El netib topgay meni, men o‘zimni topmasam..?

So‘nggi uch yil ichida Youtubeʼning o‘zbek segmenti sezilarli darajada boyishi, sifatli kontent borgan sari ko‘payishi ortidan, tabiiyki, yoshlarda bu sohaga bo‘lgan qiziqish ortgan. Mendan ko‘pchilik so‘raydi: “Youtube kanal ochmoqchiman, unda nima haqida gapirsam bo‘ladi?”. Bu – noto‘g‘ri savol!

Bu savolni berdingizmi, demak siz hali Youtube loyiha qilishga tayyor emassiz. “Subyektiv” loyihasini ochishdan avval men o‘zimga savol berganman: Men kimman o‘zi? Jamiyatga qaysi bilim yoki fikrim bilan yordam bera olaman? Meni qaysi mavzular qiziqtiradi yoki xavotirga soladi? Qaysi mavzularda men tinimsiz gapirishga tayyorman?

Ekologiya! Bu mavzu meni ancha yillardan beri qiynab kelardi, shu sababli “Subyektiv”ning birinchi sonini aynan atrof-muhit muammosiga bag‘ishladik. Yedi, minglab izoh, o‘n minglab layk, yuz minglagan ko‘rishlar soni bilan... Youtube’da ijod qilishni boshlamoqchi bo‘lganlarga maslahatim ham shu! Shu savollarni o‘zingizga berish orqali kim ekanligingiz va ommaga nima bera olishingizga javob topasiz. Bu sohaga faqat pul uchun kirganlarning ketmoni uchmaydi.

Odamlarga yoqdi, endi bu masalada murosaga o‘rin yo‘q

Bizning qadriyatimiz – qiziqarli, sifatli va foydali kontent tayyorlash. Qiziqarli lekin foydasiz ham emas, foydali lekin sifatsiz ham emas. Hammasi birda bo‘lishi kerak.

Agar maqsadimiz shunchaki hayp yoki tanilish bo‘lganda edi, shunchaki biror bir mashhur insonga noqulay savollar berib, intervyu olgan yoki bachkana hazillardan iborat shou qilgan bo‘lardik. Afsuski, jamiyatimiz haligacha bu turdagi kontentni ko‘proq isteʼmol qiladi.

“Subyektiv” loyihasini endi boshlagan paytlarimizda o‘zbekzabon auditoriya bu kontentni qanday qabul qilishi mavhum masala edi, lekin natijalar o‘zini kuttirmadi. Bu loyiha sifatli va foydali kontent bilan ham tomoshabinlar eʼtibori va eʼtirofini qozonish mumkinligini isbotladi. Demak, o‘zbek xalqi yuqori saviyali kontent isteʼmol qilishga tayyor va aynan shunday kontentlarini qo‘rqmasdan ko‘paytirish mumkin.

Ta’limdagi oqsoqlik – markaziy mavzu, u muammolarning doyasi

Meni media sohasiga tasodifan kirishimga aynan bizdagi taʼlim tizimining ayanchli ahvoli sabab bo‘lgan. Men haqiqiy abituriyent bo‘lganman, oliygohga kirish uchun to‘rt yil tinimsiz tayyorlanganman va o‘sha paytlarda oliy taʼlimdan kutadiganlarim juda ko‘p edi.

"Oliygohga kirish shu darajada qiyin bo‘lsa, u yerda beriladigan bilimlar ham shunga yarasha bo‘lsa kerak" degan fikr menga motivatsiya berardi. Afsuski, men o‘qigan yillar bu fikrning aksini tasdiqladi. Oliy taʼlim tizimidan hafsalam butunlay pir bo‘ldi va… Tizimdagi barcha xato va kamchiliklar haqida videorolik tayyorlashga qaror qildim. Mana shu video hayotimni 180 darajaga o‘zgartirdi va media olamga yo‘l ochdi.

Keyinchalik jamoamiz bilan ham ta’lim, saviya va savod masalalarini goh alohida, goh boshqa mavzulardagi ijod namunalarimizning atrofida ko‘tardik. Chunki, mening fikrimcha, O‘zbekistondagi aksariyat muammolar negizida bilimsizlik, saviyasizlik yotibdi. Agar o‘tgan davrda taʼlim sifati yaxshi bo‘lib, barcha yoshlarni qamrab olganida hozir Rossiyada minglab qorako‘zlarimiz ko‘cha supurib yurgan bo‘larmidi?! Ritorik savol.

O‘zbek xalqi qora ishchi emas!

Men bunga turli davlatlarda o‘z o‘rnini topgan yurtdoshlarimiz bilan  suhbatlashib amin bo‘ldim. Oddiy misol: yer yuzidagi barcha yangi texnologiya va innovatsiyalar markazi hisoblangan Kremniy vodiysidagi Google, Misrosoft, Amazon, eBay, Facebook kabi gigant korporatsiyalarda ko‘plab hamyurtlarimiz ishlaydi.

Eng qiziqarli tarafi, men suhbatlashgan Google muhandislari O‘zbekistonning deyarli hech kim bilmaydigan chekka-chekka qishloqlaridan chiqishgan. Lekin shunday holatdan dunyodagi top kompaniyagacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishgan. Ishonchim komil, bunday hamyurtlarimiz dunyoning istalgan nuqtasida topiladi. Agar yurtimizdagi taʼlim sifatiga eʼtibor qaratilsa, bu effekt necha barobar oshishini endi tasavvur qilavering.

O‘zimizni hurmat qilishni o‘rganishimiz kerak

Millat imijini mozaika desak, undagi har bir bo‘lak – bu bir o‘zbekistonlikdir. AQSh, Rossiya, Koreya – qayerda bo‘lishimizdan qatʼiy nazar, biz haqimizda shakllanadigan har bir fikr va taassurot millat imijiga ta’sir qilmay qolmaydi.

AQSh va Meksika chegarasi haqidagi ko‘rsatuvimizni tayyorlash jarayonida vatandoshlarimizga juda achindim. O‘z hayotini xavfga qo‘yib, o‘n minglab dollar sarflab, botqoq, tog‘lar va o‘rmon oralab uzoq yo‘l bosib o‘tib, o‘zga yurtdan boshpana so‘rash –bu qayg‘uli holat. Bir narsa esimizdan chiqmasligi kerak: chegaradan nolegal o‘tib borgan har bir o‘zbek, o‘qish yoki turistik viza bilan borib, nolegal qolib ketgan har bir hamyurtimiz, qolgan vatandoshlarimizga nisbatan ham munosabat o‘zgarishiga olib keladi.

Birgina misol: juda ko‘p o‘zbekistonlik talabalar AQShga o‘qish uchun borib, qolib ketishadi. Bu esa haqiqatdan ham o‘qish uchun bormoqchi bo‘lgan talabalar viza ololmasligiga olib keladi, chunki barchamizning pasportimizga “O‘zbek” deb yozilgan.

So‘ngso‘z

Har bir o‘zbekistonlik – bu O‘zbekiston ambassadori. Shu narsani barcha hamyurtlarimiz ich-ichlaridan his qilishlarini xohlar edim.

Global miqyosda barchamizning missiyamiz bir. “Men o‘zbekman” deb uyalib emas, balki faxrlanib aytish. “Men o‘zbekman” deganda barchaning ko‘z oldiga O‘zbekiston, uning ajoyib insonlari kelishi kerak.

Jamshidxon Ziyoxonov