2022 yilning 14-mart kuni Yoshlar ishlari agentligida "O'zbekistonlik" filmining birinchi epizodi yopiq namoyishi bo'lib o'tdi. Unda jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.  

“O‘zbekistonlik” filmi hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish, orzulariga erishish maqsadida xorijga ketib, muvaffaqiyatga erishgan yurtdoshlarimiz haqida. Ular boshqa davlatda, notanish odamlar orasida yashash qiyinchiliklari, vatan va yaqinlar sog‘inchi haqida hikoya qilishadi. Filmda turli tabiat va tashqi ko‘rinishga ega, ammo maqsadlari o‘xshash insonlarning taqdiri haqqoniy aks ettirilgan.
 

O'zbekistonlik | Episode 1

Filmning birinchi epizodida to’rt nafar qahramon – har qanday qiyinchilikka qaramay xorijda muvaffaqiyatli hayot kechirayotgan vatandoshlarimiz tarixi yoritilgan.

Ulardan biri Asqarali Karimov 1978-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Asqarali Karimov texnika fanlari doktori, muhandis. 20 yildan beri AQShning Texas shtatida yashaydi, hozirda Templ shahridagi yirik injenerlik konsalting kompaniyasida suv xo‘jaligini loyihalash direktori bo‘lib ishlaydi. Keyingi qahramonimiz Dilshoda Ergasheva 1986-yil Toshkentda tug’ilgan. Dilshoda bakalavr va magistr diplomlarini Garvard universitetidan qabul qilgan. Bugungi kunda АQShdagi Wellington Management investitsion kompaniyasida sarmoya strategiyasi tahlilchisi sifatida faoliyat olib boradi.

Bobir Akilxanov 1983-yil Toshkentda tavallud topgan. IT texnologiyalari bo’yicha Missed.com, Blockcrunch.com, Plov.com hamda Bobir Akilkhanov Tech Academy kompaniyalari asoschisi. To’rtinchi qahramon Madina Israilova 1991-yil Toshkentda tug’ilgan. Hozirda Shveysariyaning UBS yirik moliyaviy holdingiga qarashli UBS USA bankida sanksiyalar bo’yicha direktor.

“Agar O‘zbekistondan kuchli dasturchilar chiqib kelsa, kuchli kompaniyalar kelib chiqadi. Вu paxtadan ham, tilladan ham ko‘proq eksport bo‘la oladi”, – deydi birinchi epizod qahramonlaridan biri Bobir Akilxanov.

Birinchi epizod rejissyorlari Jahongir Ahmedov hamda Muxlisa Azizova filmni suratga olishda duch kelingan qiyinchiliklaru qiziq voqealar haqida o'rtoqlashdi. Namoyishdan so'ng tomoshabinlar film haqida o'z fikrlarini bildirdi.