Parij forumida dunyoning turli burchaklarida katta muvaffaqiyatga erishib, jahon toifasidagi professionallarga aylangan 200dan ortiq vatandoshlarimiz, O‘zbekistondan tashrif buyurgan kreativ va media sanoatining yetakchi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik. Generating Ideas xalqaro forumining maqsadi – xorijda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida global netvorking maydonini yaratish, O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarda fikr almashishdan iborat. Shu maqsadda forum davomida inson kapitalini rivojlantirish, ekologiya va yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va kreativ sohalar kabi mavzularda muhokamalar paneli bo‘lib o‘tdi.
Forumda “O‘zbekistonlik” filmining uchinchi qismi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi filmning navbatdagi epizodida Strasburg filarmoniya orkestri badiiy rahbari va dirijyori Aziz Shohakimov va Shell kompaniyasi IT-arxitektori Madina Berdiyevaning hikoyalari namoyish etildi.
Forumning eng asosiy mavzularidan biri Orolbo‘yi mintaqasi muammolari va tobora yo‘qolib borayotgan Orol dengizi haqida bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Aral Dream nodavlat notijorat tashkiloti jamoasi tomonidan tayyorlangan Orolbo‘yi muammolari girdobida yashayotgan qoraqalpog‘istonliklarga bag‘ishlangan “Tuz ichidagi ayol” turkum loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha qoraqalpog‘istonlik ayollar portreti, qisqa metrajli film va Orol dengizidan ilhomlanib tayyorlangan modalar ko‘rgazmasini o‘z ichiga oladi. “Tuz ichidagi ayol” loyihasining maqsadi iqlim o‘zgarishi va uning Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi ayollar hayotiga ta’siriga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb qilishdan iborat.
Tadbir davomida, shuningdek, forum mehmonlari uchun Uzbekistan’s club platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida yaratilgan global platformaning maqsadi ushbu maydonni o‘zbekistonliklarning aqliy salohiyati xabiga aylantirishdan iborat. Taqdimotda xorijda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar endi uzbekistans.club sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni qoldirish orqali Uzbekistan’s club jamoasiga qo‘shilishi mumkinligi ma’lum qilindi.
Tomoshabinlar “O‘zbekistonlik” filmining rasmiy saundtrekini repper Konsta tomonidan jonli ijroda kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Uzbekistan’s club jamoasi xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz haqida yanada ko‘proq hikoyalar berish, yanada kengroq auditoriyaga bu haqda yetkazish shuningdek, yangi trendlar yaratish maqsadida yangi jurnal yaratishga qaror qildi. Uzbekistan’s club jurnalining ilk soni navbatdagi «O‘zbekistonlik. Generating Ideas» forumida o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etiladi.
Forum hamkorlaridan biri Pepsi savdo belgisi bilan birgalikda kulinar shou taqdim etilgan boʻlsa, forumni tashkil etishda katta ko‘mak bergan, qadriyatlari biz bilan o‘xshash bo‘lgan yirik kompaniyalar: Orient Group, Uzbekistan Airways, Pepsi, ANORBANK va Ucell rahbariyatining murojaatlari taqdim etildi. Ular nima sababdan mana shu loyihada Uzbekistan’s club jamoasi bilan birga ekanliklari haqida so‘zlab berdi.
Navbatdagi O‘zbekistonlik. Generating Ideas xalqaro forum kuzda dunyoning yirik poytaxtlaridan birida bo‘lib o‘tadi. Loyiha ijodiy jamoasi bu yil ham filmning yangi epizodlarini suratga olish va premyera qilishni rejalashtirgan.



