Ko‘plab vatandoshlarimizning qalbidan joy olishga ulgurgan "O‘zbekistonlik" filmining navbatdagi qismini suratga olish ishlari yakunlandi. Uzbekistan’s club jamoasi bu safar Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi ikki vatandoshimizning aql bovar qilmas hayot yo‘li haqidagi hikoyasini suratga oldi. 

To‘rtinchi epizodning ilk qahramoni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan toshkentlik yurtdoshimiz – Kamola Mahmudova. 

Ikkinchi qaharmonimiz esa buxorolik, hozirda Kembrij universiteti biologiya fanlari doktori – Temur Yunusovdir. 

Ikkala qahramonimiz ham hayotda muvaffaqiyatlarga erishgunga qadar juda ham ko‘p sinovlarni boshidan o‘tkazgan. Filmda ularning aynan hozirgi darajasiga chiqquncha bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘li haqida aynan ularning o‘zlari bir boshdan hikoya qilib beradi va ishontirib ayta olamizki, bu hikoyalar tomoshabinlarimiz uchun juda qiziq bo‘ladi. 

Yoshlarimizga motivatsiya vazifasini bajara oladigan to‘rtinchi epizod London shahrida muvaffaqiyatli tarzda suratga olindi. Filmning premyerasi kuz faslida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.