Uzbekistan’s club jurnalining yangi sonida tahririyat versiyasiga ko‘ra o‘zbekistonlik olimlarning top-10 taligi e’lon qilindi.
Ushbu ro‘yxat nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda yashab, ilmiy izlanish olib borayotgan vatandoshlarni qamrab oladi.
Hamyurt tadqiqotchilar reytingi yoshlarni ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohalariga ruhlantirish va yo‘naltirish uchun kuchli vosita bo‘lib xizmat qilishiga aminmiz.
Ro‘yxatni shakllantirishda 300 nafardan ortiq o‘zbekistonlik olimlarning ilmiy faoliyati o‘rganib chiqildi. Shu bilan birga, ularning tadqiqotlari - Google Scholar, Scopus va Web of Science fanga taaluqli ma'lumotlar bazalaridagi H-indeksi baholandi hamda mahalliy va xorijiy jamoatchilik orasida, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda faolligi va taniqliligi inobatga olindi.
Uzbekistan’s club jurnali tahririyati versiyasiga ko‘ra o‘zbekistonlik olimlarning top-10 taligi ro‘yxatidan quyidagi insonlar joy oldi:
• Utkir Rozikov (O‘zbekiston), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o‘rinbosari, professor
• Ravshan Sabirov (O‘zbekiston), Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Biofizika va biokimyo instituti direktori
• Anvar Zohidov (AQSH), Dallasdagi Texas universitetining Nanotexnologiya instituti direktori o‘rinbosari, Fizika fanlari doktori, professor
• Alisher Qodirov (Avstraliya), Ko‘rtin universiteti Fizika va astronomiya kafedrasi professori
• Botir Qobilov (AQSH), Harvard universiteti doktoranti, Texas universiteti professori
• Dilfuza Egamberdiyeva (O‘zbekiston), “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Biologik tadqiqotlar va oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasi mudiri, mikrobiolog
• Aziza Shonazarova (AQSH), Kolumbiya universiteti professori, olima
• Temur Yunusov (Buyuk Britaniya), Kembrij universitetining biologiya fanlari doktori
• Raufxon Salaxo‘jayev (O‘zbekiston), ERGO-Analytics direktori / Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori
• Utkur Mirsaidov (Singapur), Singapur milliy universiteti dotsenti


