O‘zbekiston – yashirin iste’dodlar mamlakati. Men bu xulosaga Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida o‘qib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining ingliz tilidagi so‘zlashuv klublarini yuritib yurgan paytlarimda kelganman. Tasavvur qiling-a, yuzlab yoshlar ingliz tili bo‘yicha so‘zlashuv klubi yig‘ilishlariga 1-2 yil davomida kelib, tilni mukammal o‘rganib, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi universitetlarga kirishar edi. Bunday natijadorlikni kattaroq ko‘lamda qo‘llab-quvvatlash uchun o‘quv markazlari ochdim. Keyin aynan tadbirkorligim sabab bo‘lib, hukumatga kirib keldim.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari bo‘lganimda o‘zim ishlayotgan vazirlikda ham, umuman, barcha davlat tashkilotlarida tengdoshlarim – yosh kadrlar ko‘payishini juda xohlardim. Faoliyatim davomida o‘nlab noyob iste’dod sohiblari, bilimli va kompetent tengdoshlarim, aka-uka, opa-singillarimni uchratdim. Quyida ulardan kichik qisminigina keltiraman. Ular ichida xorijda o‘qib, ishlab qaytganlar ko‘p, ammo barchasini ham shubhasiz jahon toifasidagi mutaxassis desa arziydi.

Alisher Sa’dullayev — Uzbekistan’s Club

Rustam Qoriyev, ingliz tili o‘qituvchisi, 33 yoshda.

“Ibrat Academy” mobil ilovasi prodakt menejeri, professional ingliz tili o‘qituvchisi, Kembrij universitetining nufuzli CELTA sertifikati sohibi. U Malayziyaning SEGI universiteti kurslari hamda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida tahsil olgan. Jonkuyar pedagog oflaynda ko‘plab shogirdlar tayyorlash bilan birgalikda Youtube’dagi “Ibrat farzandlari” sahifasida “Ingliz tilini noldan o‘rganish” mavzusida 200 ga yaqin videodarslar tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi.

Sirojiddin Olimov, ta’lim menejmenti bo‘yicha mutaxassis, 29 yoshda.

Sirojiddin Shotlandiyaning Edinburg Universitetida ta’lim menejmenti bo‘yicha magistratura  bosqichini “El-yurt umidi” jamg‘armasining granti asosida o‘qib qaytgan. U “Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash”, “Prezident besh tashabbusi” loyihalarida, O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasida ofis menejerlik qilgan. Bugun “Ibrat Camp” oromgohlari doirasida 3000 ga yaqin yoshlarni jahonning top 100 ta universitetiga kirish uchun amaliy tayyorlashga hissa qo‘shyapti.

Fazliddin Bahromov, loyihalar boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis, 32 yoshda.

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda Vebster universitetining bakalavr, magistratura diplomlariga ega. Fazliddin Bahromov hozirda hukumat qoshidagi “Delivery Unit”ning loyihalar menejeri. U talabalik yillaridan boshlab tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, Buyuk Britaniya yuridik firmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan, xususiy klinika va optikalar ochgan. 2017-yildan buyon xususiy sektorda to‘plagan tajribasi asosida davlat xizmatida turli lavozimlarda ishlab kelmoqda. 2023-yilgacha Yoshlar ishlari agentligining innovatsiya boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Saida Rashidova, o‘zbek tili o‘qituvchisi, bolalar va onalar kitobxonligi targ‘ibotchisi, 38 yoshda.

Saida Rashidova tinimsiz bilim olish va o‘z ustida ishlash bo‘yicha shaxsiy namunasi egasi. U 15 yoshidan ijtimoiy loyihalarda ko‘ngilli sifatida qatnashib, rus, ingliz va nemis tillarini o‘rgangan. 10 yildan ko‘proq vaqtdan buyon professional pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi. 2021-yilda o‘zining “Do‘pka voqeasi” bolalar ertak kitobi bilan “Tahsin” mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Hozirda “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida o‘zbek tili bo‘yicha yuzlab videodarslari vatandoshlarimiz va yurtimiz mehmonlari e’tiboriga havola etmoqda.

Orian Mehroj Rashidov, yosh tadbirkorlikni rivojlantirish faoli, 28 yoshda. O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi va Yosh tadbirkor universiteti rahbarligida yoshlar orasida startap madaniyati, ishbilarmonlik ekotizimini rivojlantiradigan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. U, shuningdek, Markaziy Osiyo sun’iy intellekt uyushmasi raisi o‘rinbosari va “Unicorns” venchur fondi asoschisi hamdir.

Ulug‘bek Ismatov, media professional, ijtimoiy loyihalar muallifi, 30 yoshda.

Zamonaviy media, tadbirkorlik va ijtimoiy loyihalarga qiziqishi katta bo‘lgan Ulug‘bek Ismatov Toshkent axborot texnologiyalar universitetini bitirgan. “Be Creative Media” va “INTV” loyihalari bilan talabalar orasida tanilgan. Loyihalar Boshqaruvi Markazi (MPMG) rahbari bo‘lmish serg‘ayrat lider o‘z portfoliosini “Marketing.uz”, “Design Club”, “Tezyoz.uz”, “Modul 5”, “Chegarasiz”, “Youtube Uzbekistan”, “Ustoz.org”, “Startup Market”, “Keys”, “AI COM” kabi loyiha va platformalar bilan to‘ldirgan.

Nilufar Ahmedova, inklyuziv ta’lim mutaxassisi, para-suzish bo‘yicha chempion, 24 yoshda.

Nilufar para-suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempioni. U Yoshlar ishlari agentligining Xorazm bo‘limida inklyuziv ta’lim bo‘yicha to‘garakka rahbarlik qiladi. Urganch davlat universiteti pedagogika fakultetini tamomlagan.

Miyassar Dauletbayeva, yosh xonanda, 17 yoshda.

Maktab partalarini tark etmay turib, katta sahnalarga talpingan, intiluvchan, xushovoz xonanda. Iste’dodli qoraqalpoq qiz “The Cover Up Kids” loyihasi orqali mamlakat bo‘ylab shuhrat qozongan. “Tahsin” mukofotiga loyiq topilgan, Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida Prezident tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yoshlar ovozi” respublika festivalida sovrindor bo‘lgan.

Islom Oxunov, xalqaro munosabatlar bilimdoni, milliy ekspert, 29 yoshda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda BMTning O‘zbekistondagi turli agentliklari vakolatxonalarida faoliyat yuritgan. Islom Oxunov Markaziy Osiyo yoshlar forumi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida IV Yosh liderlar forumi ishtirokchisi, Buxoroga Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) doirasida “Unicorns” startap tanlovi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) doirasida Toshkent shahriga MDHning yoshlar poytaxti maqomini berish kabi tashabbuslarni amalga oshirgan.

Shahzod Bahodirov, tadbirkor.

Minglab yoshlar ilmiga poydevor bo‘lgan maskanlar asoschisi. Uning  “Thompson school” o‘quv markazini tamomlangan 1100 nafar yoshlar O‘zbekiston va dunyoning rivojlangan mamlakatlarida nufuzli oliy o‘quv yurtlarining talabasiga aylanishgan.