Uning tili “zahar”. Hech bir muammo, hech bir og‘riqli masala yo‘qki, bu zahardan benasib qolgan bo‘lsa. U yozgan, gapirgan tanqid-u kulgi aralash achchiq haqiqatlarning ortida esa yaxshiroq, yashilroq, farovonroq Vatanni ko‘rish istagi yotadi. Ha, taxminingiz to‘g‘ri, so‘z o‘zbek mediasining bosh “Troll”i – Umid G‘afurov haqida.
Shaxsiyatimi, xo‘sh, shaxsiyatiga kelsak..... Bu yog‘ini uning o‘zidan eshita qolamiz.
BOLALIK
Bolalikda rassom bo‘lishni orzu qilganman. Atrofdagilar fikrimdan qaytarishgan, rassom bo‘lib qayoqqa borarding-u, qancha pul toparding deb. Hozirgi faoliyatim ham ijod bilan bog‘liq bo‘lsa-da, rassomlik orzusi ushalmay qoldi, o‘rganay desam, vaqt qani endi? Kasb tanlash arafasida turganlarga maslahatim: orzularingizga sodiq bo‘ling, aks holda armon bilan yashaysiz.
Bolaligimda o‘qigan Mark Tvenning “Tom Soyerning sarguzashtlari” kitobi menda kuchli taassurot qoldirgan. O‘shanda asarning mag‘zini yaxshi chaqa olmagandirman. Ammo kitobda hayotning mazmuni haqida juda chuqur faylasufona fikrlar bor.
BOYO‘G‘LINING FINJONI
Qahva yoki choy? Men uchun ikkisining ham o‘z o‘rni bor. Kun, tabiiyki, qahvadan boshlanadi. Sutka davomida esa choyni ko‘proq tanlayman. Foydalilik nuqtayi nazaridan choy ustunroq tursa-da, men uchun bu kayfiyat masalasi.
Erta tongda uyg‘ona oladiganlarga havas qilaman. Harchand urinmay, buni o‘zim uchun odat qila olmadim. Men tun kishisiman, allamahalda yaxshiroq ijod qilaman. Hammaning ham o‘z mahsuldorlik soatlari bor.
Hozir farzandli bo‘lganim uchun barvaqt uyg‘onadigan kunlarim ham bo‘ladi. Lekin tarki odat amri mahol – baribir “boyo‘g‘li” bo‘lib qolaveraman.
SAYOHAT, O, SAYOHAT
Men uchun mukammal kun – oilam bilan yangi manzilda o‘tkazilgani. Maza qilib toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olsang, muammolarni o‘ylamay vaqt o‘tkazsang. Qaysi davlat, qaysi maskan ekanligi esa muhim emas.
Tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish jon-u dilim. Xoh dengiz bo‘lsin, xoh tog‘. Shunday onlarda hech narsa haqida o‘ylamaslikka harakat qilaman. Kundalik hayotda shundoq ham fikr-u yodimiz doim band. Ba’zida xayollarga dam berish kerak.

NOQULAY XISLAT
Faoliyatimda kimdir ishonchimni oqlamasa, xayrlashaman. Avvaliga imkon beraman, albatta. Ammo holat takrorlandimi, demak, dunyoqarashimiz, yo‘llarimiz boshqa-boshqa. Janjal, gina-arazdan, adovat saqlashdan foyda yo‘q. Bu yechim bo‘la olmaydi. Ishonchingizga munosib bo‘la olmaganlarni shunchaki hayotingizdan chiqarib tashlash kerak.
Perfeksionistman. Ilgari bu juda muhim, har kimda bo‘lishi zarur xislat deb o‘ylardim. Hozir fikrim o‘zgargan. Bu xislat biznesda xalal beradi. Biznes uchun tavakkal va tezlik muhim. Perfeksionist esa bunday xususiyatlarni namoyish qilishi qiyin. Shuning uchun ba’zida ichimdagi perfeksionistni “o‘chirib turishga” harakat qilaman.
ENG KERAKLISI…
Har bir inson uchun hayotda muhim fazilat bu – uddaburonlik. Gohida atrofdagilarga yoqmasligi mumkin, ammo aynan uddaburon kishigina o‘z maqsadlariga erisha oladi.
Odamlarda men eng qadrlaydigan sifatlar – insoniylik va samimiyat. Yolg‘onga esa umuman toqatim yo‘q.
MEHR
Mehr haqida so‘z borganda avvalo ota-onam haqida o‘ylayman. Ammo bolalikda ular oldimda ko‘p bo‘lishmagan, olis yurtda mehnat qilishgan. Buxoroda bobom va buvimning qaramog‘ida o‘sdim. Eng kenja va eng suyukli nevara edim. Buvimdan hatto ovqat pishirishni o‘rganganman, ko‘zlari yaxshi ko‘rmasdi, nima qilishni aytib turardilar, men bajarardim. Shu insonlardan kezi kelganda dakki ham yeganman, ota-onamchalik mehr ham ko‘rganman.
Men uchun eng yaxshi ota-ona bu – farzandining xohish-istaklarini hurmat qiladigan, erta yoshidanoq uni shaxs sifatida ko‘radigan, ushalmagan orzularini bolasining bo‘yniga ilib qo‘ymaydigan ota-ona.
O‘ZGALAR
Boshqalarning fikri men uchun muhim emas, desam aldagan bo‘laman. Inson borki, atrofdagilarning o‘zi haqidagi fikri bilan qiziqadi. Lekin bu ularga yoqish kerak, ularning fikri bilan yashash kerak degani emas. Bu shunchaki bir o‘lchov. Masalan, sahifamga bir xabar joylasam, qo‘llab-quvvatlovchilardan ko‘ra qarshi fikr bildirganlar ko‘proq bo‘lsa, demak, o‘z ustimda ishlashim kerak. Qayerdadir xato qilganman, xatolar esa me’yoriy holat.
Xabarlarimga qoldirilgan izohlarni o‘qib chiqishga harakat qilaman. Maqsad – postning mohiyati qanchalik anglangani haqida tasavvur hosil qilish. Lekin doim o‘qishga vaqt ham, sabr ham yetmaydi. Ilgari har bir izohni ko‘nglimga yaqin olardim. Hozir tushundimki, dunyoda 8 mlrd inson bo‘lsa, 8 mlrd xil fikr bor. Hammaga yoqishning iloji yo‘q. Har kimning qarichiga tushaman desangiz, umr yetmaydi-ku axir.
ILHOM TAQDIR
Taqdirga gohida ishongim kelmaydi, ba’zida esa ishonishdan bo‘lak choram qolmaydi. Menimcha, inson taqdirini muayyan darajada o‘zi yarata oladi. Hammasini taqdirga havola qilib, qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan, harakat qilish kerak. Optimistman, shuning uchun har narsaga taqdirni ro‘kach qilish hayotdagi tamoyillarimga to‘g‘ri kelmaydi.
Men istalgan odamdan ilhom olishim mumkin. Ota-onamdan tortib begona odamgacha. Stiv Jobs-u shaxmatchi chempionlarimizgacha. Hatto tirikchilik tashvishida yurgan oddiy insonlar ham kezi kelganda ilhom bag‘ishlaydi. Mukammal odam yo‘q, mukammallikka intilishning o‘zi xato.
UMR
Men sotib olishni istagan, lekin imkoni bo‘lmagan narsa bu – vaqt. Yosh o‘tgani sari vaqt tobora shiddatliroq o‘tayotgandek, sutkada 24 emas, 14-15 soat yashayotgandekman xuddi. Rejalashtirilgan ishlarga ulgurish qiyin. Hozir 33 yoshdaman. Ilgari bu yosh juda uzoq manzildek tuyulardi...
Vaqt eng qimmatli narsa, uni sotib olib bo‘lmaydi. Hech narsa bilan baholab bo‘lmaydigan yana bir boylik – sog‘lik. Bu ham qaysidir ma’noda vaqt bilan bog‘liq, vaqt o‘tgani sayin sog‘likdagi muammolar ham o‘zini bilintira boshlaydi.
Tina IMAMJAN suhbatlashdi.


