Samarqand – Global Intellekt Markazi: “O‘zgarayotgan dunyoda inson kapitalini shakllantirish” forumining strategik tahlili
Qadimiy va navqiron Samarqand shahri yana bir bor global miqyosdagi muhim intellektual muloqot maydoniga aylandi. Joriy yilning 29–30-oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “O‘zgarayotgan dunyoda inson kapitalini shakllantirish” mavzusidagi “Global Talent Forum” xalqaro forumi mamlakatimiz kelajagi uchun muhim strategik qadam bo‘ldi.
Yangi davr chaqirig‘i: Inson kapitali va kelajak ko‘nikmalari
Bugungi kunda texnologik o‘zgarishlar, sun’iy intellektning jadallashuvi, raqamlashtirish va energetik o‘tish jarayonlari mehnat bozorining mazmunini tubdan o‘zgartirmoqda. Mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar kundan-kunga yangilanib, zamonaviy dunyo ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga yangicha yondashuvlarni joriy etishni talab qilmoqda.
Jahon iqtisodiy forumining “Future of Jobs Report 2025” hisobotiga ko‘ra, 2030-yilga borib bugungi kunda qo‘llanilayotgan kasbiy ko‘nikmalarning o‘rtacha 39 foizi o‘zgarishi yoki eskirishi mumkin. Texnologik kompetensiyalar bilan bir qatorda tahliliy fikrlash, moslashuvchanlik va umrbod ta’lim olish (lifelong learning) qobiliyatining ahamiyati ham jadal ortib bormoqda.
Global hamkorlik va Samarqand muloqoti
Nufuzli xalqaro tadbir AQSh, Turkiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Malayziya, Singapur, Germaniya, Yaponiya va Ozarbayjon kabi 15 tadan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari, ta’lim muassasalari va stipendiya dasturlari vakillarini bir joyga jamladi. Uchrashuvning asosiy masalasi xalqaro ta’lim, ilmiy aloqalar va kasbiy tajribani iqtisodiyot hamda jamiyat uchun amaliy natijalarga qanday aylantirish masalasiga qaratildi.
O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish sohasiga alohida urg‘u berib kelayotgan “Uzbekistan’s Club” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti ushbu forumga strategik hamkor sifatida o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy banki bosh hamkor, MKBANK, “Xalq banki” AT, “Agrobank” ATB forum hamkorlari sifatida qatnashdilar. “Uzbekistan Airways” AJ va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti ham tadbirning muvaffaqiyatiga munosib ulush qo‘shdi.
Prezident islohotlari va ta’lim tizimidagi transformatsiya
O‘zbekiston uchun ushbu xalqaro kun tartibi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan bevosita bog‘liqdir. Ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, uning sifatini oshirish, ilm-fan aloqalarini mustahkamlash va yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish vazifalari bilan uzviylikda olib borilmoqda. Xususan, so‘nggi sakkiz yil ichida oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 44 foizga oshdi.
Joriy yilning oktyabr oyida davlat rahbari ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik, o‘quv dasturlarining mehnat bozori talablariga mosligi va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish muhimligini alohida ta’kidladi.
Amaliy ehtiyojlar va ustuvor yo‘nalishlar
Bugungi kundagi asosiy amaliy vazifa – ta’lim investitsiyalarini milliy ustuvor yo‘nalishlar bilan bog‘lashdan iborat:
- Yangi ishlab chiqarish quvvatlariga – muhandis va texnologlar;
- Raqamli iqtisodiyotga – ma’lumotlar bilan ishlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar;
- Qishloq xo‘jaligiga – suvni tejash va biotexnologiyalar sohasidagi zamonaviy yechimlar zarur.
Sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvida ham mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda xalqaro tajribani joriy eta oladigan yetuk kadrlar talab etiladi.
Stipendiyalar va “El-yurt umidi” jamg‘armasining hissasi
Forum doirasidagi alohida panel sessiyalarida stipendiyalar mamlakat raqobatbardoshligiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoya sifatida ko‘rib chiqildi.
Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2025–2026-yillarda o‘tkazilgan uchta ochiq tanlov yakunlariga ko‘ra, 500 nafarga yaqin yoshlar Prezident stipendiyasi sohibiga aylandi. Quvonarlisi, g‘oliblarning 80 foizi dunyoning yetakchi yuztalik (Top-100) universitetlariga o‘qishga qabul qilingan.
Tadbirda IHTT, Turkiya Oliy ta’lim kengashi, Xalqaro ta’lim instituti (IIE), “Bolaşaq” dasturi, DAAD (Germaniya), British Council, JICA va EducationUSA vakillari ishtirok etib, kadrlar tayyorlash va xalqaro akademik hamkorlik modellarini muhokama qilishdi.
“Samarkand Tea Time” va amaliy muloqot
Forumning ikkinchi kuni, 30-oktyabrda jamg‘arma bitiruvchilarining an’anaviy uchrashuvlaridan biri — “Samarkand Tea Time” bo‘lib o‘tdi. U xalqaro munozarani stipendiatlarning shaxsiy tajribasi, kasbiy faoliyat hikoyalari va tashabbuslari bilan boyitdi. Shuningdek, tadbir doirasida ish beruvchilar, banklar, vazirlik va idoralarning HR-xizmatlari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar tashkil etilib, “GRANDPHARM” hamda “MEROS PHARM” kompaniyalari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar.
Tarixan madaniyatlar va ilmiy an’analarni birlashtirib kelgan Samarqand shahri bilim sifati va uni amalda qo‘llay olish qobiliyati mamlakatning rivojlanish imkoniyatlarini belgilab beradigan yirik global intellektual maydonga aylanganini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.


