydigan mashina edi. Ixtiro patentlashtirilgan bo‘lib, mualliflik huquqi uchun pul yetmagan edi.
Pnevmodvigatel – insoniyatning azaliy orzusi, ekologik, shovqinsiz, tekin qurilma bo‘lib, olimlar uni yaratish uchun bosh qotirgan paytda Abduraimovlarda u allaqachon mavjud edi. Behzod unda hovli bo‘ylab aylanardi.
To‘qsoninchi yillarda Abdurazzoq Abduraimov moliyalashtirish iltimosi bilan yuqoriga xatlar yozdi, ixtironing istiqbolini asoslab berdi. Keyin esa… U vafot etdi. Bir necha yillardan so‘ng fransuz olimi Gi Negr siqiq havoda ishlaydigan dvigatelni butun dunyoga taqdim etdi. Ana shunda Behzodning onasiga telefon qo‘ng‘iroqlari yog‘ildi. Ammo bu paytga kelib patent idorasidagi barcha chizmalar yo‘qolib ketgan yoki o‘g‘irlangandi. Oradan shuncha yil o‘tdi, buning tagiga yetish qiyin…
Bu oilada hamma iste’dodli, ammo uni yuzaga chiqarish, farzandlarni kamolga yetkazib oliy ma’lumotli qilishda onaning xizmatlari ulkan. Katta opasi Dilafruz Mamadaliyeva konservatoriyada o‘qituvchi, kichik singlisi Yulduz Abduraimova – sharqshunos, AQShda yashaydi. Akasi Javlon Abduraimov tajribali jarroh. Iqtidorli ota-onaning iqtidorli farzandlari...
…Behzod sakkiz yoshida Toshkentda Tamara Popovichning sevimli shogirdi Aleksey Sultonoving konsertiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Chiptalar yo‘q, kirish qiyin bo‘lgan bir paytda uning omadi keldi. Bu konsert uning hayotida tub burilish yasadi, ilhom berdi. U Aleksey Sultonov kabi ijro etishni istadi. Buyuk pianinochi bo‘lishni orzu qildi.
Hozir konsertdan so‘ng ko‘zlari yonib turgan bolalar uning yoniga keladi. Behzod esa bu ko‘zlarda bolalik orzularini, o‘zini ko‘radi.
Endi uning o‘zi boshqalar uchun ilhom manbayi…
Matn: Sasha Ivanyujenko

