2022-yilning birinchi oktabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonlik” xalqaro forumi doirasida “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premerasi namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev g‘oya muallifi sifatida forum qatnashchilari qarshisida videomurojaat orqali so‘zga chiqdi.
Rejissyor Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan filmda ikki nafar vatandoshimiz bosib o‘tgan murakkab yo‘l va ular erishgan yutuqlar haqida so‘z boradi. Ulardan biri – Dmitriy Bogdanov. Dastlab Toshkentda, keyin esa Berlinda o‘qishni tamomlagan. Xorij ta’lim muassasasida u fazoviy texnologiyalar yo‘nalishini tanlagan va bu qaror uning hayotida hal qiluvchi bo‘lgan. Bugun hamyurtimiz dunyoga mashhur milliarder Ilon Maksning “Space X” kompaniyasi uchun sun’iy yo‘ldoshlarni yetkazib beruvchi “Exolaunch” kompaniyasi asoschisidir.
Navoiylik Mushtariy Sharifovaning hikoyasi tomoshabinlarni befarq qoldirmasligi aniq. 2015-yilda xorijda ta’lim olish uchun O‘zbekistonni tark etgan. Singapur menejmentni rivojlantirish universitetida, shuningdek, Yevropadagi amaliy fanlar universiteti (University of Europe for Applied Sciences)da biznes va menejment yo‘nalishida tahsil olgan. “Shuhrat” medali laureati. Tesla kompaniyasida analitik bo‘lib ishlaydi. Mushtariy Tesla kompaniyasiga ishga kirgan ilk o‘zbekistonlik qiz bo‘ldi.


