10 yosh paytim kim bo‘lishim haqida so‘rashganida “kosmonavt bo‘lmoqchiman” deb javob berganman. Shunda o‘qituvchim: “unda matematikani yaxshilab o‘rganish kerak”, deb aytgan. Fanni chuqur o‘zlashtirdim, ammo orzularim o‘zgardi. 8-sinfni bitirar chog‘imda omadim kelib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida litsey ochildi, men u yerning ilk qaldirg‘ochi bo‘ldim.
Yoshligimdan anglagan eng muhim haqiqatim shu bo‘ldiki, o‘qituvchilar men uchun kerakli, o‘zim istagan barcha bilimni bera olmaydi. Ular faqat mutaxassislikka oid ilmlarni o‘rgatadi. Bu esa yetarli emas. Muloqot kompetensiyasi, kirishuvchanlik, taqdimot qilish ko‘nikmasi va boshqa shu kabi “soft skills” tajriba orqali o‘zlashtiriladi. Mukammal ilmga tinimsiz mehnat bilan erishish mumkin.
Taqdirdan qochib bo‘lmaydi. Taqdiringizda nima bitilgan bo‘lsa, u albatta sodir bo‘ladi, shunchaki uni rad etmang. Yaxshimi, yomonmi, albatta, yaxshilikka bo‘ladi. Bunga ishonaman. Agar oliy maqsadingiz bo‘lsa, unga qarab intilsangiz, boshingizga tushadigan yaxshi kunlar ham, yomon kunlar ham sizni kuchli qiladi.
Barvaqt turish qiyin, to‘g‘risini aytaman. Soat 7.00 da zo‘rg‘a uyg‘onaman. Aslida necha soat uxlashimning farqi yo‘q, kayfiyatim yaxshi bo‘lsa, ishlab ketaveraman. “Kitobida yozilganidek” tuxum, mevalar va sut mahsulotlaridan iborat sog‘lom nonushta qilaman. Shakarsiz, ikki hissa espresso ichaman.
Tabiatni juda yaxshi ko‘raman. Ko‘llarni tomosha qilish jon-u dilim. Ayniqsa, Botanika bog‘idagi ko‘l oldida vaqt o‘tkazish juda maroqli. Do‘stlar, oila a’zolarim, yaqinlarim bilan ham tabiat qo‘ynida dam olib turaman. Ammo yolg‘iz qolishni, sokinlikda dam olishni ham afzal ko‘raman.
Mehnat qilish va o‘z ustida ishlash – eng muhimi! Bilim olish ham mehnat. Ota-onam menga buni bolaligimdan uqtirishgan. Yana o‘z-o‘zini aldamaslikka o‘rganish ham muhim odat. Insonlar yolg‘on gapirishga moyil, undan ham yomoni – o‘z-o‘zini aldash va unga ishonish. Illyuziyalar bilan yashash. Yoshlikdan samimiy bo‘lishga intilish zarur.
Odamlar ishonchimni oqlamasa, birinchi navbatda o‘zimni ayblayman. Men ulardan ko‘prog‘ini kutganim uchun ular aybdor emas. Bo‘lgan ishni boricha qabul qilaman. Gina-kudrat saqlamayman. Ammo o‘sha odamning kamchiliklari haqida fikrimni albatta aytaman. Xulosa chiqarib, o‘zini o‘zgartirsa, kechirimli bo‘lib, ishlashda davom etaman.
2008-yili birinchi marta chet elga chiqdim. O‘shanda Koreyada nafaqat tahsil oldim, balki u yerda yashash tajribasi ham kaminani har jihatdan o‘zgartirdi. Sayohat qildim, dunyoqarashim kengaydi, qadriyatlarim sayqallandi. Bu menga keyinchalik shaxsiy rivojlanishim va karyeramni qurishga yordam berdi.
INHA universitetiga rektor etib tayinlangan paytimdagi va hozirgi Muzaffar – boshqa-boshqa odamlar. Shaxsiy tajribam meni yanada rivojlanishga, yangiliklar qilishga undadi.
Odamlardagi kamtarlikni juda qadrlayman.
Vaqt o‘tib yo‘qolib ketish ehtimoli katta bo‘lgan bu xislat har bir insonning xulqini bezaydi, muvaffaqiyat pillapoyalariga olib chiqadi. Lavozim va oylik daromaddan qat'i nazar inson kamtar bo‘lib qolishi lozim. Dangallikni hurmat qilaman. Ayrim an’analarimiz andisha tufayli odamning yuziga gapirmaslikka o‘rgatadi, lekin bu ikkiyuzlamachilikni rag‘batlantirib qo‘yadigandek, nazarimda. Bu yaxshi emas. Mark Tven aytganidek, haqiqatni nam sochiqni yuzga otgandek emas, paltoni uzatgandek taqdim etish kerak.

Men, avvalo, ikkiyuzlamachi, munofiq odamlarga toqat qilolmayman.
Ulardagi ichi qoralik, hasad kabi illatlarni yomon ko‘raman. Shunchaki achinaman, chunki ular havas nimaligini bilishmaydi. Dangasalikni qoralayman. Agar shu dangasalik bo‘lmaganida dunyoda muvaffaqiyatli va baxtli odamlar yana ham ko‘p bo‘lar edi.
Loyiha menejerlari, ayniqsa, ixtisoslashgan IT yo‘nalishidagi boshqaruv xodimlariga, professionallarga doim talab bor. 2030-yilga borib ayrim kasblar sun’iy ong rivojlanishi ortidan boshqa kasblarga qo‘shilishi yoki umuman yo‘qolib ketishi mumkin. Lekin, deylik, tibbiyot, shaharsozlik yoki qishloq xo‘jaligida IT mahsulot yaratish uchun dasturchilar va boshqa tomonlar bilan ishlaydigan yaxshi loyiha menejerlariga doimo talab yuqori. Ma’lumot tahlilchilar (data analysts) ham so‘nggi yillarda ommalashayotgan soha. Ularning “noni” – ma’lumotlar. Qanchalik ma’lumot ko‘paygani, tahlil va bashoratga ehtiyoj oshgani sari dolzarblik kasb etaveradi.
Afsuski, perfeksionistman. Men uchun hamma narsa joy-joyida bo‘lishi shart. Bundan yaqinlarim va hamkasblarim aziyat chekishi mumkin. O‘taketgan ishparastligim ham yaqinlarimni qiyin vaziyatga soladigan odatlarimdan biri. Ish beruvchi ko‘zi bilan qaraganda bu yaxshi. Mahsuldor ishlashim, biror vazifani tugatmagunimcha kunni kech qilishim, hatto ishxonada tunab qolishim mumkin. So‘nggi paytlarda bu odatlarimni me’yorlashtirish ustida ishlayapman, sababi o‘zim, oilam va farzandlarim tarbiyasi uchun ham vaqt ajratish zarur.
Hech narsadan afsuslanmayman. Ortga qaytib, biror xatomni tuzata olganimda, yana-da ko‘proq vaqtimni o‘z ustimda ishlashga sarflagan bo‘lar edim. Koreys tilimni yuqori darajaga olib chiqardim. Qo‘shimcha kurslarni o‘qib tugatardim. Chunki bundan o‘n yil avvalgi vaqt hozir menda yetishmayapti.
Kelajakda yashil siyosatni iqtisodiyotimizning asosiy drayveriga aylantirsak, Markaziy Osiyoda o‘zimizning “Shengen” hududimizni qursak, Jahon Savdo Tashkilotiga kirsak, dunyodagi pozitsiyamiz yanada mustahkamlanishiga ishonaman.
Tina Imamjan suhbatlashdi


