2022-yilning 18-22-may kunlari 75-Kann kinofestivalida O‘zbekiston milliy pavilon bilan ishtirok etdi. Besh kunlik ish davomida O‘zbekiston delegatsiyasi turli mamlakatlardan yuzdan ortiq mehmonlar: rejissyor, prodyuser, televideniye va kino sanoati olami ekspertlari va yulduzlarini o‘z pavilonida qabul qildi. O‘zbekiston milliy paviloni O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Milliy pavilon kunlarida “Uzbekistanʼs club” global motivatsion platformasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Uning loyihalaridan biri 2022-yil mart oyida ekranlarga chiqqan va ommaviy axborot vositalari va keng tomoshabinlar orasida ko‘plab qiziqishlarga sabab bo‘lgan “O‘zbekistonlik” filmidir. Bundan tashqari, yangi “Aral Dream” loyihasi yordamida Orolbo‘yining ekologik muammolariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Milliy stend ishi davomida O‘zbekistonning jahon kino sanoati mutaxassislari bilan hamkorligi, Yevropa kinematografiyasi vakillari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi va memorandumlar imzolandi.

Festival doirasida mediakompaniyalar va rejissyorlar bilan kelishuvlarga erishildi, xususan, London Focus Film Fair tijorat direktori Klara Li bilan memorandum imzolandi, shuningdek, britaniyalik prodyuser va rejissyorlarni O‘zbekistonda suratga olish ishlariga jalb etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish rejalashtirildi. Shu bilan birga, Milliy PR-markazi va Yevropa jurnalistlar uyushmasi yetakchilaridan biri Dirk Vanderijken o‘rtasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Assotsiatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurishga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, Yevropaning yetakchi davlatlari jurnalistlari amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish, mamlakatimizning turizm salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekistonga press-turlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Kanada va eronlik rejissyor Mustafo Keshvariy bilan Umar Xayyom haqidagi filmni O‘zbekistonda suratga olish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Rejissyor iyul oyida Buxoro va Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, joylarni tanlashi, filmning o‘zi esa joriy yilning sentabr oyida suratga olinishi rejalashtirildi.
Taniqli “Ameli” filmi muharriri Erve Shnaydning O‘zbekistonga bo‘lgan hurmati va O‘zbekistonga imkon qadar ko‘proq xorijiy suratga olish guruhi tashrif buyurishini istashini bildirdi. Kino sanoatining yana bir nufuzli mutaxassisi – Shveysariya festivali vakili Adolfo Edoardo Bader O‘zbekistonning jangovar filmlar namoyishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.


