Euronews kanalida Kann kinofestivalida qatnashayotgan O'zbekiston milliy paviloni faoliyatiga bag'ishlangan bir daqiqalik sujetlar namoyish etildi. Ushbu kampaniyaning maqsadi – O‘zbekistonning yangi imijiga e’tiborni jalb qilish, turizmni rivojlantirish va obro‘sini oshirish, O‘zbekistonning xorijda zamonaviy, intellektual va raqobatbardosh mamlakat sifatida namoyon bo‘lishida ko‘maklashishdan iborat.
 

“O‘zbekiston uchinchi bor Kann festivalida ishtirok etmoqda. Ushbu davlat kinemotograflar uchun o‘zining antiqa qishloq va shaharlari, peyzajlari hamda qiziqarli nuqtalari bilan yangi joylardan biriga aylanmoqda. Hozirda O‘zbekiston o'z turizm salohiyatini yanada rivojlantirishni bosh maqsadlaridan deb bilmoqda. U yerda ishlangan kino va ko’rsatuvlar davlatning nomini tanitishda yordam bermoqda. Festival davomida pavilonda “Aral Dream” va “O‘zbekistonlik” platformalarining taqdimoti ham bo'lib o'tdi”, – deyiladi Euronews reportajida.

Reportajda nomi zikr etilgan “Aral Dream” platformasining maqsadi insoniyat tarixidagi eng yirik atrof-muhit talofatlaridan biri bo’lgan Orol dengizining qurishi va uning o‘sha hududdagi aholi uchun zararlari haqida iloji boricha ko‘proq insonlarga axborot berish hisoblanadi.

“O‘zbekistonlik” platformasi esa hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish, orzulariga erishish maqsadida xorijga ketib, muvaffaqiyatga erishgan yurtdoshlarimiz haqida. Ular boshqa davlatda, notanish odamlar orasida yashash qiyinchiliklari, vatan va yaqinlar sog‘inchi haqida hikoya qilishadi. Filmda turli tabiat va tashqi ko‘rinishga ega, ammo maqsadlari o‘xshash insonlarning taqdiri haqqoniy aks ettirilgan.