TOSHKENT, 6-aprel – Uzbekistan’s club global diasporamiz vakillarini birlashtirish va ular orasida o‘zaro fikr hamda tajriba almashishni rag‘batlantirishga qaratilgan onlayn platformani (uzbekistans.club) ishga tushirdi. Unda klub haqidagi batafsil ma’lumot hamda yangiliklar, shuningdek, jamoatchilikka mashhur “O‘zbekistonlik” xalqaro yuqori sifatli ta’sirchan kontent loyihalarining yangi mahsulotlari ulashiladi. Undan tashqari, u klubimizga resident sifatida qo‘shilgan vatandoshlar haqidagi muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Xorijda o‘qiyotgan, ishlayotgan yoki yashayotgan har qanday o‘zbekistonlik bizning xalqaro loyihalarimiz hamda madaniy, grastronomik yoki netvorking iventlarimizda ishtirok etishga xayrixoh bo‘lar ekan, u resident bo‘lish uchun ariza topshirishi mumkin. Ariza quyidagi link orqali topshiriladi:
https://uzbekistans.club/become-a-resident
Butun internet sarhadlari bo‘ylab ziyolilar, siyosatchilar, mashhur insonlar va yoshlar tomonidan ulashilib, o‘n minglab foydalanuvchilarga yetib borgan maxsus promo rolik orqali platforma ishga tushirilgach, ikki kundan kamroq vaqt ichida maxsus anketani to‘ldirish orqali Shimoliy Amerika, Yevropa, Fors Ko‘rfazi, Osiyo va Tinch Okeani mintaqalaridan jami 100dan ortiq nomzodlar klub rezidenti bo‘lish istagini bildirganlar.
Ularning deyarli uchdan biri dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan yoki izlanishlar olib borayotgan yoshlarga to‘g‘ri keladi. Rezident bo‘lish istagidagi o‘zbekistonliklar safida Mercedes Benz, Hewlett Packard (HP), Bank of America, New York Times, Amazon, Meta, InterContinental Hotels Group, Allianz hamda "katta to‘rtlik" deb guruhlanadigan yirik global auditorlik kompaniyalarda ishlaydiganlar ham bor.
Uzbekistan’s club ushbu platformani dunyo bo‘ylab yuz minglab hamyurtlar uchun aqliy salohiyat xabi va integratsion maydonga aylantirishni maqsad qilgan. Ushbu maydonda siz vatandoshlarni yashayotgan shahri, ishlayotgan sohasi va kompaniyasi kabi filtrlar orqali izlashingiz mumkin, zero o‘zaro manfaatli munosabatlarni boshlash uchun bu imkoniyatga katta zarurat bor.


